Islom Abdug‘aniyevich o‘z hayoti va faoliyatining mazmuni bo‘lgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g‘oyani ilgari surdilar va bu da’vat barchamizning qalbimizdan chuqur joy oldi. U kishi “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak” degan o‘zining g‘oyasiga bir umr amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratdilar.
(O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 31 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zidan).
Mustaqil davlatimiz asoschisi
O‘zbekistonning so‘nggi 26 yilda erishgan natijalari, ko‘rsatayotgan tarixiy fenomeni, ayniqsa, xorijliklar uchun nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz 1991 yil 1 sentyabrda dunyo xaritasida mustaqil davlat sifatida paydo bo‘ldi. Sobiq sho‘ro davrida hamda istiqlol yillarida mamlakatimizga tashrif buyurgan kishi respublikada ulkan o‘zgarishlar yuz berganiga komil ishonch hosil qilishi, shubhasiz. O‘tgan yillarda shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgarib, yangi massivlar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari bunyod etildi.
Yo‘llarimizni o‘zimizning zamonaviy avtomobillarimiz egalladi. O‘zbekiston nafaqat yosh mamlakat, ayni paytda aholisining yarmidan ko‘pi navqiron avlod vakillari ekanligi bilan istiqbolli hisoblanadi.
Vatanimiz tarixiy davlatchilik an’analari va milliy qadriyatlari asosida zamonaviy davlat barpo qilish yo‘lidan dadil bormoqda. Yurtdoshlarimiz O‘zbekiston yanada yuksak marralarni zabt etishi hamda kelajakda dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan o‘rin egallashiga komil ishonch bilan qarashayapti.
Sir emas, avvallari aksariyat xorijlik mutaxassislar va jurnalistlar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, ularning biron-bir natija berishiga shubha bilan qarashardi. O‘zbekistonni “shakllanmagan davlat”, “avtoritar rejim” singari ayblovlar bilan qoralashardi. “Hammasini vaqt ko‘rsatadi”, deydi dono xalqimiz.
Vaqt o‘tishi bilan g‘animlarga xos gumonlar o‘rnini sog‘lom hamda xolis baho, munosabat egalladi. Keyinchalik xalqaro ekspertlik chiqishlarida “O‘zbekistonda, haqiqatan ham, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik hukmron”, “O‘zbekiston sobiq ittifoq mamlakatlari orasida barqaror iqtisodiyotni izchil barpo etayotgan hamda uni rivojlantirayotgan davlatdir”, “O‘zbekistonga ko‘plab davlatlar, chet el korporatsiyalari va kompaniyalari investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda”, “O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni kafolatlaydigan asosiy davlat hisoblanadi” singari xolis fikrlar baralla yangray boshladi.
Albatta, bunday o‘zgarishlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan davlatchilik nazariyasi asosida mamlakat, jamiyat hamda davlatni yangilash bo‘yicha ko‘rilgan izchil va tizimli chora-tadbirlar, xalqimizning halol hamda zahmatli mehnati o‘z natijasini bermoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, xorijiy ommaviy axborot vositalari eng muhim bir savolga xolis va to‘liq javob bermadi, bera olmaydi ham. Ya’ni O‘zbekiston tarixan juda qisqa davrda qanday qilib zamonaviy talab, tahdid hamda xatarlarga qarshi tura oladigan davlatning mustahkam asoslarini yarata oldi? Bu masala nafaqat o‘tish davridagi mamlakatlar, ayni paytda akademik doiralar uchun ham amaliy ahamiyatga ega. Chunki O‘zbekiston o‘zining noyob va bebaho tajribasi bilan bir sifat bosqichidan mutlaqo yangi — XXI asr talablariga javob beradigan yuksak sifat bosqichiga o‘tdi. Aslida, yuqoridagi savollarga Islom Karimovning ko‘p sonli chiqishlari, intervyularida javob berilgan. Zamonaviy O‘zbekistonning yuzaga kelishi mustaqillikning ilk yillaridan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” ilmiy konsepsiyasini ishlab chiqqan Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bevosita bog‘liqdir. Bu konsepsiya uchta muhim jihat, jumladan:
1) SSSRning o‘tgan asr 60-yillaridan boshlangan iqtisodiy tanazzuli sabablarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish;
2) bozor iqtisodiyoti bosqichiga o‘tgan Sharqiy Yevropaning sobiq sotsialistik mamlakatlari tajribasini o‘rganish;
3) mamlakatdagi real iqtisodiy holat, mavjud imkoniyatlar, shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy xususiyatlari hamda xalqimiz mentalitetining inobatga olishi bilan ahamiyatlidir. Islom Karimov mamlakat taraqqiyot konsepsiyasini hayotga tatbiq etishda O‘zbekistonning milliy manfaatlari, iqtisodiy va siyosiy mustaqilligini qat’iy himoya qildi. Shu bois ham barcha “o‘tish davri mamlakatlari” uchun yagona retsept sifatida qo‘llanilgan “shok terapiyasi”ni O‘zbekiston sharoitida joriy etib bo‘lmas edi.
Ulkan qurilish maydoni
Islom Karimov sifat jihatidan mutlaqo yangi davlatni barpo qilishning yaxlit konsepsiyasini hamda uni amalga oshirishning strategik yo‘llarini ishlab chiqdi.
Buyuk kelajakka ega bo‘lgan kuchli davlat – O‘zbekistonni barpo etish uchun mustaqillikning dastlabki yillaridan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni hayotga tatbiq qilishga kirishdi. Bu yo‘l iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, davlat bosh islohotchi bo‘lishi, jamiyat hayotining barcha jabhasida qonun ustuvorligi ta’minlanishi, kuchli ijtimoiy siyosat va bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o‘tish kabi tamoyillarga asoslangan.
Islom Karimov o‘sha paytlari O‘zbekistondagi vaziyat, shart-sharoitni to‘g‘ri baholagan holda, 1992 yilda yangi dunyoga kelgan go‘dak yurishni o‘rganishi uchun bir yil kerak bo‘lsa, O‘zbekiston mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘z oyog‘ida turishga hamda mustaqil harakatlanishga majbur bo‘lganini ta’kidlagan edi. Bu ham yurtimiz murakkab sharoitda bo‘lganidan dalolatdir. Bunday vaziyatda yurtdoshlarimiz millatni, xalqni buyuk maqsadlar yo‘lida ruhan birlashtiradigan liderga muhtoj edi.
Mamlakatning taraqqiyot yo‘lini belgilashda barcha – davlat, jamiyat va fuqarolar yakdillik bilan qatnashdi. Bu mushtarak maqsadlarga erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Zero, davlat bosh islohotchi sifatida maydonga chiqqan bo‘lsa, jamiyat o‘zini o‘zi boshqarish yo‘li bilan, ya’ni mahalla instituti timsolida, fuqarolar esa kelajagi o‘z qo‘lida ekanligini chuqur daxldorlik tuyg‘usi bilan anglab, keng ko‘lamli o‘zgarishlarda faol ishtirok etdi.
Pirovardida O‘zbekiston hududi, Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, ko‘p millatli xalqimiz ter to‘kayotgan “ulkan qurilish maydoni”ga aylandi. Bu o‘zgarishlar O‘zbekiston xalqi mamlakatning eng katta boyligi, asosiy bunyodkori ekanligini amalda ko‘rsatdi.
Birinchi Prezidentimiz nafaqat demokratik, balki adolatli demokratik davlat qurish g‘oyasini ilgari surdi. Bunda umume’tirof etilgan demokratik qadriyatlar bilan o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va an’analari uyg‘unlashdi. Binobarin, xalqimiz azaldan yuksak ma’naviyati, ijtimoiy adolatga, ilmga, ma’rifatga intilishi bilan ajralib turadi.
Islom Karimov amalga oshirgan davlatchilik siyosatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uchta uzviy vazifa ko‘zga yaqqol tashlanadi. Avvalambor, kichik biznesni rivojlantirish asosida raqobatdosh milliy iqtisodiyotni yaratish hamda dunyo iqtisodiy mehnat taqsimotida munosib o‘rin egallash pirovard maqsad qilib olindi.
Ayni paytda mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirish va ortga qaytmasligi kafolati bo‘lgan mulkdorlar sinfini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Va nihoyat, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga prinsipial yondashildi. Bu sa’y-harakatlar zamirida xalqimiz farovonligini ta’minlash maqsadi mujassam edi. Shuning uchun O‘zbekiston Birinchi Prezidenti mamlakatda islohotlar inson hamda uning manfaatlariga qaratilganini qayta-qayta takrorlardi.
Boy ilmiy meros
Islom Karimovning ilmiy merosi O‘zbekistonni yanada taraqqiy toptirishda o‘ziga xos kompas vazifasini bajaradi, desak, mubolag‘a emas. Birinchi Prezidentimiz asarlarini o‘qib, qayta-qayta mutolaa qilib, amin bo‘lasizki, uning davlat, jamiyat va individga nazariy qarashlarini o‘rganish mamlakat buguni hamda kelajagi uchun dolzarb ahamiyatga egadir. Boshqacha aytganda, Islom Karimovning ilmiy merosi chuqur o‘rganilishi kelajak taraqqiyoti uchun intellektual asos bo‘lib xizmat qiladi.
Uning ilmiy merosi ayni paytda Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Mintaqa mamlakatlari o‘ziga xos imkoniyatlarga, resurslarga ega bo‘lsa-da, ularni umumiy tarix, til, din, mushtarak madaniyat, urf-odatlar birlashtirib turadi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani dunyo iqtisodiyoti hamda siyosatining ajralmas qismi darajasigacha, ya’ni inson sha’niga hurmat va qonun ustuvor bo‘lgan bosqichiga olib chiqishi mumkin.
Islom Karimovning zamonaviy xalqaro vaziyat haqidagi qarashlari global miqyosdagi qator muammolarni hal etishga asos bo‘lib xizmat qilishi tabiiy.
Chunki bugun iqtisodiy va texnologik taraqqiyotga erishgan ko‘plab mamlakatlar, ochiq tan olinmoqdaki, ma’naviy tanazzulni boshidan kechirayapti, aksariyat rivojlanayotgan davlatlar qashshoqlik yoqasiga borib qolgan, dunyo hamjamiyati ijtimoiy tengsizlikdan aziyat chekayapti. Ijtimoiy hamda gumanitar fanlarni Islom Karimovning iqtisodiy, siyosiy va axloqiy qarashlari bilan boyitish hamda ularni amaliy qo‘llash maqsadida har yili Islom Karimov ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan respublika hamda xalqaro nazariy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlarini tashkil qilish yaxshi natija bergan bo‘lar edi.
Shu nuqtai nazardan, Islom Karimovning ko‘p sonli asarlarini tizimlashtirish zarur. Ulardagi fikrlar, g‘oyalar to‘liq va yaxlit falsafani o‘zida ifoda etishini anglash kerak. Masalan, iqtisodiyot, huquq, davlat falsafasi, jamiyat falsafasi aniq va ravshan o‘qiladi. Buni etika, aksilogiya (qadriyatlar falsafasi), inson huquqlari falsafasi misolida ham ko‘rish mumkin. Fan hayotimiz singari ko‘p qirrali.
Shuning uchun turli avlod hamda mamlakat vakillari bo‘lmish olimlar Islom Karimov falsafasining yangidan-yangi qirralarini kashf etishi, shubhasiz.
Milliy davlatchiligimiz tamal toshini nazariy jihatdan asoslab bergan O‘zbekiston Birinchi Prezidenti ilmiy merosini asrab-avaylash – hayotiy zarurat. Binobarin, O‘zbekiston xalqi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida ham inson manfaatlari hamma narsadan ustun bo‘lgan kuchli davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan dadil boradi. Islom Karimov tashqi siyosatda mintaqaviy xavfsizlik hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosini belgilab berdi. Yaqin va uzoq xorij davlatlari, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan do‘stona hamda manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoldi.
O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlar uchun qonun ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat qaror topgan, insonparvarlik, tinchliksevarlik va inson sha’niga hurmat oliy qadriyat sanalgan davlat hamda jamiyat namunasiga aylanishi mumkin.
Islom Karimov 20 yil burun shunday so‘zlarni aytgan edi: “Bizning o‘z kemamiz, uning yelkani, boshqariladigan ruli bor. Belgilangan yo‘l ham bor”. Vatanini sevgan kishi, xoh O‘zbekistonda yashasin, xoh xorijda, shunday ish tutishi kerakki, toki yelkan kemani doimo mamlakatimizni har tomonlama modernizatsiya qilish, tarkibiy o‘zgarishlar va demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda yurtimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash sari yo‘naltirib borsin.
Botir TURSUNOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
direktori o‘rinbosari.
Qobil XIDIROV.