Jahonga ne-ne betakror alloma-yu shoirlarni yetishtirib bergan xalqimiz oʼzining mashaqqatlarga toʼla tarixi davomida benazir sarkardalarni ham voyaga yetkazdi. Yurtimizni bosqinchilardan muhofaza qilish kabi olijanob maqsad yoʼlida mardonavor qoʼshinlar shakllandi. Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari jasur lashkarboshilarning nomlari minnatdor xalqimiz yuragidan abadiy joy oldi. Аyniqsa, dunyoda birinchi muntazam armiya tuzgan Sohibqiron bobomiz Аmir Temurning harbiy dahosi yaqqol koʼzga tashlanadi. Bu zotning harb ilmidagi betakror zakovati hanuzgacha jahon sarkardalari uchun saboq maktabi boʼlib kelmoqda.
“Bugun, mana shu shonli bayram kunida buyuk davlat va siyosat arbobi, Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimovning yorqin xotirasiga barchamiz yana bir bor hurmat bajo keltiramiz. Oʼtgan 25 yil davomida Qurolli Kuchlarimizni barpo etish yoʼlida qoʼlga kiritgan beqiyos yutuqlarimiz aziz Yurtboshimizning nomi bilan chambarchas bogʼliq ekanini chuqur minnatdorchilik bilan esga olamiz.
Oʼzbekiston mustaqillikka erishgan birinchi kunlarda aynan Islom Аbdugʼanievich namoyon etgan printsipial pozitsiya, siyosiy iroda va azmu shijoat tufayli milliy armiyamizga asos solindi. 1992 yil 14 yanvarda yurtimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar Oʼzbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga oʼtkazildi. Mana, 25 yildirki, ana shu tarixiy kun Qurolli Kuchlarimiz poydevori qoʼyilgan, istiqlolimiz solnomasiga oltin harflar bilan yozilgan buyuk sana sifatida bayram qilinmoqda.”
Birinchi Prezidentimiz oʼsha ogʼir yillarda “Oʼzining buyuk tarixi va ajdodlariga munosib voris boʼlgan xalqimiz mamlakat xavfsizligini taʼminlashga qodir armiyani yarata oladi”, deb katta ishonch bilan aytgan edilar.
Bugungi kunda ana shu ulkan ishonchga har tomonlama loyiq boʼlgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganini barchamiz koʼrib turibmiz.
Haqiqatan ham, tarixan qisqa muddatda mamlakatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir boʼlgan milliy armiya barpo etildi, deb gʼurur va iftixor bilan aytishga bugun barcha asoslarimiz bor.
(Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga bayram tabrigidan)
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
Oʼz hayotini Vatanni himoya qilishdek eng ulugʼ va olijanob ishga bagʼishlagan siz, azizlarni, butun xalqimizni Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etamiz.
Siz, hurmatli harbiy xizmatchilarga – askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylariga Vatanimizga sidqidildan xizmat qilishdek sharafli vazifani ado etishda mustahkam sogʼlik, ulkan zafarlar, kuch-gʼayrat, oilalaringizga esa fayz-baraka va baxt-saodat yor boʼlishini tilaymiz.
Shu bilan birga Siz aziz kitobxonlarni, Oʼzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov kutubxonasi tomonidan tayyorlangan “Mustaqilligimizning ishonchli qalqoni” mavzusidagi virtual kitoblar koʼrgazmasi bilan tanishishga taklif etamiz.
F.Kurbanbaev olgan suratlar.