ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

AEROPORTDAN TO‘G‘RI YODGORLIK MAJMUASIGA


22.08.2025

O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan bu galgi delegatsiya a’zolari aeroportdan to‘g‘ri Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomon yo‘l oldi. Gap shundaki, Xitoy Siyosiy maslahat kengashining Shensi provinsiyasi Fupi shahri vakillari bo‘lmish bir guruh deputatlar mamlakatimiz bilan tanishuvni aynan shu maskandan boshlashga qaror qilishdi.

Mehmonlar ta’kidlaganidek, qadim tamaddunlarga ega ikki yurt o‘rtasidagi tarixiy, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar qayta tiklanuvida tashabbuskor bo‘lgan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasini – Chin yurtida yuksak qadrlashadi. Buyuk shaxsning bu xizmatlari haqidagi – mehmonlar tilidan yanglagan shu kabi e’tiroflar Islom Karimov haykali oldidanoq boshlandi.

Shundan so‘ng xitoylik parlamentariylar “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi bilan tanishishdi. Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga oid badiiy portretlar, haykaltaroshlik va fotosuratlar jam bo‘lgan galereyada O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan alohida stend namoyish etilgan bo‘lib, unda Islom Karimov va Si Szinpinning o‘zaro davlatlararo tashriflari xronikasi aks etgan.

Birinchi Prezidentning o‘tgan asr 90-yillari boshida xorijiy, jumladan, Xitoy delegatsiyalari rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazgan, diplomatik missiyalar rahbarlaridan ishonch yorliqlarini qabul qilgan tarixiy bino – sobiq Qabullar uyida joylashgan Islom Karimov kutubxonasi faoliyati ham mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi. Kutubxona mudiri Dilorom Shukurovaning keng ma’lumotlarni qamrab olgan tanishtiruvi tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Islom Karimovning 1996 yilda Xitoyda nashr etilgan “O‘zbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida” asari, shuningdek, XXR rahbari Si Szinpinning “Davlat boshqaruvi to‘g‘risida”gi asari hamda “Den Syaopin” kitoblari mehmonlar uchun kutilmagan tuhfa bo‘ldi. Islom Karimovning shaxsiy kutubxonasidan o‘rin olgan bu kitoblarni esa uning rafiqasi Tatyana Karimova sovg‘a qilgan.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan majmuaning faoliyati to‘g‘risida avval ham eshitgan edik. Bilasizmi, xotirani asrab-avaylash, buyuk ishlarni davom ettirish – juda ezgu ish. Tarixdan ma’lumki, Buyuk Ipak yo‘li qadimgi Sian va Samarqand shaharlaridan boshlangan. Davlatlarimiz rahbarlarining tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishlar qayta tiklandi. Biz hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rganish va sheriklik munosabatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz. O‘zbekistonga ham shuning uchun kelganmiz. Hammamiz Si Szinpin tavallud topgan shahardanmiz. U o‘z vaqtida Islom Karimov davlat tashrifi davomida tashrif buyurgan Shensi provinsiyasida joylashgan, – dedi Xitoy parlamentariysi a’zosi Gao Long.

Mehmonlar majmua faoliyati haqida Xitoy jamoatchiligiga yanada kengroq ma’lumotlarni taqdim etish niyatida ekani, bugungi muloqotlar kelajakda –ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan maydon sari boshlab borishiga ishonch bildirishdi.

Temur Qurbonboyev fotosuratlari