ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Hamisha xotiramizdasiz


27.02.2019

Bugungi kunda Oqsaroy qarorgohi hududidagi «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi yurtimizning eng mo‘tabar ziyoratgohlaridan biriga aylangan. Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyati bilan qisman bo‘lsa-da tanishish imkonidan bahramand bo‘lishni istaganlarning keti uzilmaydi.

 

Ayniqsa, Islom Karimovning nafaqat davlat rahbari, balki shaxsiy hayotiga oid lahzalar – oila davrasida, yaqin do‘stlari, oddiy odamlar bilan hamsuhbat bo‘lgan chog‘lari aks ettirilgan fotosuratlarni tashrif buyuruvchilar katta qiziqish bilan tomosha qilmoqdalar.

 

Mehmonlarning esdalik kitobiga bitilayotgan dastxatlardan ham anglash mumkinki, har bir kishi, yoshidan qat’iy nazar, mazkur ko‘rgazmadan ma’naviy ozuqa olib, ko‘plab savollariga javob topib ketmoqda. O‘z hayotini o‘zgalarga baxshida qilib yashagan buyuk shaxsning serqirra hayoti va faoliyati ko‘pchilikka, ayniqsa yoshlarga ibrat bo‘lishi o‘z-o‘zidan ayon.

 

27 fevral kuni Yodgorlik majmuasiga Toshkent temir yo‘llar muhandislari instituti pedagoglari va talabalaridan bir guruhi tashrif buyurdi. Mehmonlar Birinchi Prezidentning haykali poyida Islom Karimovning xotirasini hurmat ila yodga oldilar.

Tatyana Karimova hamrohligida «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishib o‘z taassurotlarini esdalik kitobiga bitilgan dastxatda ifoda etdilar.