Bugun ko‘hna va navqiron Samarqand mamlakatning yuragiga aylandi, desak xato bo‘lmaydi.
Shahar ko‘pdan buyon Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirasiga hurmat bildirish uchun oshiqayotgan yurtdoshlarimiz, chet ellik mehmonlar bilan gavjum.
– Samarqand ziyoratini Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshladik, – deydi Toshkent shahridan kelgan Zuhra Xudoyorova. – Buyuk Yo‘lboshchimizning O‘zbekiston xalqi uchun qilgan mehnatlarini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi. U kishi xalqimizning erkin yashashi uchun kurashdilar, yurt tinchligi, farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatdilar.
Ziyoratchilarni kuzatsangiz, yoshmi, keksami – har biri ulug‘vor haykal ro‘parasiga kelganida bir muddat jim qolib, xayolga beriladi. Yoshlik shiddati barq urayotgan maktab o‘quvchilari ham haykal qarshisida bir zum chug‘urlashdan to‘xtashadi. Chunki bu inson har birimizning yuragimizdan joy olgan.
– Islom Karimov tavalludining 80 yilligi arafasida uyushtirgan sayohat darsimiz Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlandi, – deydi Samarqand shahridagi 62-umumta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Farida Ibragimova. – 21-umumta’lim maktabida joylashgan Islom Karimov muzeyida bo‘ldik. O‘quvchilarga Birinchi Prezidentimizning o‘quvchilik yillari haqida hikoya qilib berishdi. Bu o‘quvchilar uchun nihoyatda qiziqarli bo‘ldi.
Maktab o‘quvchilarining shovqini ulug‘ siymo haykali qarshisida turib, uzoq o‘yga tolgan otaxonning xayollarini bo‘ldi. Samarqand viloyati Urgut tumanidan ziyoratga kelgan Jamol Quliyev bu sho‘x bolalar uchun farovon kelajakni ta’minlagan, mustaqil O‘zbekiston asoschisi Islom Karimovni yodga olib, u kishining haqlariga duo qilar ekan, shunday dedi:
– Bugungi sharoitlar, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik uchun Birinchi Prezidentimizdan minnatdormiz. U kishi mustaqillikning ilk yillarida mamlakatni og‘ir iqtisodiy sharoitdan olib chiqdi. Islom Karimov serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Shu o‘rinda bir taklifni aytib o‘tsam – xiyobonga kirishda Birinchi Prezidentimizning siyosiy faoliyati aks ettirilgan kichik lavha o‘rnatilsa, juda yarashiqli ish bo‘lardi.
Albatta, Islom Karimov haykali o‘rnatilgan xiyobonni yodgorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlangan, Islom Karimovning serqirra faoliyati zarhal harflarda bitilgan lavhalar bezab tursa, ziyoratchilarga ma’qul bo‘lar edi.
– Islom Karimovning jasorati nafaqat yurtingizda, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlarida qadrlanadi, – deydi Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahridan ziyoratga kelgan Jamila Fozilova. – Shu buyuk insonning xizmatlari tufayli bugun O‘zbekiston gullab-yashnamoqda, dong‘i dunyoga taralmoqda. Ziyoratni ko‘nglimga tukkanimdan buyon har doim Samarqandga oshiqdim. Mana, niyatimga yetdim.
Buyuklar o‘lmaydi, ular insonlar qalbida mangu yashaydi, deyishadi. Birinchi Prezidentimiz ham xalqimiz yuragida yashaydi, Islom Karimovning fidoyilik, mardlik, vatanparvarlik, insoniylik, adolatparvarlik kabi olijanob fazilatlari barchamiz uchun ibrat namunasi bo‘lib qoladi. Xalqimiz u kishining mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini hech qachon unutmaydi.
Zilola OMONOVA