ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ona tili – bu millatning ruxidir


21.10.2019

21-oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga 30 yil to‘ldi.

 

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.

O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida Prezident Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida davlat tiliga huquqiy maqom berish masalasi kun tartibiga qo‘yildi va 1989 yil 21-oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi alohida qonuni qabul qilindi.

Hali O‘zbekiston Ittifoq tarkibida bo‘lgan, xalqning milliy madaniyati va ma’naviyatini asrash u yoqda tursin, bu mavzuni ko‘tarishning o‘ziga millatchilik sifatida qaralgan bir paytda bunday qarorning qabul qilinishi tom ma’noda jasorat edi.

Aynan Islom Karimovning siyosiy irodasi, shijoati va qat’iyati tufayli tariximizning, milliy qadriyatlarimizning tiklanishida, o‘zligimizni yanada chuqurroq anglashimizda muhim omil bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirildi.

 

Islom Abdug‘aniyevich tilshunos olimlar, adabiyotshunoslar, tarixchilar, yozuvchi va shoirlar davlat arboblari qatorida qonun loyihasi muhokamalarida bevosita ishtirok etib, hujjatning har bir bandi bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirgan.

Bu qonun bilan o‘zbek millatining ma’naviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan muhim omil, ya’ni tilning maqomi huquqiy mustahkamlandi. Mazkur huquqiy asos orqali yangi shakllanayotgan davlatning, hukumatning, uning yangi rahbarining elga, yurtga nisbatan e’tibori, ehtiromi namoyon etildi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda o‘zbek adabiy tilini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida o‘zbek tili davlat tili, davlat ramzi, milliy madaniyat va ma’naviyatni ifodalovchi hamda ularni kelajak avlodga yetkazuvchi muhim muloqot vositasi darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbek tilini boyitish va takomillashtirishga doir ko‘plab ilmiy izlanishlar, loyihalar olib borilmoqda, turli sohalarga oid lug‘atlar, ilmiy risolalar muntazam nashr etilmoqda.

 

O‘zbek tilini rivojlantirishga e’tibor, mazkur masalasining ustuvorligi va dolzarbligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorida o‘z ifodasini topgan.

«Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir», – deyiladi hujjatda.

Qarorda qayd etilishicha, mazkur tarixiy hujjatga binoan o‘tgan yillar davomida ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda o‘zbek tili hayotimizning barcha jabhalarida – davlat va jamiyat boshqaruvi, davlatlararo munosabatlar, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalarida faol qo‘llanilmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda.

21-oktabr kuni ushbu sanaga bag‘ishlangan bayramona tadbirlar mamlakatdagi barcha shahar va tumanlarda tashkil etildi.

Temur Kurbonboyev olgan suratlar