ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi


27.01.2018

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan “Islom Karimov – istiqlol me’mori” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi. 

Tadbir avvalida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmuasida qad rostlagan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, xalqimizning fidoyi farzandi xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

O‘zbekiston XDP markaziy kengashi raisi H.Ketmonov, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmua rahbari T.Shirinov va boshqalar Islom Karimov mamlakatimiz siyosiy tizimini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgani, u demokratiya prinsiplarining amalga oshirilishini ta’minlab, ko‘ppartiyaviylikni, siyosiy g‘oyalar va nuqtai nazarlar raqobatini rivojlantirishning izchil tarafdori bo‘lganini ta’kidladi. 

Milliy parlament tizimining qaror topishi va rivojlanishi ham bevosita Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. Xususan, parlament sohasida amalga oshirilgan dastlabki islohotlar 1990 yil fevral-mart oylarida Oliy Kengashga o‘tkazilgan saylovda o‘z aksini topdi. Ushbu tuzilma mamlakatimiz tarixidagi eng muhim islohotlarni yuridik jihatdan rasmiylashtirdi, barpo etilayotgan insonparvar demokratik huquqiy davlatning tamal toshini qo‘ydi. Ikki palatali parlamentni tashkil etish taklifi ham Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan. 

Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining milliy qonunchiligimiz qaror topishi va rivojlanishiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. U demokratik talablarga va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining haqli ravishda muallifi hisoblanadi. 

Anjumanda “O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” nomli hujjatli film namoyish etildi. 

Shaxnoza Mamaturopova, O‘zA