ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Yaponiyalik bir guruh ijodkorlar Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi


06.07.2018

6 iyul kuni yaponiyalik taniqli san’atkor-rokyoku uslubidagi an’anaviy qo‘shiqlar ijrochisi Nanafuku Tamagava xonim bir guruh ijodkorlar bilan Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi.

Yaponiyalik mehmonlar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

 

Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qilgan mehmonlar, ekspozitsiyaning yuqori darajada tashkil etilganini e’tirof etib, faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdilar.

Yevropaning bir qator mamlakatlarida ijodiy safarda bo‘lgan yaponiyalik san’atkorlar endi O‘zbekistonda o‘z mahoratlarini namoyish etadilar.

 

Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan O‘zbekiston madaniyat vazirligi va respublika Davlat konservatoriyasi hamkorligida tashkil etilgan konsert muxlislarimizga yaponiyaning an’anaviy qo‘shiqchilik san’ati va kun chiqar mamlakatning milliy musiqasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi dotsenti, respublika tanlovlarining laureati Rozibibi Xo‘jayeva dutorda o‘zbek xalq kuylarini, Nanafuku xonim milliy cholg‘u asbobi-syamisenda yapon xalq kuylarni ijro etishi rejalashtirilgan.

 

Konsert 7 iyul kuni Respublika Davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tadi.

Tashrif doirasida yaponiyalik mehmonlarning Samarqand shahriga safari rejalashtirilgan.

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar