ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Martabali mehmonlar Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirishdi


04.04.2018

4 aprel kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga Ozarbayjonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Guseyn Rzagulu ogli Guliyev hamda Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbasov tashrif buyurdilar.

Mehmonlar Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib mamlakatimizning Birinchi Prezidenti xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

«Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasi bilan tanishgach, elchi janoblari faxriy mehmonlar kitobida quyidagi dastxatni yozib qoldirdi.

«Islom Karimov hayoti va faoliyati qamrab olingan ko‘rgazma mazmun-mohiyati jihatidan juda ta’sirli. Muzeyni tashkil etish g‘oyasi «Xalq o‘z tarixini bilishi kerak» g‘oyasiga to‘liq javob beradi. O‘zbekiston boy tarixga, serqirra madaniyatga, Amir Temur va Islom Karimovdek buyuk ajdodlarga ega. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mana shunday muzeyni tashkil qilish tashabbusi uchun chuqur insoniy minnatdorlik bildirishni zarur deb bilaman»-deyiladi elchi janoblarining dastxatida.

Shu kunning o‘zida Islom Karimov nomidagi majmua rahbariyatining Ozarbayjon elchisi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida Baku shahridagi Geydar Aliyev nomli markaz bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, poytaxtimizdagi Ozarbayjon madaniyat markazi bilan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida mehmonlarga «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» kitob-albomi taqdim etildi.

Uchrashuvda Islom Karimov nomidagi majmua rahbari Temir Shirinov, Majmua rahbari o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev, xalqaro bo‘lim boshlig‘i Umid Azizov, Islom Karimov nomidagi Fond Boshqaruvi raisi Botir Ubaydullayev ishtirok etdilar.

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar