ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TASVIRIY SAN’ATDA TARIXIY SIYMO VA MILLIY XOTIRA


17.06.2026

Kamina bir guruh rassomlar bilan 1983 yil Meksikaga sayohatga borganman. Guruhimiz asosan rus millatiga mansub ijodkorlardan iborat edi. Menga “Sen rusga o‘xshamaysan, ko‘proq bizga o‘xshab ketasan, kimsan, qaerdan kelding?” degan savollarni ko‘p berishdi. “O‘zbekman, O‘zbekistondan keldim”, desam, elka qisib, bunday mamlakatni birinchi eshitishimiz, deyishgan. “Biz – o‘zbeklar xuddi sizlardek xushchaqchaq, mehnatkash, mehmondo‘st xalqmiz. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek kabi dunyo tan olgan buyuk allomalarimiz bor”, deganman o‘shanda kuyunib. Mezbonlar esa, bu allomalar to‘g‘risida eshitishgani, lekin ularni arab deb bilishlarini aytganlar...

Mustaqillik sharofati bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov o‘zbek xalqini butun dunyoga tanitdi. Endi qaerga bormaylik, men o‘zbekman, deb baralla aytishimiz mumkin.

Xalqimiz yaxshi biladi – mustaqillikka hali ikki yil to‘lmasdan, bobomiz Amir Temurga haykal o‘rnatildi. Haykalning ochilishiga butun viloyatdan yoshu qari, erkagu ayol yog‘ilib kelgan. Mo‘ysafidlar haykal ostidagi tuproqni ko‘zlariga surtib, mendan, haykal ochilgandan keyingina chinakam mustaqillikka erishganimizga ishonch hosil qilishganini Prezidentga etkazishimni so‘rashdi. Haqiqatan ham, bobomiz Amir Temurga haykal o‘rnatilishi – O‘zbekistonning mustaqilligi ramzi bo‘lib qoldi. U haykalning muallifi bo‘lish kaminaga nasib etgani esa – men uchun buyuk baxt!

Birinchi Prezident tomonidan ma’qullangan loyihada Amir Temur obrazi – g‘alaba, iroda va milliy tiklanish ramzi sifatida talqin etildi. Xususan, haykalning kompozision echimida qo‘lning yuqori ko‘tarilgan holati ramziy ma’no kasb etib, xalqqa murojaat – tinchlik, barqarorlik va mustaqillikni asrash g‘oyasini ifoda etadi. Islom Karimov Toshkentdagi Amir Temur haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanada “Qilichsiz qo‘lini oldinga cho‘zib, jahon xalqlariga omonlik sog‘inmoqda. “Kuch – adolatdadir!” demoqda”, degan edi.

Ochig‘i, mazkur asarni yaratish jarayoni nihoyatda murakkab va mehnattalab bo‘lgan. Qisqa vaqt ichida, 1 yarim oyda amalga oshirilgan bu ijodiy ish katta jismoniy va ruhiy sa’y-harakatni talab etgan. Keyinchalik esa asar yanada takomillashtirilib, o‘zining bugungi mukammal badiiy ko‘rinishiga ega bo‘lgan.

1993 yili e’lon qilingan tanlovda, 9-10 ta loyiha qatnashgan. Ammo Birinchi Prezidentga dastlab boshqa haykaltaroshning, to‘g‘rirog‘i Yakov Shapironing ishi ko‘rsatilgan. Islom Karimovga bu haykal yoqmagan, kamchiliklarini to‘g‘rilash kerakligini aytgan. O‘sha muhokamadan so‘ng poytaxt hokimi va mas’ul vazirlar ustaxonamga kelib, Birinchi Prezidentga bizning ishimizni ko‘rsatmoqchi ekanliklarini aytishdi.

SHundan so‘ng haykal loyihasi aeroportga olib boriladi. “Islom Karimov Turkiya safaridan qaytayotgan ekan, samolyotdan tushiboq loyihani ko‘rdilar. “Mana, aytganimni qilsa bo‘larkan-ku, haykal muallifi qani, nega ko‘rinmayapti?“, deb, YAkovning ismini aytgan. SHunda bosh vazir o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov, “Bu haykalni o‘zimizning qorako‘z haykaltarosh yasadi“, deb meni oldiga chaqirdi. Islom Karimov bir necha soniya menga qarab turib, xursand bo‘lib ketgandi.

Muhokama yakunida rahbar haykal sentyabrgacha bitishi kerakligini aytdi. Prezidentni birinchi marta ko‘rishim edi va tabiiyki, uning xarakterini bilmasdim. “Kechirasiz, men bir yarim oyda tayyor qilolmayman”, dedim. Yonimda turgan mas’ullardan biri “Gap qaytarma“ degan ma’noda kostyumimdan bir tortdi. “Sen gazeta o‘qimaysanmi?”, dedi I.Karimov. “Kam o‘qiyman”, deb javob qaytardim. “Mana shu vazirlarning hammasi senga yordam beradi, haykal sentyabrda o‘rnatilishi kerak”. Keyin bilsam, Islom Karimov haykal o‘rnatilishi to‘g‘risida qaror chiqargan ekan, uni esa men o‘qimagandim.

Ammo loyihaning kamchiliklari ko‘p edi, buni o‘zimiz ham bilardik. Dastlab gips variantini yasab, hozirgi joyiga – Amir Temur xiyoboniga o‘rnatganmiz. O‘shanda Islom Karimovdan kamchiliklarini to‘g‘rilash uchun bir yil muddat berishini so‘raganimda, rozi bo‘ldilar. Keyin jiyanim ikkimiz yana ishga kirishganmiz.

Bu vaqt ichida haykalga va tagidagi toshga bir metrdan qo‘shib, ikki metrga ko‘targanmiz. Ham haykalni, ham toshni bir xil o‘lchamda ko‘targanimiz uchun buni ko‘pchilik bilmagan. Bir yil davomida tasavvurimdagi haykalni yasaganman. SHu bois bronzadan qilingan quyma haykal hozirgacha maydonda viqor bilan turadi.

San’atlar ichida eng qiyini – haykaltaroshlik. Haykal atrofini aylanib, kamchiliklari ustida ishlayverasiz, ishlayverasiz. Jarayon ko‘p vaqt talab qiladi. Amir Temur haykalini esa 45-50 kunda yasaganmiz, juda azob bo‘lgan. Deyarli uxlamasdik, oyoqlarimiz shishib ketgan. Kamol ikkimiz navbat bilan yarim soatdan uxlab, yana ishimizni davom ettirardik. Amir Temurning yuqori ko‘tarilgan o‘ng qo‘lini hozirgi holatga keltirish, ayniqsa, qiyin kechgan. Qo‘lini unday qilsam ham, bunday qilsam ham hech o‘xshamasdi. Oxiri hozirgi varianti kelib chiqqan. Chap qo‘lida otning jilovini tortib, o‘ng qo‘lini ko‘kka ko‘tarib turishida ham o‘ziga xos ma’no bor. Sohibqiron “Xalqim, men qaytib keldim, sizlarga tinchlik, omonlik tilayman, mustaqillikni boy bermanglar”, deb turgandek taasurot qoldiradi.

Men baxtli insonman, chunki 25 yil Birinchi Prezidentimizning yonida yurib, u ulug‘ insonning ijodiy g‘oyalarini amalga oshirishga harakat qildim. Birgalikda “Amir Temur”, “Al-Farg‘oniy”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Ko‘hna va boqiy Buxoro”, “Motamsaro ona”, “Baxtiyor ona” kabi ko‘plab haykaltaroshlik asarlarini yaratdik.

Aynan mustaqillik yillarida Islom Karimov rahnamoligida o‘zbek xalqi jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallay boshladi. Milliy tarix va buyuk ajdodlar merosini qayta tiklash, ularni badiiy obrazlarda aks ettirish – davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Oradan yillar o‘tdi. Mustaqilligimiz asoschisi bo‘lgan Islom Karimovning o‘ziga ham haykal o‘rnatish uchun tanlov e’lon qilinganda, men Birinchi Prezidentimizning badiiy obrazlarini yaratish masalasiga alohida iliqlik, samimiylik bilan yondashdim. Uning tashqi ko‘rinishida ichki kechinmalarni, xalqqa bo‘lgan mehr-muhabbatni aks ettirishni xohlardim. Islom Abdug‘anievich qiyofasini o‘z xotiramda saqlanib qolgan hayotiy chehrani qayta tiklab, shuningdek, foto va video materiallardan foydalanib gavdalantirishga qaror qildim.

Shunday ulug‘ inson bilan shaxsan tanish bo‘lganim va bu shaxsning haykalini yaratish sharafi aynan menga nasib etgani bois taqdirimdan minnatdorman!

Ilhom JABBOROV,

O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, haykaltarosh