ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Sabohat Mirova, mehnat faxriysi


Men mehnat faxriysi, falsafa fanlari nomzodi, Mirova Sabohat Jo‘rayevna, Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib kelganlarida men Moskvada markaziy komitet qoshidagi ijtimoiy fanlar akademiyasining aspiranturasida tahsil olayotgan edim. Oilaviy sharoitni hisobga olgan holda, turmush o‘rtog‘im, uch farzandim bilan birgalikda hammamiz Moskvaga ketgan edik.

1988 yil uchinchi bosqichda tahsil olayotgan vaqtimda rektoratdan Sizni markaziy komitetga chaqirishyapti, Qashqadaryo viloyat partiya komitetining birinchi kotibi Islom Abdug‘aniyevich siz bilan suhbat qilmoqchi ekanlar, degan xabar kedi. Men u vaqtlarda Islom Abdug‘aniyevichni yaqindan bilmas edim. U kishi ham meni ko‘rmagan edilar.

U kishi bilan suhbat chog‘ida Islom Abdug‘aniyevich:

- “Viloyat oqsoqollari sizni viloyat partiya komitetining mafkura bo‘yicha kotibligiga tavsiya qilyapti. Shunga nima deysiz”,- dedilar.

Shunda mening birinchi gapim shunday bo‘ldi:

“Uddalay olarmikanman?”

Ular qat’iyat bilan aytdilar:

- “Uddalaysiz albatta, sababi siz o‘qishga qadar viloyat ijro qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lib ishlagansiz.

Xullas, u kishi o‘zlarining takliflarini, yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatganlaridan keyin men juda chuqur o‘ylanib javob berishimga to‘g‘ri keldi:

- Islom Abdug‘aniyevich, taklif uchun katta rahmat. Men qo‘limdan kelgancha ishlashga, sizning ishonchingizni oqlashga harakat qilaman. Lekin, meni o‘qishim nima bo‘ladi? Ilmiy ish boshlaganman, uchinchi bosqichda o‘qiyapman. Bu faqat mening ishim emas, menga ishongan turmush o‘rtog‘imning ishlari, farzandlarimning ishlari, qolaversa, menga ko‘makdosh bo‘lgan onamning ishlari, deb aytdim.

Islom aka “Siz albatta o‘qishni tugatasiz, sizga sharoit yaratamiz”, degan javob berdilar.

Shu bilan men ishga tushib ketdim. Hamma vaqtning o‘zini qiyinchiliklari, muammolari bo‘ladi. O‘sha davrda oqimlar, bilib bilmay qilinadigan harakatlar ko‘payib qolgan edi. “Birlik”, “Erk” degan uyushmalar paydo bo‘lib nihoyatda tig‘iz vaqtda ishlashga to‘g‘ri keldi. Shunday kunlar bo‘lardiki, viloyat  partiya komitetining qoshida to‘planib ertayu kech ishlardik. Varaqalar, lozunglar (shior) bilan chiqishlar, to‘palonlar, janjallar bilan keladigan holatlar ham ko‘payib qolgandi. Islom Abdug‘aniyevich tasavvurimda nihoyatda talabchan, jiddiy, ishning ko‘zini biladigan, keng fikrli inson edilar. Biz ular rahbarliklari, ko‘maklari, maslahatlari bilan ishni davom ettirdik. Shunday bir murakkab holatlar bo‘ldiki, men Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, radio, televideniye, sport masalalarida bevosita birgalikda ishlaganman. Mana shu sohalarga nihoyatda sinchkovlik bilan qarab kadrlar masalasiga, maktabdagi ta’lim-tarbiya ishlariga, sog‘liqni saqlash sohasiga yoki qurilish masalaliriga e’tibor qilardilar. Hozirgi vaqt bilan solishtiradigan bo‘lsak, nihoyatda og‘ir vaziyatda ishlagan edik. Kamchiliklar ko‘p edi. Bu vaziyatdan chiqishda Islom Abdug‘aniyevich bizga hamisha ko‘makdosh bo‘lganlar, yaxshi maslahatlar berganlar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatganlar. O‘sha yillar Respublikamizning boshiga shunday bir og‘ir holat tushdiki – “Paxta ishi” degan tashvishli kunlar bo‘ldi. Men ona sifatida, ayol sifatida, xayajonsiz, ko‘zimga yosh olmasdan aytishim qiyinroq, sababi o‘zim Kitob rayonidan ishga kelganman. Mana shu Kitob rayonida o‘ndan ortiq xo‘jalik bo‘ladigan bo‘lsa, faqat bir anorchilik bilan shug‘ullanadigan xo‘jalikning rahbari omon qolgan. Qolgan xo‘jaliklarning rahbarlari azoblangan. Nafaqat rahbarlari oddiy, oddiy brigadirlar, oddiy zveno boshliqlari, ayollar, qizlar, yosh go‘daklar aybsiz aybdor bo‘lib, qora kursilarda o‘tirib, javob berishlariga to‘g‘ri kelgan.

O‘sha vaqtlari Abduraxmon Po‘latov degan yosh yigit vafot etdi. Janazasiga borganimizdagi holat – nafaqat insonning hayotdan ko‘z yumgani, balki bir etak bolaning chirqirab, xaroba uyda qolgani hali hamon ko‘z oldimda. Yoki Ulug‘bek nomli xo‘jalik rahbari Malikov ham yosh yigit bo‘lib u ham o‘sha vaqtlari vafot etdi. Keksa rahbarlardan Xolikov (hozirda xayot, lekin o‘shanda ikki ko‘zi ko‘rmay qolgan) o‘sha qayg‘u va alamlar ta’sirida hozir ham ko‘zi ojizlik azobini boshdan o‘tkazyaptilar. Bular haqida gapiradigan bo‘lsak nihoyatda ko‘p gapirishimiz mumkin. Lekin bir holatni eslab o‘tmasam bo‘lmaydi. Chunki bu voqea hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi.

Hazrat Davronov uzoq yillar Kasbi tumanidan Lev Tolstoy nomidagi 8-maktab direktori bo‘lib ishlagan. Turmush o‘rtog‘i Ro‘ziyeva Oysara bilan birgalikda 8 nafar farzandini tarbiyaladi. 1986-1987 yillarda shu tumanning 15-sovxozi 2-bo‘limi boshlig‘i bo‘lib atigi 6 oy ishlagan ediki, o‘sha yili Hazrat Davronov “desantchilar” tomonidan 6 yilga qamalib, mol-mulki musodara qilindi. Farzandlarining kattasi Faxriddin Qarshi shahridagi Irrigatsiya institutida talaba edi. Hamma narsa shu yosh yigitning bo‘ynida qoldi. Otasi qamalganidan keyin o‘qishni tashladi, H.Davronov ishlagan bo‘limda brigadir bo‘lib ishlab onasi va ukalarini boqishga majbur bo‘ldi.

Shu yillarda Hazrat akaning oilasi (rafiqasi – O.Ruziyeva) bolalari bilan chaylada yashab o‘g‘liga ko‘maklashgan vaqtda Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Qashqadaryo viloyat partiya qo‘mitasiga birinchi kotib bo‘lib keldilar. Islom Karimov bo‘limdagi o‘q ariqlarni ko‘zdan kechirib yurganlarida, chaylada o‘tirgan 4-5 yoshli Gulruhning ko‘zi u kishiga tushib, “shu kishi otamga o‘xshar ekanlar” deb yig‘lab bag‘rilariga otilgan va “mening dadamni qaytaring, iltimos” deb faryod qilgan. Islom Abdug‘aniyevich bu holatni yig‘lab kuzatib turgan onai zorga qarab: “Siz meni qabulimga boring” deb tayinlaganlar va qizchani  qo‘llariga ko‘tarib “men dadangni albatta qaytaraman”, deb Gulruhni tinchlantirganlar.

Oysara Ro‘ziyeva Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi qabuliga kelganlarida oyoqyalang holda xonaga kirib kelganlar.

“Nega oyoqyalangsiz, shunday kelayapsizmi?” – deganlarida, u: “Yo‘q meni kalishim yirtiq bo‘lgani uchun eshik oldiga yechib keldim” degan javobni bergan.

O‘sha vaqtda Hazrat aka Davronov qamoq jazosini Namangan viloyatining Pop tumanida o‘tayotgan edilar.

Hazrat akaning oila a’zolari Islom Abdug‘aniyevichga murojaat qilganlaridan keyin, u kishi 6 oy ichida qamoqdan ozod etilgan.

Alloh nasib qilgan ekan H.Davronov yana uzoq yillar shu sovxozning 36-maktabida direktor vazifasida ishladi. Gulruh qizlarini esa, to vafot etgunlaricha “Mening xaloskorim” – deb atar, Islom akani doimo duo qilar edilar.

Hazrat aka Davronov 2005 yilda vafot etdilar. 1982 yilda tug‘ilgan Gulruh hozirda Kasbi tumanidan Koson tumaniga turmushga chiqib, o‘sha tumanda istiqomat qiladi. 1 nafar farzandi bor.

Bunday xolatlarni eslash inson uchun nihoyatda og‘ir. Ta’kidlaganimdek, Islom Abdug‘aniyevich talabchan hodim, bir gapli shaxs edilar. Insoniylikni hech unutmaydigan bir ajoyib rahbar edilar. Men shunday hazrati inson bilan ishlaganimdan, ko‘p narsani o‘rganganimdan faxrlanaman. Ilohim joylari jannatdan bo‘lsin, ruhlari shod bo‘lsin. Hozirgi zamon bilan biz ishlagan vaqtlarni eslasak, yer bilan osmoncha farq bor. Keksa bir ayol sifatida minglab shukrona aytib, Ollohim mana shu kunlarga yetkazganiga shukur qilaman.

Bugun bir ajoyib inson, keksani keksa, yoshni yosh sifatida hurmatini o‘z o‘rniga qo‘yadigan, kadrlar qadriga yetadigan, ularni asrab avaylaydigan, umuman inson nomini ulug‘laydigan Birinchi Prezidentimiz ishlarini davom ettirayotgan xalqimizning jonkuyar farzandi Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovichni o‘zbek onasi sifatida duo qilaman. Faoliyatlariga omad tilab, Ilohim olib borayotgan ishlariga ko‘z tegmasin, deymiz. Shunchalik katta-katta islohotlar, ko‘plab qarorlar, qonunlar chiqaryaptiki, mening nazarimda hammasining negizida inson omili yotibdi. U kishining olib borayotgan ishlaridagi bir jihat – kelgan kunlaridanoq, qo‘shni respublikalar bilan hamkorlikni yaxshilashlari, do‘stlik ko‘priklarini yaratishlari, yoshlarga katta e’tibor berishlari, olim-ziyolilarning qadriga yetganliklari barchani nihoyatda quvontirdi.

Men bizning farzandlarimiz, nevaralarimiz ishonchli qo‘llardaligidan hursandman. Doimo, ular tengi yo‘q millatning farzandi bo‘lganliklaridan faxrlanib yurishlarini, men o‘zbekman deyishlarini, Vatanini, xalqini sevishlarini, el-yurti koriga yaraydigan solih va soliha farzandlar bo‘lishlarini tilab qolaman. Ollohim shu kunlarga yetkazgani rost bo‘lsin. Tinchligimizga ko‘z tegmasin. O‘rtalarimizdagi mehr-oqibat yo‘qolmasin. O‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘lib, sizu bizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin.