ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

MUZEY ISHCHI GURUHINING YIGʼILISHI


31.07.2021

29 iyul kuni Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida vazirliklar va idoralar vakillari ishtirokida Islom Karimov muzeyi ekspozitsiyalari kontseptsiyasi boʼyicha Ishchi guruhining yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Yigʼilishni Vasiylar Kengashi aʼzosi Tatyana Аkbarovna Karimova ochib berdi.

Bugungi kunda Yodgorlik majmuasi mutaxassislari rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda Islom Karimov muzeyi ekspozitsiyalari Kontseptsiyasini tayyorladilar.

Muzeylashtirish boʼyicha ishchi guruh aʼzolari qator vazirlik va idoralar vakillaridan tarkib topgan boʼlib, ishchi guruh aʼzolariga Islom Karimov muzeyi ekspozitsiyasining Kontseptsiyasi taqdimoti va АKT yechimlari namoyish qilindi.

Tadbirda Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov hamda majmua rahbarining birinchi oʼrinbosari Alisher Ishmatov ishchi gruh aʼzolarini Islom Karimov muzeyini yaratish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdilar.

Yigʼilishda vazirlik va idoralardan kelgan mutaxassislar Islom Karimov muzeyining zallari yuzasidan oʼz fikrlarini bildirdilar.

AOKА direktori А.А.Xodjaev hamda Ichki ishlar Аkademiyasi polkovnigi Sh.R.Qobilov muzey ekspozitsiyalari kontseptsiyasi boʼyicha oʼzlarining taklif va tavsiyalarini aytishdi. Rossiyaning «N-COM» kompaniyasi mutaxassislari R.M.Nazipov va M.S.Muxin, shuningdek, loyiha rejissyori J.Qosimov ishchi guruhi aʼzolarini qiziqtirgan savollarga javob berdilar.

Yigʼilish soʼngida Ishchi guruh aʼzolari mazkur masala yuzasidan Yodgorlik majmuasida muntazam ravishda uchrashuvlar oʼtkazishga, Birinchi Prezidentning davlat qurilishi va mustaqillikni mustahkamlash borasida amalga oshirgan ishlarini toʼliq yorituvchi ekspozitsiyalarning har biri ustida puxta ishlashga kelishib oldilar.