ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Tenglar ichida teng


02.03.2018

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov hukumat ichki va tashqi siyosatni to‘laqonli mustaqil ravishda amalga oshirgan taqdirdagina davlat tom ma’noda suveren bo‘lishi mumkinligini chuqur anglagan.

Shu tariqa, mustaqillikka erishgan O‘zbekistonni suveren davlat va xalqaro huquqning to‘laqonli subyekti sifatida e’tirof etilishga qaratilgan maqsadli ishlarni amalga oshirish eng muhim va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biriga aylandi.

Shu munosabat bilan Islom Abdug‘aniyevich inauguratsiya marosimi o‘tkazilishi bilan deyarli bir kundan keyin, 1992 yil 6 yanvarda O‘zbekiston Respublikasini Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risida BMT Bosh kotibi Butros Butros G‘oli nomiga bitilgan murojaatnomaga imzo chekdi. Bu esa, O‘zbekistondagi ichki va uning tashqarisidagi siyosiy vaziyat o‘ta tahlikali va juda notinch bo‘lgan sharoitda endigina Mustakillikka erishgan davlat rahbarining dastlabki va muhim siyosiy qadami bo‘ldi.

1992 yil 2 mart kuni BMT Bosh assambleyasining 82-yalpi majlisida O‘zbekistonni Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi qarordan iborat rezolutsiya qabul qilindi. Ushbu voqeaning muhimligi shundan iboratki, davlatlararo munosabatlarning vujudga kelgan zamonaviy tizimida Birlashgan Millatlar Tashkilotining u yoki bu davlatni o‘z safiga kiritish bo‘yicha ijobiy qarori o‘z navbatida boshqa davlatlar tomonidan tan olish uchun “sfetoforning yashil chirog‘i” bo‘lib xizmat qiladi.

 

Bundan tashqari, BMT barcha mamlakatlar uchun ichki masalalar va mintaqaviy muammolar, ularning yechimi bo‘yicha o‘z pozitsiyalarini bayon qilishida muhim xalqaro minbar bo‘lib qolmoqda.

Masalan, 1993 yilda BMT Bosh assambleyasining 48-sessiyasida ilk marotaba so‘zga chiqqanida Islom Karimov birinchi bo‘lib XXI asr vabosi hisoblangan terrorizmga va u bilan bevosita bog‘liq, xususan fuqarolik urushi girdobiga kirgan Afg‘oniston hududidan tarqalayotgan narkobiznesga qarshi birgalikda kurashish zarurati haqida masalani o‘rtaga qo‘ydi, shuningdek Markaziy Osiyoda “xavfsizlik kamari”ni shakllantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar taklif qildi, shu jumladan ushbu mintaqani yadro qurolidan xoli zona deb e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, o‘sha vaqtda G‘arbdagi ko‘pchilik Afg‘onistondagi mujohidlarning harakatini sovet okkupantlariga qarshi kurashuvchilar sifatida qabul qilardi. Hatto Osama bin Laden ham uzoq vaqt davomida G‘arb uchun qahramon hisoblanardi.

Islom Karimov, birinchilardan bo‘lib, BMT yuksak minbaridan turib butun dunyoga terrorizm xavfini, siyosiy manfaatlarni ko‘zlab bu illatni qurol qilib uynashishning xatarli oqibatlarini ko‘rsatib berdi.

Keyinchalik ushbu muhim tashabbuslar Markaziy Osiyo mintaqasida narkotrafikka qarshi kurash bo‘yicha mintaqaviy axborot-muvofiqlashtirish markazini tuzishda, O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy antiterror tuzilmasi kengashining (ShHT MATK) qarorgohini ochishda, shuningdek, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zonani shakllantirishda o‘z aksini topdi. 2014 yil 6 may kuni BMT ning qarorgohida Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risida shartnomaga doir xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi qo‘shimcha bayonnomaga  yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlar – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya vakillari imzo chekdi va bu masala o‘zining yakuniy yuridik yechimini topdi.

 

Umid Azizov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi

xalqaro bo‘lim mudiri