ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

«Istiqlolga boshlagan Darg‘a»


29.11.2018

28-noyabr kuni Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan bir guruh yosh olimlar, jurnalistlar bilan uchrashib suhbatda bo‘ldi.

 

Mehmonlar Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yib, Birinchi Prezidentimizning xotirasini yodga oldilar.

Uchrashuv tafsilotlariga to‘xtalishdan avval u bilan bog‘liq mulohazalarga o‘rin ajratmoqni lozim topdik.

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning taqdiri Vatan va xalq taqdiri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgani o‘z-o‘zidan ayon.

 

Islom Abdug‘aniyevich turli kasb egalari, qolaversa oddiy odamlar bilan bevosita muloqotda bo‘lgan, ular bilan ochiq, samimiy suhbat qurgan bag‘rikeng rahbar edi. Rasmiyatchilikdan holi bo‘lgan kutilmagan uchrashuvlar ham ko‘p bo‘lgan.

Taqdir taqozosi bilan u kishining safdoshlari qatorida Birinchi Prezident bilan ishlab, bevosita u kishining topshiriqlarini bajarish baxtiga muyassar bo‘lgan insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa jurnalistlar orasida ularni ko‘p uchratish mumkin. OAVi vakillariga Islom Karimov alohida hurmat va e’tibor bilan qarardi.

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, sobiq diplomat, jurnalist, tarjimon, bloger, Beruniy Alimov 2005-2009 yillarda Birinchi Prezident Devonida mas’ul xodim bo‘lib ishlagan. Shu yillar ichida Prezidentning matbuot kotibi lavozimida ham faoliyat yuritgan. Hozirda u Jahon tillari universitetining katta o‘qituvchisi.

 

2017 yilda o‘tkazilgan «Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» ko‘rik tanlovi sovrindori Beruniy Alimov yaqinda yangi ilmiy-ommabop risolani keng jamoatchilik hukmiga havola etdi.

«Istiqlolga boshlagan Darg‘a» nomli ana shu kitob Tatyana Akbarovnaga Yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida taqdim etildi.

Kitobning kirish qismida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risidagi qaroridan iqtibos keltirilgan: «Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida uchmas iz qoldirdi».

Mana shunday tarixiy shaxsning Mustaqil davlat imijini yaratish, shakllantirish va rivojlantirish hamda yurtimiz nufuzini xalqaro maydonda yuksaltirishga qaratilgan sa’yi harakatlari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarda yosh olim va mutaxassislarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. O‘z Vatani tarixini bilgan inson kelajakni ham aniq ko‘ra oladi. Bu haqiqatni Islom Karimov bot-bot ta’kidlar edi.

Tashrif asnosida mehmonlar Yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari, Tursunali Kuziyev hamrohligida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tomosha qildilar. Faxriy mehmonlarning xotira kitobiga esdalik dastxatini yozib qoldirdilar.

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar