ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Tinchlik, tenglik va ezgulik - Islom Karimov boshlab bergan strategik vazifalarni davom ettiruvchi asosiy omillardir


30.11.2017

O‘zbek millati va xalqining otasi, rahnamosi va tayanchi bo‘lgan, mamlakatimizning birinchi Prezidenti, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafotidan so‘ng barcha yurtdoshlarimizning ko‘z yosh to‘kkanliklari va hatto xorijiy davlatlar rahbarlari, fuqarolarining ham g‘amnok holatga tushib, I.Karimov haqida dilidagi ijobiy tuyg‘ularini ifodalashlari marhumning barcha sof ko‘ngilli insonlar qalbidan qay darajada mustahkam joy egallaganligini ko‘rsatadi.

Bunga esa, marhum Islom Karimovning hayotligida, qaysi lavozim va ishda bo‘lmasin, o‘zining mard va jasurligi va eng asosiysi, har bir ishda haqiqat va adolatni topish hamda o‘rnatishga bo‘lgan faoliyati sabab bo‘lgan desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Chunki I.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganidan boshlab, vafotiga qadar mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy va boshqa sohalar bo‘yicha qabul qilgan qonun va qonun osti hujjatlari, ommaviy axborot vositalari orqali ichki va tashqi siyosat hamda vaziyatlar bo‘yicha qilgan ma’ruza va muloqotlarida hamisha ijtimoiy adolat va haqiqat o‘z ifodasini topganligini fikrimizning dalili deyish mumkin.

I.Karimovning yuqorida qayd etilgan xislat va fazilatlari xususida uning atrofida bevosita birga faoliyat ko‘rsatgan insonlar ko‘proq ma’lumotga ega ekanliklari va kelajakda bu haqda kengroq ma’lumotlar ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qilinishi mumkinligi O‘zbekistonning birinchi Prezidenti shaxsi naqadar buyukligi keng ommaga ma’lum qilinishi pirovardida kelajak avlod uchun davlat va jamiyatni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida boshqarishning amaliy namunasi bo‘lib qolishi, ayni haqiqatdir.

Shu ma’noda men ham birinchi Prezidentimiz I.Karimovning yuqoridagi xislatlari haqida yigirma besh yillik davlat xizmatidagi ish faoliyatimda e’tiroflar eshitish va ikki marta bevosita uchrashganimda guvohi bo‘lganman.

Esimda, mustaqilligimizning ilk yillari, ya’ni 1994 yilda davlatimiz rahbari xorijiy moliya institutlaridan biri bilan Buxoroda neftni qayta ishlash zavodini qurishga imtiyozli kredit ajratilishi bo‘yicha og‘zaki kelishuv, ya’ni xalqaro huquqda belgilangan “jentelmen kelishuvi”ga erishdi. Shu asosda Adliya vazirligi tegishli xalqaro moliya institutiga O‘zbekistonning rasmiy kafolat xatini berishi lozim edi.

Ushbu kafolat xatini belgilangan tartibda tayyorladim va jo‘natishda esa, ayrim eskicha fikrlaydigan rahbarlarning manmanligi bilan biroz ushlanib qolganligiga barham berilib, o‘z vaqtida taqdim etilishi va pirovardida o‘sha paytda mustaqil O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat tomonidan tom ma’noda e’tirof etilishi, ya’ni de-yure bo‘lishiga erishish o‘ta muhim ekanligini davlatimiz rahbari juda yaxshi bilganliklarini yana bir bora e’tirof etish joizdir.

Bundan tashqari, 1997-1999 yillarda O‘zbekistonning Moskvadagi Elchixonasi Konsullik bo‘limida ishlagan paytimda ish yuzasidan kelgan bir rus kishisi menga: «O‘zbeklarning omadi bor ekan. Islom Karimovdek odam Prezident bo‘ldi. Men bu odamni sobiq ittifoq paytidagi ish faoliyatidan bilaman. Ayniqsa, u O‘zbekistonda moliya vaziri bo‘lgan paytida har doim Moskvada byudjet tasdiqlanadigan paytda «nima sababdan O‘zbekistonga Pribaltika va Zakavkaze davlatlariga ajratilganidan kam pul ajratasizlar, holbuki, O‘zbekiston Ittifoq byudjetiga paxta, oltin va boshqa boyliklar evaziga katta mablag‘ tushiradiku», deb e’tiroz bildirar edi. Shu bois ham Markaziy qo‘mitada uni unchalik xushlashmasdi», degan edi.

1996 yil 10 mayda Turkmanistonning Seraxs posyolkasida Eron orqali yangi iqtisodiy koridor ochishga oid davlatlararo shartnomani imzolashda men davlatimiz rahbariga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul xodimi sifatida assissentlik qilganimda ham Prezidentimizning yuqoridagi xislatiga guvoh bo‘lganman. Ushbu tarixiy xalqaro hujjatning imzolanishi ayrim davlatlarning manfaatiga mos kelmaganligi bois ham uni imkon qadar imzolatmaslikka urinishlar bo‘lganligini sezgan davlatimiz rahbari stolga kelib o‘tirganlaridan keyin menga: “Ushbu hujjatni barcha Prezidentlar imzolashini ta’minlashga harakat qiling. Imzolangan variantlaridan tegishlisini belgilangan tartibda o‘zimiz bilan olib ketishimiz kerak”, degan topshiriqni berdilar. Ushbu tadbirda faqat men tomonimdan mazkur xalqaro hujjatning o‘zbek va rus tillaridagi varianti barcha Prezidentlar tomonidan to‘liq imzolatildi va shu asosda keyin boshqa davlat Prezidentlari ham o‘z hujjatlarini imzoladilar va mazkur koridorning huquqiy asosi paydo bo‘ldi.

Shulardan ham xulosa qilish mumkinki, davlatimiz rahbarining o‘z xalqi va Vatani taqdiriga befarq bo‘lmagani va hatto o‘z mansabi hamda hayotini xavf ostida qo‘yib bo‘lsada, mustabidlik tuzumida ham bu yo‘lda mardlik va jasorat ko‘rsatganligi ijtimoiy hayot va taraqqiyotni jadallashtirishda shaxsning roli haqidagi ilmiy xulosalar nechog‘li haqiqat ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda qaysi davlatda ijtimoiy portlashlar va boshqaruvdagi muammolar yoki ekstremistik guruhlarning paydo bo‘lishi kabi illatlar yuzaga kelgan bo‘lsa, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq Prezidentimiz I.Karimov tomonidan olib borilgan oqilona siyosat bevosita xalqning, millatning, jamiyat va davlatning manfaatlari tengligi va barqarorligiga adolatli yondashilganligi bois ham bunday noxush holatlarni chetlab o‘tmoqda.

Buning zamirida mustaqilligimiz abadiyligini ta’minlash uchun ichki va tashqi siyosat borasida tinchlik, tenglik va ezgulikka yo‘g‘rilgan boshqa xalqaro tamoyillarga og‘ishmay amal qilish kabi faoliyat ham yotganligi muhim omillardandir.

Eng asosiysi esa, xalqimiz va millatimizning ushbu maqsadlarni o‘z yuragiga jo etganligi va shu yo‘lda hammamiz bir tanu-bir jon bo‘lib, fidoyilarcha mehnat qilishimiz mustaqilligimiz barhayotligini, shuningdek, birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov boshlab bergan strategik vazifalar ijrosini ta’minlovchi omillardan ekanligini hech qachon esdan chiqarmasligimiz zarur.

Shuxrat RASULOV,
yuridik fanlar nomzodi