ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

ASOSIY MЕZON – ADOLAT


29.01.2026

Yil davomida shundoq ham ziyorat qiluvchilarning qadami uzilmaydigan – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmua sahni 30 yanvar – Birinchi Prezident tavallud kuni arafasida, ayniqsa, tashrif buyuruvchilar bilan yanada gavjum bo‘ladi. O‘zi va oila a’zolari bilan, guruh yoki delegatsiya bo‘lib keladigan mehmonlar Mustaqilligimiz asoschisini xotirlab, uning hayoti va faoliyati bilan yaqinroq tanishish niyatida bo‘lishadi.
Kuni kecha kuzatilgan delegatsiyalardan biri – O‘zbekiston Respublikasi Odil Sudlov akademiyasi tinglovchilari va professor-o‘qituvchilaridan iborat bo‘ldi. Mamlakat Prezidentining 2025 yil 21 avgustdagi Farmoni bilan, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida tashkil etilgan akademiya zimmasiga – sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash bilan birga, unda tahsil olayotgan tinglovchi va talabalarning yuksak ma’naviy-axloqiy salohiyatini shakllantirish vazifasi ham yuklatilgan.


Bunda esa, shak-shubhasiz, davlatimizning eng yangi tarixi – mustaqillik davrini chuqur anglab yetish, inchunun, uning oson bo‘lmagan dastlabki yillaridagi Birinchi Prezident tomonidan amalga oshirilgan olamshumul islohotlarni tugal his etish muhim o‘rin tutadi.
Bo‘lg‘usi adolat posbonlari va ularning ustozlari majmuaning “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida bo‘lib, Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari bilan tanishishdi.
Mehmonlar Islom Karimov nomidagi kutubxonada jahon miqyosidagi tarixiy shaxslar dastxatlari bitilgan noyob asarlar, qolaversa, 50 mingdan ortiq kitob va 30 mingdan ortiq jurnallardan iborat fondga ega ziyo maskani bilan yaqindan tanishishdi.
Majmua rahbari Temur Shirinov mehmonlarni qutlarkan, jamiyatdagi uchta asosiy hokimiyat tizimidan biri bo‘lmish sud hokimiyatining asosiy mezoni – adolat ekani mutlaq inkor qilib bo‘lmas haqiqatligini, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning esa hayotiy mezoni ham, buyuk bobomiz Amir Temurdan meros qilib olgan shiori ham aynan adolat bo‘lganini, shu bois bo‘lg‘usi adolat posbonlarining bu maskandagi tanishuvi ham mutlaqo tasodif emasligi haqida fikr yuritdi.
Muloqot yakunida mehmonlar majmuaga tashakkurnoma taqdim etishdi, o‘z navbatida ularga Islom Karimov kitoblari va uning faoliyati aks etgan nashrlar tuhfa qilindi.

T.Qurbonboyev fotosuratlari