ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

ULUG‘BЕK RUHI BARHAYOT


28.10.2024

“Ulug‘bekni eslamoq – asrlar tarixiy

adolatini va buyuk qadriyatlarimizni qaytadan

tiklamoq, ko‘ngillarni iftixorga to‘ldirmoqdir”.
Islom Karimov


Mirzo Ulug‘bek o‘z davrining yetuk olimi

To‘liq ismi Mirzo Muhammad ibn Shohrux ibn Temur Ulug‘bek Qo‘rag‘oniy bo‘lib 1394 yil 22 mart kuni hozirgi Ozarbayjon hududidagi Sultoniya shahrida, Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzo oilasida dunyoga kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1394 yilda Amir Temur Iroqdagi Mordin qal’asini qamal qiladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temurga nabirasi tug‘ilgani haqida xabar keltiriladi va munajjimlar uning hukmdor va olim bo‘lishini bashorat qiladi. Temur ushbu xushxabar tufayli Mordin qal’asi qamalini to‘xtatadi va uning xalqiga yuklangan tovonni bekor qiladi. Yangi tug‘ilgan nabiraga Muhammad Tarag‘ay ismi beriladi.
Muhammad Tarag‘ay bolalik yillari buvisi Bibixonimning tarbiyasida bo‘lgan. 1405 yil Xitoyga qilinayotgan yurish boshida Temur vafot etgach, ikki yil davomida uning avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash davom etadi. Kurashda Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning qo‘li baland keladi. U o‘z davlati poytaxti sifatida Hirotni tanlaydi, Movarounnahr poytaxti bo‘lgan Samarqandni esa o‘g‘li Ulug‘bekka topshiradi.
1411 yilda 17 yoshli Ulug‘bek Movarounnahr va Turkistonning hokimi etib tayinlanadi. U yoshligida fan va san’at turlariga, ayniqsa, matematika va astronomiyaga katta qiziqish bildiradi. Ulug‘bek yaxshi ta’lim olgan. Ajoyib xotira egasi bo‘lib, arab va fors tillarini yaxshi bilgan, turk she’riyatidan yaxshi xabardor bo‘lgan. O‘zi ham she’rlar yozgani haqida ma’lumotlar bor.
Ulug‘bek 1447 yilda otasining vafotidan xabar topgach, Balxga jo‘naydi. Bu yerda u marhum akasi Boysung‘urning o‘g‘li Alovuddavlaning Hirotda Temuriylar saltanati hukmronligini da’vo qilganidan xabar topadi. Ulug‘bek Alouddavlaga qarshi yurish qiladi va Murg‘obda bo‘lib o‘tgan jangda u bilan uchrashadi. O‘z jiyani ustidan g‘alaba qozonib, 1448 yilda Hirotga qarab yuradi. Biroq Alouddavlaning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo unga yordamga kelib, birgalikda Ulug‘bekni mag‘lub etishadi.
Ulug‘bek Balxga chekinadi va u yerda to‘ng‘ich o‘g‘li Abdullatif Mirzo isyon ko‘targanidan xabar topadi. Ichki nizolar boshlanadi. Abdullatif Amudaryo bo‘yida otasining qo‘shinini kutib olish maqsadida qo‘shin to‘pladi. Biroq shahardagi notinchlik xabarini eshitib, Ulug‘bek hech qanday jang bo‘lmasdan, Samarqandga chekinishga majbur bo‘ladi. Abdullatif tez orada Samarqandga yetib boradi va Ulug‘bek beixtiyor o‘g‘liga taslim bo‘ladi. Abdullatif otasini hibsdan ozod qilib, Makkaga haj qilishiga ruxsat beradi. Biroq manziliga yetib bormasdan turib otasi va ukasi Abdulazizni ham 1449 yilda qatl qildirdi.
Ulug‘bek davrida Samarqand ilm-fan o‘choqlardan biriga aylangan. U yerda XV asrning birinchi yarmida Ulug‘bekning atrofida G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi kabi taniqli astronom va matematiklarni birlashtirgan katta ilmiy maktab vujudga keladi. U vaqtlar Samarqandda O‘rta Osiyo haqida ajoyib asar yozgan tarixshunos Hofiziy Abro‘, taniqli shifokor Mavlono Nafis, shoirlar Sirojiddin Samarqandiy, Sakkokiy, Lutfiy, Badaxshiy va boshqalar yashagan. Ular o‘z davrining eng ilg‘or fikrli va ilmli kishilari bo‘lgan.

Mustaqillik yillarida Ulug‘bek ilmiy merosiga munosabat

Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug‘bek ilmiy merosini o‘rganish, buyuk olim, madaniyat homiysiga ehtirom ko‘rsatish davlat siyosati maqomiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati, ilmiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 1994 yilda respublika va xalqaro miqyosda bir qator nufuzli tadbirlar amalga oshirildi. Respublikada Mirzo Ulug‘bek nomini abadiylashtirish va ilmiy merosini kengroq o‘rganishga qaratilgan qator Qaror va Farmonlar qabul qilindi.
1994 yil 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “1994 yilni O‘zbekiston Respublikasida Mirzo Ulug‘bek yili deb e’lon qilish to‘g‘risida” farmoni e’lon qilindi.
Mazkur farmonda yilning nomlanishi xususida – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ta’lim, fan va madaniyat sohasidagi tashkiloti (YUNЕSKO) Bosh konferensiyasining 27-sessiyasi qaroriga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek yubileyi jahon qadriyatlari ro‘yxatiga – 1994 yilda dunyo miqyosida nishonlanadigan bayramlar qatoriga kiritilgani va shu munosabat bilan tashkil etiladigan xalqaro tadbirlarni hamda respublikada olib borilayotgan ulkan xayrli ishlarni inobatga olib;
yosh avlod qalbida milliy iftixor va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularning ilm-ma’rifatga intilishini rag‘batlantirish hamda mustaqil O‘zbekiston ilm-fani rivojiga ko‘maklashish maqsadida;
1994 yil “Mirzo Ulug‘bek yili” deb e’lon qilindi, deya belgilab qo‘yildi.
O‘zbekistonda YUNЕSKO doirasida tarixiy shaxslar yubiley sanalarini xalqaro miqyosda o‘tkazish tadbirlari dastlab shoh va olim, temuriylar sulolasi vakili Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligini nishonlash bilan boshlandi . Bu borada BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va YUNЕSKO bilan alohida qo‘shma tadbirlar tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Mirzo Ulug‘bek yubiley sanasi xalqaro miqyosda nishonlandi.
Parijda YUNЕSKO qarorgohida “Ulug‘bek va buyuk temuriylar davri” mavzusida xalqaro konferensiya va “Ulug‘bek va an’anaviy san’at” mavzusidagi ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
1994 yili YUNЕSKOning qarori bilan Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yillik yubiley yili deb e’lon qilindi. Respublikadagi qator muassasa, tashkilot, maydon, ko‘chalarga Mirzo Ulug‘bek nomi berildi. Xususan, Toshkentdagi tumanlardan biri, Astronomiya instituti, Yadro fizikasi instituti joylashgan posyolka, O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqalar shular jumlasidandir. Toshkentda va Samarqandda Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq yodgorliklar qayta ta’mirlandi, Ulug‘bek muzeyi butkul yangi qiyofaga erishdi. Buyuk ajdodimizga o‘z yurtida ko‘rsatilgan ehtirom avlodlarining ulkan e’tiboridan darak berishi 2009 yili Samarqandda ushbu zotga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanda ham alohida qayd etildi2.
1994 yilning iyun oyida Istanbulda Ulug‘bekning 600 yilligi hamda Kandil rasadxonasining 125 yilligiga bag‘ishlab, Turkiyada va islom olamida fan va texnologiya bo‘yicha Xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi. Simpozium ishida O‘zbekiston olimlari ham ishtirok etdi.
1994 yilning 6 oktyabr kuni Nukusda buyuk olim, atoqli astronom Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek haykali ochildi.
1994 yilning 13 oktyar kuni Toshkentda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligiga bag‘ishlangan "Mirzo Ulug‘bek va uning jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi" mavzuida Xalqaro ilmiy konferensiya ochildi. Konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tabrik yo‘lladi.
1994 yilning 15 oktyabrida Samarqandda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yillik yubileyi tantanalari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi. U o‘zining “Ulug‘bek ruhi barhayot” nomli ma’ruzasida Mirzo Ulug‘bek to‘g‘risida “Mirzo Ulug‘bek o‘z umrini kelajak uchun, bugungi hayot uchun fido etdi. O‘sha uzoq zamonlarda bashariyat taraqqiyotini o‘ylab yashadi, o‘z avlodlari asrlar osha tartib etajak ma’rifatli bir jamiyatni orzu qildi. Har bir millat ham Ulug‘bekday farzandini tarbiya etgani uchun g‘ururlanishi tabiiy holdir. Chunki bunday insonlar faqat o‘z xalqiga emas, balki umumbashariy sivilizatsiya uchun xizmat qiladi va jahonning e’tiborini qozonadi”3 deya ta’kidlab o‘tgan edi.
1994 yilning 24 oktyabr kuni Parijda YUNЕSKOning majlislar zalida “Ulug‘bek va buyuk Temuriylar davri” mavzuida Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi hamda “Ulug‘bek va an’anaviy san’at” ko‘rgazmasi ochildi.
Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi jahon ilm-fan olamida hamisha yuqori baholanganligini, hozirda ham uning yulduzlar harakatiga oid hisobkitoblari kompyuter yordamida tekshirib ko‘rilganda atigi bir necha soniya farq qilinganligini 1996 yili YUNЕSKOning Bosh kotibi Federiko Mayor Birinchi Prezidentimiz I.Karimov bilan bo‘lgan muloqotda faxr bilan ta’kidlaganini «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida alohida qayd etilib, buyuk vatandoshimiz merosiga yuksak baho berilgan edi.
Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi yodgorligi mustaqillik yillarida qayta ta’mirlandi, rasadxona atrofi obodonlashtirilib, buyuk olim hurmatiga bag‘ishlangan monumental kompozitsiya barpo etildi.
Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Temuriylar saltanatining ushbu yorqin vakili haqida so‘z yuritar ekan uning hukmronligi xususida quyidagilarni ta’kidlab o‘tgan edi: “Taqdir bu ulug‘ zotning zimmasiga behad ulkan va mashaqqatli vazifalar yukladi. Buyuk sarkarda Amir Temur bunyod etgan saltanatning vorisi bo‘lishdek o‘ta ma’suliyatli vazifa aynan unga nasib etdi. Mirzo Ulug‘bek qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori sifatida xalqning azaliy orzusi-tinchlik, totuvlik, ilm-fan va madaniyatni taraqqiy toptirish yo‘lida ulkan shijoat va matonat ko‘rsatdi”.
2009 yil Parijda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 615 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilgan. Anjumanda 130 dan ziyod olimlar va turli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etgan.
Mazkur tadbirlardan – butun dunyoda Mirzo Ulug‘bekning ilmiy va ma’naviy merosiga bo‘lgan qiziqish naqadar ulkanligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan, O‘zbekiston Milliy universiteti ushbu atoqli olim sharafiga nomlanganligi – Respublikaning bugungi yuqori ilmiy-ma’naviy qudratini tasdiqlaydi.

Oybek Abdimo‘minov,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dots.nt