Islom Karimov bilan 1951 yilning 1 sentabrida 21-maktabda tanishganman. Sinfimizda o‘qish uchun sharoit bo‘lsa-da, yupun edik, qornimiz nonga to‘ymasdi. Urush asoratlari shundoqqina sezilib turar, kim nima topsa, kiyib kelardi. Hech kim bir-birini kamsitmasdi.
Ochiq aytaman, biz ham hamma bolalardek o‘yinqaroq bo‘lganmiz. Darslardan so‘ng ko‘cha changitib chopar edik. Ba’zan darslardan qochgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Ammo Islom o‘ta bosiq, tartibli edi. Sakkizinchi sinfga o‘tganimizdan keyin u butunlay o‘zgardi, haqiqiy yigitga aylandi.
Bunga uni sinfkom etib saylaganimiz sabab bo‘ldi. U o‘zi va sinfi, bolalarning tartibi, o‘qishga kelib-ketishi, maktab tadbirlarida ilg‘or bo‘lishi uchun bor mas’uliyatni zimmasiga oldi. Bu vaqtda Islom Karimov bizlarga tarbiyaviy soat darsini o‘tar, turli mavzularda ma’ruza o‘qir, yaxshi o‘qish, sinf obro‘sini o‘ylash, maqsadlarimizni aniqlab olishga da’vat qilardi. U rus tilini juda tez o‘zlashtirdi. Uning ruscha ravon va mantiqli gapirishi, ozoda kiyinishi ko‘pchilikning havasini uyg‘otardi. Shu davrlardan Islom Karimovning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortib, maqsadlari qat’iylashib, yo‘lboshchilik fazilati yuzaga chiqa boshlagan bo‘lsa ajabmas.
Avval ham, hozir ham sinfdagi oxirgi partalarda "ikkichi" o‘quvchilar o‘tiradi. Islom Karimov a’lochi o‘quvchi bo‘lsa-da, negadir faqat orqa partada o‘tirar, uning bu odati u maktabni bitirguncha davom etdi. O‘sha eski, qora rangli parta Birinchi Prezidentimiz sharofati bilan hozir e’tiborga molik jihoz sifatida maktab muzeyidan joy egallagan.
Islom Karimov bolaligida bizning uyimizda ko‘p bo‘lgan. Oxirgi marta uyimga 1982 yilning yozida respublika Davlat plan komiteti rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlayotganida kelgandi. U Samarqand orqali Qarshiga ketayotgan ekan. Suhbatlashdik, choy ichdik. Men birga o‘tirgan yaqinlarimga uni tanishtirib, hazillashdim: "Esingizdan chiqmasin, sizlar bugun bo‘lajak moliya vaziri bilan birga choy ichyapsizlar". O‘n-o‘n besh daqiqa gaplashdik. Yoshligimiz, Samarqand ko‘chalari, ustozlarni esladik. Islom bilan bolalarcha beg‘ubor qalb ehtirosi ila xayrlashdik...
Biz hech qachon hech kimga Prezidentning sinfdoshlarimiz deb maqtanmaganmiz. Unga hamisha sog‘liq, sabr-matonat, ishlariga baraka tilaganmiz, xolos. Biror narsa umidvor ham bo‘lmaganmiz. Axir, ustozlarimiz va Islom Karimovning o‘zi ham hammamizni halol va odil bo‘lishga undagan-da. U Prezident bo‘lgandan keyin ham o‘z maqsadiga sodiq qoldi. O‘zida matonat topib, jasorat ko‘rsatib ishladi. Biz qalbimiz g‘ururga to‘lib yashadik. Sinfdosh do‘stimiz bilan faxrlandik. Shunday mard inson bilan yonma-yon o‘qiganim, zamondosh bo‘lganimdan baxtiyor yashayman.