ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Registonlik sarbon


15.02.2018

Ko‘hna Registon. Ne-ne voqealarning guvohi. Bag‘rida ne-ne siru sinoatlar mazmuni yashirin. Ba’zan maydonda sayr qilarkanman, yo‘lkalar va sahn ustidagi terilgan toshlarda buyuk allomalar izini ko‘rgandek bo‘laman.

Amir Temur, Ulug‘bek, Yalangto‘sh Bahodirxon, Boburmirzo, Abulaysiy, Navoiy, qolaversa, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov, Yo‘ldosh Oxunboboyev, Sharof Rashidov... Barcha-barchalari ana shu maydondan piyoda o‘tishgan. Bu yerdagi sinoatdan, ruhdan madad olishgan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Registonning shundoq yonidagi Dahbedi mahallasida o‘sib ulg‘aygan. Demak, u ham buyuk allomalar izini bosgan. Ulug‘lar madadi esa hamisha inson taqdiriga yorqinlik bag‘ishlaydi. Samarqanddagi uchrashuvda Islom aka o‘z qalbidagi so‘zlarni lo‘nda qilib aytdi.

– Men Samarqandday mo‘tabar yurtda tug‘ilganman va shu yerda voyaga yetganimdan faxrlanaman. Boshimga mushkul ish tushganda albatta, ona shahrimga tashrif buyuraman, uning donishmand, saxovatpesha odamlari maslahatidan madad olaman. Zero, o‘z ona yurtini sevolgan kishigina butun O‘zbekistonning qadriga yetadi.

Biz ko‘pincha rahbar kishilarning yoshligi haqida gapirishga odatlanganmiz. Shunday bo‘lsa-da, biz Islom Karimov bolaligiga ayrim chizgilar bermoqchimiz. Niyatimiz bu kishining sha’niga hamdu sano o‘qish emas, balki bolaligidagi fazilatlari kamolotga yetishida nechog‘li ahamiyat kasb etganini ko‘rsatishdir.

Islom Karimovning baxti shundaki, u ajoyib kishilar muhitida o‘qib-ulg‘aydi. Marvarid ham shoda ichidagina ko‘rkini topadi, deganlari rost ekan. U yashagan mahallada hozir ham ilmu ma’rifat hukmron.

Biz Islom Karimov o‘qigan 21-o‘rta maktabga uzoq vaqt direktorlik qilgan va keyinchalik partiya va sovet ishlarida faoliyat ko‘rsatgan xalq ta’limi a’lochisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Halim Abdurahmonov bilan suhbatlashdik. Muallim bizga avvaliga bir rivoyat aytib berdilar.

Aytishlaricha, shahar hokimi donishmandga o‘z farzandini shogirdlikka beribdi. Ma’lum muddat o‘tgach, bolani imtihon qilishibdi. Donishmand uzugini kafti orasiga olib so‘rabdi:

– Qani, o‘g‘lim, ayting-chi, qo‘limdagi nima?

– Ustoz, kechirasiz, avval shakl-shamoyilini bilay, keyin neligini aytaman, – debdi shogirdi.

Donishmand aytibdi:

– O‘zi dumaloq, ichi teshik.

– Tegirmon toshi-da, ustoz, – debdi bolakay hovliqib. Shunda donishmand hokimga va o‘tirganlarga yuzlanib debdi:

– Farosat tafakkurning shamchirog‘i, u birovga berilmaydi, birovdan olinmaydi. Biroq inson saviyasini belgilaydi. Bolakay tegirmon toshining dumaloq va ichi teshik bo‘lishini yaxshi biladi. Ammo bu toshning kaftga sig‘masligiga farosati yetmadi. Farosat har bitta odamning o‘zida bo‘lishi kerak. Farosati kuchli kishi kelajakda albatta, ezgu ishning etagidan ushlaydi.

– Islom farosati kuchli shogirdlarimdan edi, – suhbatni davom ettirdi muallim. – Undagi eng yaxshi fazilatlardan biri jasorat va dadillik edi. Ana shu fazilatlari tufayli ham u markazdan o‘tkazilayotgan siquvlarga dosh beryapti, po‘pisalardan qo‘rqmayapti, O‘zbekiston mustaqilligi yo‘lida haqiqiy jasorat ko‘rsatyapti.

Shu bilan birga, Islom agar biror ayb qilib qo‘yguday bo‘lsa yoki topshirilgan biror ishni o‘z vaqtida bajarolmasa, albatta, kechirim so‘rardi.

Halim akaning bu so‘zlarini eshityapman-u, O‘zbekiston Oliy Kengashining sessiyasi ko‘z o‘ngimga keldi. Karimov minbarga chiqib, har kimda ham xato bo‘lishini aytdi va deputatlardan uzr so‘radi... Samarqanddagi uchrashuvda u kishi Qashqadaryoda ishlagan paytida markazga sifatsiz mahsulot jo‘natilgani uchun ikkita xo‘jalik direktorini ishdan bo‘shatganligiga hali ham pushaymon ekanliklarini aytdilar.

O‘shandagi bitta gap hech ham esimdan chiqmaydi.

– Tanqid har qancha foydali bo‘lmasin, har kimga ham yoqavermaydi. Ayniqsa, g‘ururi baland kishilarga. Jumhuriyatning bosh rahbariman. Xususan, sessiyadagi tanqidlar meni qanchalik hayajonlantirgan bo‘lsa-da, ularni bosiqlik bilan qabul qilishga harakat qildim. Darhaqiqat, rahbar kishining o‘ta qiziqqonlik qilishga, jizzakilikka haqi yo‘q.

Muallimning suhbatini miriqib eshitamiz. 

– Bilasizmi, u paytlar elektr chirog‘i yo‘q edi. Fonusda yoki shamchiroqda dars qilishardi bolalar. Islomning ozoda, kamtarin kiyinishiga hamma havas qilardi. O‘qituvchilar bilan agar fikri to‘g‘ri bo‘lsa, baravar tortishardi. Shu o‘rinda bir narsani aytmoqchiman. Hozir jumhuriyatimizda birinchi marta Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Menimcha, Islom Karimov juda katta jasorat bilan ishlayapti. Bugungi kunda uning o‘zini saylash juda ham zarur.

Ikkinchi suhbatdoshim iqtisod fanlari nomzodi, Samarqand savdo instituti dotsenti Sulton Odilovning ehtirosli gaplari ham ma’qul bo‘ldi.

Sulton aka Islom Karimovdan ikki sinf kichik bo‘lgan. Matematika va fizikaga qiziqish ularni birlashtirib turgan, buning ustiga ikkovi ham bitta mahallada yashagan.

– Islom aka bizdan hech yordamini ayamasdi. Fan to‘garagida uning yonidan jilmasdik. U kishi bolaligidan juda o‘ktam edi. Hozir ham yig‘ilishlardagi gaplarini eshitib, o‘sha davrlarni eslab qolaman. Sport bilan birga shug‘ullanardik. Eng muhimi, mahalladagi bolalarni hurmat qilardi.

Jismonan chiniqqan, zo‘r bo‘lishiga qaramasdan hech kimga ozor bermadi. Nazarimda ana shu fazilati tufayli ham u hozirgi kunda ko‘pchilik hurmatiga sazovor. Men chetdan Islom aka haqida har xil mish-mishlarni ham eshitib qolaman. Ularga qat’iy aytmoqchimanki, Islom akaning kimligini biz, urushdan keyingi bolalar, juda yaxshi bilamiz va uning halol, pokiza xizmat qilishiga chin dildan ishonamiz.

Dahbedi mahallasidagi qariyalar, xotin-qizlar bir so‘zni takrorlashdi:

– Biz mahallamizdan Islom Karimovday inson yetishib chiqqanligidan faxrlanamiz va butun jumhuriyatimiz mehnatkashlari ana shu tuyg‘umizga sherik bo‘lishini istaymiz.

Farmon TOSHEV.
("O‘zbekiston ovozi" gazetasi,
1991 yil, 18 dekabr, 244-soni).