Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi 2744-sonli “Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Аbdugʼanievich Karimov xotirasini abadiylashtirish toʼgʼrisida”gi qaroriga asosan Xotira majmuasida Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash haftaligi boshlandi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 23 avgust kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qoʼyildi, yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov Islom Karimov xotira haftaligini ochar ekan, jumladan, shunday dedi: “Istiqlol yillarida mamlakatimiz erishgan barcha yutuq va marralar Birinchi Prezidentimiz nomi va faoliyati bilan bogʼliq. Islom Karimov Oʼzbekistonni mustaqil, jahonda oʼz oʼrni va soʼziga ega davlatga aylantirdi”.
Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatьyana Аkbarovna Karimova ishtirok etdi va buyuk siyosatchini xotirlar ekan, quyidagi soʼzlarni taʼkidladi: “Islom Karimov Oʼzbekiston mustaqilligi va yangi davlatchilik asoschisidir, u mohir siyosatchi va oqil islohotchi sifatida yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʼlida amalga oshirgan ishlari Vatanimiz tarixida oʼchmas iz qoldirdi”.
Marosimda Islom Karimov yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi xayriya jamoat fondi, “Sogʼlom avlod uchun” xayriya jamoat fondi, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroporti xodimlari ishtirok etdi.