ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni


14.11.2019

YuNESKOning 1995-yil 16-noyabrda bo‘lib o‘tgan Bosh konferensiyasida ushbu sana “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” deb e’lon qilindi va bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risida Deklaratsiya qabul qilindi.

 

 

Istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning bevosita tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimizda milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga bekamu ko‘st va sof yetkazish, konfessiyalararo muloqot, millatlar va dinlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik masalalariga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Bugun uning hududida 130dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikka, O‘zbekiston hududida yashayotgan barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan milliy siyosat ishlab chiqildi.

 

 

1992-yilda tashkil etilgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi Birinchi Prezidentning millatlararo munosabatlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi nishonasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil mazkur tashkilot negizida, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan 140 ga yaqin milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi.

 

 

O‘tgan yillar davomida milliy-madaniy markazlarning 150 dan ziyod faollari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi. Alohida ta’kidlash lozim, turli millatga mansub 14 nafar mamlakatimiz fuqarolari Davlatimizning oliy mukofoti-“O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 2200 dan ortik diniy tashkilotlar mavjud. Ular qatorida diniy ta’lim muassasalari ham o‘rin egallagan.

 

 

1992-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi. Mazkur davlat boshqaruv organiga har bir shaxsning vijdon va diniy e’tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berildi.

Muborak Ramazon va Qurbon hayitlarining ma’naviy hayotimizdagi o‘rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga mansub mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ramzi ekanini e’tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash maqsadida “Diniy bayram – Ro‘za va Qurbon hayitlarini dam olish kuni deb e’lon qilish haqida”gi Farmon e’lon qilindi.

 

 

1999-yilda Birinchi Prezidentning tashabbusi bilan Toshkent islom universiteti ta’sis etildi. 2017-yilda mazkur oliygoh negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi. Bu yerdagi talabalar ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni uyg‘unlikda olmoqdalar.

Masjid imom-xatiblarining maxsus o‘quvlarini tashkil etish hamda buyuk ajdodlarimizning merosini puxta va chuqur o‘rganish maqsadida 2008-yilda Samarqand viloyatida Imom Buxoriy xalqaro markazi ta’sis etildi.

 

   

Davlat tomonidan islom diniga mansub fuqarolarning haj va umra safarlarini tashkil etish ishlariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

Har yili Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi tomonidan Isroilning Iyerusalim shahriga, shuningdek, Rossiya va Gretsiya davlatlariga ziyoratlar tashkil etish yaxshi an’anaga aylandi.

Istiqlol davrida Qur’oni karim, hadislar to‘plamlari, Bibliya tarkibidagi Yangi ahd va Qadimiy ahdning ba’zi qismlari o‘zbek tilida chop etildi. 

Bugun vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari Konstitutsiya va mustaqil O‘zbekiston qonunlarida belgilab qo‘yilgan teng huquqlilik va keng imkoniyatlardan foydalanib, totuvlik va hamjihatlikda yashamoqdalar, Vatanimizning ravnaq topishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shmoqdalar.

14-noyabr kuni Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasida ushbu sanaga bag‘ishlangan «Milliy va diniy bag‘rikenglik-mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili» mavzusida anjuman o‘tkazildi. Tadbirda Parlament a’zolari, idora va tashkilotlarning rahbarlari, milliy-madaniy markazlarning vakillari, olimlar, soha mutaxassislari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Yodgorlik majmuasi rahbari, professor Temur Shirinov, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti rektori, senator Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Shuhrat Yovqochev, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari, akademik Tursunali Qo‘ziyev, Jahon tillari universiteti professori Narzulla Jo‘rayev va boshqalar O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, mustaqillikka qadar va istiqloldan keyingi davrda millatlararo munosabatlar, O‘zbekistonda siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda Islom Karimovning roli kabi bir qator mavzularda fikr-mulohazalar bildirishdi.

Ma’ruzalar bo‘yicha muhokamalarda yoshlarning faol ishtiroki alohida e’tiborga molik. Demak, bugungi yosh avlod tinchlik va barqarorlik masalasiga o‘zini daxldor deb biladi va bu buyuk ne’matlarni asrab-avaylashning naqadar muhimligini chuqur anglaydi. Tadbir davomida mazkur sanaga bag‘ishlab tayyorlangan videofilmlar namoyish etildi. Mehmonlar “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar.

F.Kurbanbayev suratlari