ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Jasoratga yo‘g‘rilgan yillar


07.12.2017

Joriy yilning 27 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilandi.

Oddiy odamlar orasida

Birinchi Prezidentimiz har daqiqada xalqning fikrini ilg‘ashga, dardiga darmon bo‘lishga intildi. 1998 yilning iyun oyida joylardagi ahvol bilan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga safar qilganida mahalliy rahbarlar uchun g‘ayritabiiy bir hol ro‘y berdi. Endigina samolyotdan tushgan Prezident paxta paykallari yonidan o‘tgan yo‘lda ketayotib to‘xtash ishorasini qildi. Viloyat rahbarlarining boshi qotgan: axir, bu yerda to‘xtash ko‘zda tutilmagandi-ku.

Yurtboshimiz sertuproq egatlarni bosib g‘o‘zaga ishlov berayotgan dehqonlar tomon oshiqdi. Bu yerda hech kim Prezidentni kutmagan edi. Yurtboshi odamlar bilan samimiy suhbat qurganida har qachongidan yayrab ketdi.

Diydorlashuv so‘nggida dehqonlar Prezidentga lutf qilishdi:

– Dalamizga kelibsiz, endi bitta anjancha osh qilaylik.

– Rahmat, ozroq shoshib turuvdik, osh tayyor bo‘lganda boshqa gap edi... – deb javob qildi Yurtboshi.

– Kelishingizni oldindan bilmadik-da, bo‘lmasa oshni damlab qo‘yardik.

Samimiylik ufurib turgan bu mutoyibaga Prezident shunday nuqta qo‘ydi:

– Sizlarni xarajatga tushirmaylik deb, oldindan xabar qilmovdik.

Dala bo‘ylab kulgi yangradi. Bu so‘zlarni faqat xalqning oddiy hayotidan xabardor, xalqning ichidan chiqqan odamgina aytishi mumkin.

Safarning keyingi manzillarida ham Prezident oddiy odamlarning turmushi qanday kechayotganligi, qozoniga nima tushayotganligi bilan astoydil qiziqdi. Haqiqiy hayotni bilish, xalqning qalbida qat-qat yotgan orzularning ro‘yobga chiqishi, el-yurt og‘irini yengil qilishga qaratilgan farmon va qarorlar bevosita ulus hayotini anglashdan kelib chiqmaganmi?

Prezidentimiz viloyatlarda o‘tkazilgan sessiyalarda masala mohiyatini tahlil qilishda oddiy odamlar nuqtai nazaridan mulohaza yuritardi: “Yurtimizda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy sohalarda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlar, hech shubhasiz, katta ahamiyatga ega, – deydi davlatimiz rahbari viloyatlardan birida bo‘lib o‘tgan sessiyadagi nutqida. – Lekin oddiy odam bu o‘zgarishlarni kundalik turmushida, o‘z dasturxonida, yaqinlari, do‘stu birodarlarining hayoti misolida ko‘rmasa, barcha qilgan ishlarimiz behuda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Shu ma’noda, biz nimaiki qilmasak, qanday vazifada o‘tirmasak, barchamiz ana shu achchiq haqiqatning mag‘zini, ta’bir joiz bo‘lsa, to‘qqiz pulday chaqib, tushunib, anglab olishimiz kerak”.

Keling, shu o‘rinda Prezidentning oddiy odamlar davrasida kechgan voqealardan ayrimlariga e’tibor beraylik. Toshkentning Xalqlar do‘stligi maydonida Navro‘z bayrami davom etardi. Hammaning ko‘zi sahnada. O‘ng chekkada esa qo‘liga hassa tayangan otaxon tomosha qilish uchun qulayroq joy topolmay lol-hayron turardi. Ko‘ksidagi shoda-shoda jangovar nishonlari urush qatnashchisi ekanligini bildirib turibdi. Lekin hech kim bu ozor chekib turgan oqsoqolga e’tibor bermasdi.

Shu payt Prezidentimiz Islom Karimov o‘rnidan turib, to‘g‘ri u kishining qo‘lini oldi-da, minbarning o‘rtasidagi mo‘tabar otaxonlar o‘tirgan karavotga taklif qildi. Bu mehribonlikdan atrofdagilarning bahri-dili yanada ochilib ketdi. Yurtboshining e’tibori tufayli oqsoqol tomoshani ko‘rpachada o‘tirib kuzatdi.
– Menday oddiy qariyaga shunchalar mehribonlik ko‘rsatgan Prezidentimiz omon bo‘lsin, – deb duo qildi sobiq jangchi.

1993 yil 9 dekabrning tong saharida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkentning “Do‘mbirobod” mahallasida yashovchi oddiy haydovchi Farhod Mamatov xonadoniga tashrif buyurib, qutlug‘ kunda to‘y egalarini samimiy tabrikladi.

O‘ttiz ikki yildan buyon haydovchilik kasbidan baraka topib kelayotgan Farhod Mamatov uchinchi o‘g‘li Shavkatni uylantirish rejasini tuzib kelardi. 8 dekabr kuni mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi shodiyonasi nishonlangan bo‘lsa, ertasi kuni Mamatovlar xonadonida to‘y-tantana boshlandi.

— To‘yga tashrif buyurgan mehmonlar bizni qo‘shaloq bayram bilan qutlashdi, — deydi Farhod Mamatov. — Hur diyorimizning Konstitutsiyasi qabul qilingan shunday qutlug‘ ayyomda Shavkatjonning nikoh to‘yi munosabati bilan tabriklarni qabul qilib oldik. Xonadonimizning aziz mehmonlari safida Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov ham bo‘lganlari butun mahalla-ko‘yni, qarindosh-urug‘larimizni xursand qilib yubordi. Mendek oddiy haydovchining uyiga shunday mo‘tabar inson, yurtimiz otasi tashrif buyurganidan quvonchim butun olamni tutdi. Prezidentning bu odamiyligidan ulug‘ insonlar hamisha kamtar, mehnatkashga qayishadigan bo‘lishiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Islom Karimov 1989 yilda O‘zbekiston Respublikasining yangi saylangan rahbari sifatida Qoraqalpog‘istonga, Mo‘ynoqqa boradi. Orol fojiasi oqibatida ro‘y bergan og‘ir ekologik holatga qaramasdan, tug‘ilgan yeriga mehri tufayli shu zaminda sabot bilan yashayotgan Mo‘ynoq xalqining hayoti bilan atroflicha tanishadi. Vaziyatni chuqur o‘rganib, odamlar bilan suhbatlashib, qiyinchiliklarni yengish yo‘llarini mahalliy xalq bilan muhokama qiladi. Bu gaplarga guvoh bo‘lgan ovul oqsoqoli Prezident Mo‘ynoqdan ketgach, ovuldoshlariga: “Hoynahoy, bu odam qoraqalpoq bo‘luvi kerak”, – degan ekan. Nega bunday deyapsiz, deb so‘rashsa, “Qoraqalpoq bo‘lmagan odam bizning hayotimiz haqida bunchalik jon kuydirmaydi”, debdi. Shu ta’rifning o‘zi Islom Karimov portretiga munosib chizgi bo‘la oladi.

Islom Karimovning viloyatlarga safari mohiyatini, nazarimda, “oddiy odamlar orasida” degan uch so‘z aniq ifodalaydi.

Prezidentning ham davlat rahbari, ham inson sifatida mamlakatimizning har bir hududida amalga oshirilayotgan islohotlar tashabbuskori, tashkilotchisi, taqdirdoshi ekanligini nazarda tutsak, safardan ko‘zda tutilgan maqsad – qishloqda islohotlar jarayoni, oddiy odamlar turmushi bilan yanada yaqinroq tanishish ekanligi oydinlashadi.

“Yashab turgan joyidagi osoyishtalik uchun har bir rahbar, har bir fuqaro, butun jamoatchilik mas’uldir”, deydi Prezident. Ichimizdan chiqqan aqli qosirlar, qalbi majruhlar bo‘lmasa, bizni chetdan kelib hech kim yengolmaydi. Pirovardida, bu fikrni oddiy odamlarga, dehqonlarga yaqin tilda tushuntiradi: g‘alla bajarilmasa kechirish mumkin, paxta bajarilmasa kechirish mumkin, lekin tinchlikni saqlashdagi loqaydlikni kechirib bo‘lmaydi!

Darhaqiqat, tinchlik bo‘lsa, dehqon dalasiga “qo‘sh” chiqaradi, bamaylixotir urug‘ qadaydi, ro‘zg‘origa qut-baraka kiradi. Oltindek tovlanib yotgan g‘allazorlar, yam-yashil paxta paykallarida odatiy yumushlar bilan band odamlarni ko‘rgan kishi bu haqiqatga yana bir bor amin bo‘lishi, shubhasiz.

Qamashi tumani “Chim” shirkat xo‘jaligi mexanizatori Jo‘raxon Mallayev qoruvli, ishlab charchamaydigan yigit.

– Yigirma besh yildan beri mexanizator bo‘lib ishlayman, – deydi u. – Ikki yildan beri “Keys” haydayman. Jonning huzuri ekan. Kabinasi ozoda, salqingina. Radiosi sayrab turadi. Yuztalar kanali borov. Har kuni o‘n soatlab ishlayman. 30-35 gektar maydonda g‘alla o‘raman. Charchash nima, bilmayman. Shamolmi-to‘zonmi, ishlayveraman.

Jo‘raxon bu gaplarni Prezident “Keys”ga chiqib, o‘rimda ishtirok etganidan avval aytib berdi. Prezident kombayndan tushgach, Jo‘raxon Mallayev, shoirona qilib aytganda, “tulpor”ini g‘allazorning narigi chetiga haydab ketdi. Oftob nuri “Keys” kabinasining oynalarida yaraqlaydi, ko‘zni qamashtiradi, go‘yo quyosh dalada porlab turganday...

Hayot shuni ko‘rsatayaptiki, dehqonni majburlab dalaga haydash, buyruqbozlik, zo‘ravonlik qilish zamoni batamom o‘tib ketdi. Bugun endi dehqonning o‘zi dalaga chiqayapti. Islohotlar davrida erishgan eng katta yutug‘imiz – odamlarimizda o‘z kuchiga, kelajakka qat’iy ishonch paydo bo‘ldi.

Prezidentimiz iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, islohotlar jarayonini jadallashtirish xususida so‘zlaganida, ilgarilari ham ta’kidlagan uch da’vat – barcha toifadagi rahbarlar, ayniqsa, yoshlar uchun intilish, izlanish va tashabbus hayotiy maslak bo‘lishi zarurligini yangi g‘oyalar, taassurotlar bilan boyitib, yana bir bor o‘rtaga tashlagandi.

Birinchi da’vat – intilish. Har bir odam bu hayotda yaxshi yashasam, boshqalardan orqada qolmasam, deydi. Buning uchun doimiy intilish bo‘lishi lozim. Odam bir narsaga erishmoqchi bo‘lsa, belni mahkam bog‘lashi, kurashchan bo‘lishi kerak.

Ikkinchi da’vat – izlanish. Yangi hayot qurayapmiz. Maqsadimiz taraqqiy etgan mamlakatlardan kam bo‘lmaslik. Demak, avvalambor, biz ularning tajribasini o‘rganishimiz, ularni o‘zimizning boy an’analarimiz, qadriyatlarimiz bilan uzluksiz uyg‘unlashtirib borishimiz zarur.

Shonli o‘tmishimiz bilan faqat faxrlanib qolmay, yaratish, bunyodkorlik yo‘lidan borish – bu bizning maqsadimiz. Insonda oriyat bo‘lishi kerak. Kimgadir boqimanda, kimgadir mute bo‘lib yashash bizning tabiatimizga to‘g‘ri kelmaydi.

Uchinchi da’vat – tashabbus. O‘z-o‘ziga mahliyolik, ozgina yutuqlar bilan kifoyalanib qolish aqlni o‘tmaslashtirib, iymonni sustlashtirib qo‘yadi. Odam hayotdan qoniqmasligi, to‘g‘rirog‘i, hayotdan emas, o‘zidan norozilik tuyg‘usi bilan yashashi lozim: boshqalar yaxshi yashayapti, men-chi?

Tashabbus tadbirkorlik bilan barobar. Tashabbus tadbirkorlikka aylansa va qachonki ijobiy samara bersa, bu qo‘llab-quvvatlashga loyiq fazilatdir.
Darhaqiqat, yoshlik – intilish, izlanish, o‘zini namoyon etishga kuchli ishtiyoq fasli. Buni Sho‘rtan gaz-kimyo kombinati qurilishida mehnat qilayotgan yoshlar misolida ko‘rish mumkin.

Ilgari bunday inshootlar to‘g‘risida faqat orzu qilar edik, endi esa ular ro‘yobga chiqmoqda. Sizlarning ochiq chehrangizga qarab, tanlagan yo‘limiz to‘g‘ri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilish mumkin, degan edi Yo‘lboshchimiz. Birinchi Prezidentimizning oddiy odamlar bilan har bir suhbati ana shunday kuyunchaklik bilan, xalqimiz faoliyatini ulug‘lash bilan o‘tardi.

Islom Karimov oddiy odamlar orasida hamisha yayrab-yashnab ketardi. Ularning yuz-ko‘zlarida, gap-so‘zlarida o‘zi boshlagan islohotlarning samarasini ko‘rsa, ular timsolida el-ulusning roziligini sezsa, quvonchga to‘lardi. Aslida Yurtboshining kundalik faoliyati, g‘ayrat-shijoati, sa’y-harakati shu odamlarning baxtu iqboli, farovon hayotiga qaratilgandi. Shu bois oddiy odamlar o‘z taqdirlarini davlat rahbari hayotidan ayri holda tasavvur etolmasdi.

Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist