ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Abadiyatga daxldor buyuk shaxslar


09.04.2019

Milodiy 1336 yil 9 aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ilgan mohir sarkarda, davlat arbobi, ilm-fan, madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay buyuk tarixiy shaxslardan biridir. Hazrat sohibqiron markazlashgan davlatga asos soldi, uni har tomonlama mustahkamlab, rivojlantirib, buyuk saltanatning hukmdori sifatida millatlar va xalqlarni birlashtirdi. Turonzamin Amir Temur davrida Buyuk Ipak yo‘lining qaynoq, gavjum, fayzli-barakali go‘shalardan biriga aylandi.

 

1403 yili Samarqandga safar qilgan Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning yozishicha, o‘sha davrda Amir Temur ko‘l ostidagi mamlakat va shaharlarning umumiy ahvoli, aholining kun kechirishi, barpo etilgan binolar: qasrlar, masjid va madrasalar, savdo rastalari va ustaxonalar; Amir Temur saroyida amalda bo‘lgan tartib – qoidalar haqida e’tiborga molik ma’lumotlar keltirilgan.

Ispan elchisining yozishicha, Amir Temur “Qaysi bir mamlakatni zabt etgan va bo‘ysundirgan bo‘lsa, ularning hammasidan odamlarni Samarqand va uning atrofidagi yerlarga joylashtirdi. Shoh har xil hunarmandlarni yig‘ishga, ayniqsa, ko‘p harakat qildi. XIV asr oxirlaridayoq qurilishda birga ishlagan mahalliy va kelgindi me’morlar, ustalar o‘rtasida o‘zaro ta’sir va o‘ziga xos ijodiy amaliy birdamlik yuzaga kelgan. XV asr boshlaridayoq umumiy badiiy maktablar shakllangan. Natijada nainki me’morchilik, naqqoshlik, o‘ymakorlik va boshqa qator hunarlarda, balki musavvirchilik, musiqa, raqs, tomosha san’atlarida ham keskin yuksalishlar yuz berdi." Buni aksar olimlar uyg‘onish davri, temuriylar renessansi deb ataydilar.

 

Sho‘ro zamonida Amir Temur boshqaruviga oid yorqin sahifalar atayin yodga olinmagan, uning faoliyati biryoqlama, noxolis tadqiq etilib, faqat uning harbiy yurishlariga urg‘u berilgan.

Mustaqillik yillarida yurtimizda tarixni yozma manbalar asosida tadqiq etishga e’tibor kuchaydi, ajdodlarimiz tomonidan uzoq o‘tmishda yaratilgan madaniy-ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish dolzarb masalalar qatoriga qo‘yildi. Ilm-fan, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning unutilgan nomlari qayta tiklandi.

 

1991 yili Islom Karimovning sa’y-harakatlari bilan tarixiy adolat qaror topib, Sohibqironning ulug‘vor siymosi bor bo‘y-basti ila namoyon bo‘ldi.

1996 yili Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan, YuNESKO shafeligida buyuk sarkarda tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlangan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Toshkentda Amir Temur haykali qad rostladi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi, xalqaro ilmiy anjuman tashkil qilindi. Qolaversa, Amir Temur hayoti va faoliyati haqida hikoya qiluvchi “Temur tuzuklari”, “Zafarnoma” kabi asarlar, maqolalar hamda boshqa nashrlar dunyo yuzini ko‘rdi. Hozirda mamlakatimizda Amir Temur nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bundan tashqari, Amir Temur ordeni ta’sis etilgan. Samarqand va Shahrisabzda Buyuk ajdodimizning haykallari o‘rnatilib, poytaxt va boshqa shaharlarning markaziy ko‘chalariga Amir Temur nomi berildi.

 

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilishi marosimida shunday degan edi: «Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak!»

Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida shunday deyiladi “… buyuk bobolarimizning ma’naviy olami xususida fikr yuritilganda, Sohibqiron Amir Temur haqida alohida to‘xtalishimiz tabiiydir. Chunki tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo‘lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o‘zidan ham amaliy, ham nazariy meros qoldirdi, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma’naviyat rivojiga keng yo‘l ochdi.”

 

1996 yili Prezident Islom Karimov rasmiy tashrif bilan, shuningdek, YuNESKO bosh qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” haftaligi doirasida tashkil etilgan ilmiy anjuman va ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Parijga borgan edi. Mazkur tadbirlar ishtirokchisi, Amir Temur nomidagi xalqaro xayriya jamg‘armasi raisi Nozim Habibullayev o‘sha voqealarni shunday xotirlaydi:

 

– Islom Abdug‘aniyevich tadbirlar boshlanishiga bir kun qolganda Fransiya poytaxtiga keldilar. U kishi Fransiya rahbariyati bilan o‘tgan rasmiy uchrashuvlar ertasiga ko‘rgazmaning ochilish marosimida qatnashdilar. Kutilmaganda ko‘rgazmaga Fransiya Prezidenti Jak Shirak tashrif buyurmoqchi ekani haqida xabar kelib qoldi. Buni qarangki, Prezident Shirak kelgan paytda ekskursovodlarni hech qayerdan topib bo‘lmadi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, hududni kutilmaganda o‘rab olgan fransuz xavfsizlik xizmati ularni zalga kiritmagan ekan. Islom Abdug‘aniyevich bu vaziyatdan zudlik bilan chiqish yo‘lini topdilar va o‘zlari yuqori martabali mehmonni ko‘rgazma zali bo‘ylab olib yurib, har bir eksponat haqida batafsil hikoya qilib berdilar. 

 

U kishi termuriylar davri tarixi haqida 40 daqiqa davomida so‘zladilar. Jak Shirak O‘zbekiston Prezidentining tarix borasidagi chuqur bilimiga tan berdi. Sal keyinroq Fransiya yetakchisi Amir Temur va Temuriylar davriga g‘oyat qiziqib qolgani, shuningdek, bu kabi holatlardan oqilona chiqib keta olish uchun O‘zbekiston rahbari kabi o‘z mamlakati tarixini chuqur o‘rganishni ko‘ngliga tukkanini e’tirof etdi.

Bu – Sohibqiron Amir Temur bobomizning shuhratini xalqaro maydonda tanitish yo‘lidagi dastlabki qadamlar edi.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar