ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Mustaqilligimiz me’mori qalblarda mangu yashar


30.12.2017

Bu ko‘hna tarix Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov zimmasiga mavjud ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, jar yoqasiga kelib qolgan O‘zbekistonni dahshatli fojialar girdobidan olib chiqish mas’uliyatini yukladi.

O‘z hayoti va taqdirini Vatanimiz taqdiri bilan bog‘lagan har bir fuqaro qatorida, Birinchi Prezidentimiz ham o‘sha tahlikali, iztirobli, hali sobiq Ittifoq hukm surayotgan bir paytda yurtimizni dahshatli fojialar girdobidan olib chiqish uchun kuchli fuqarolik burch, shijoat va ma’naviy jasorat zarurligini juda yaxshi anglagan edi. Shu bois ham u O‘zbekistonning hayotiga dahldor bo‘lgan har bir masalaga jiddiy yondashib, yakunda eng yagona, to‘g‘ri va muqarrar yechim - bu mustaqillik va faqat mustaqillik, degan mantiqiy xulosaga keldi. Islom Karimov bu kabi teran fikrlarni sobiq Ittifoqning turli darajadagi yig‘in va tadbirlarida katta-katta minbarlardan turib bayon etishdan aslo cho‘chib ham, tortinib ham o‘tirmadi. Biz uchun mustabid tuzumning butun davri davomida eng og‘riqli masalasi bo‘lib kelgan paxta xom-ashyosini yetishtirish, xalqimiz esa o‘zining mashaqqatli mehnati uchun munosib haq olishi, munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishi haqidagi talabni sobiq Ittifoq hukm surgan davrlarda kun tartibiga dadil qo‘yishi Birinchi Prezidentimizning ma’naviy jasorati edi.

Islom Karimov O‘zbekiston rahbari bo‘lib saylanganining ertasiga, ya’ni 1989 yilning 24 iyun kuni Respublika hukumatining majlisida “Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi” deb, qat’iy bayonot berishi uning qanday katta azmu shijoat bilan yangi vazifaga kirishganidan dalolat edi.

Mustaqillik - bu millat orzusi, o‘z rivojlanish yo‘lini o‘zi tanlash huquqi. Albatta, bu orzular o‘z-o‘zidan amalga oshgani yo‘q. Xalqimizning ozodlikka intilishi, mustamlakachilik davrida olgan hayotiy saboqlari bois, u yagona umummilliy maqsadga aylangandi. Nihoyat, bu oliy maqsad 1991 yilning 31 avgustida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida amalga oshirildi va Mustaqil O‘zbekiston davlati vujudga keldi. Ollohim bizga shu orzularni amalga oshirishda donishmand, aqlli, uzoqni ko‘zlab ish tutadigan, ezgu ishlarni amalga oshiruvchi ulug‘ bir zotni nasib ayladi. Baxtimizga millatni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun o‘z yo‘liga ega bo‘lgan rahbar inson - Islom Karimov ko‘p millionlik xalqimizning xohish istagi bilan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov istiqlolning dastlabki davridanoq “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, degan bunyodkor g‘oyalarni ilgari surdi. Buning natijasida xalqimiz eski tuzumdan meros bo‘lgan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ta’lim-tarbiya tizimlarini birdan buzib tashlamadi. Ularni asta-sekin isloh qilib, yangi sharoitga moslab, yangisini yaratish yo‘lidan bordi. Shuning uchun mamlakatimizda yangicha asosdagi bunyodkorlik an’analari shakllandi. Mustaqillik yillarida Toshkentda barpo etilgan Temuriylar davlat muzeyi, Oliy Majlis binosi, Xotira maydoni, Samarqanddagi Imom Buxoriy, Amir Temur majmualari, Imom Moturidiy yodgorligi, Buxoro, Xiva, Termiz, Farg‘ona, Marg‘ilon, Navoiy kabi shaharlarda amalga oshirilgan obodonchilik ishlari, zamonaviy korxonalar, ulkan inshootlar, ko‘rkam shahar va qishloqlar barcha-barchasi ana shu bunyodkorlik natijasidir.

Biz bugun o‘zining ma’naviy-moddiy boyliklariga o‘zi ega bo‘lgan xalqmiz. Buning bari esa Islom Karimovning yuksak maqsadlarga erishish uchun o‘z oldiga moddiy taraqqiyot bilan birga ma’naviy rivojlanish masalalarini ham asosiy vazifa qilib qo‘yganligi bosh sabab bo‘ldi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Islom Karimov o‘z rahbarligining dastlabki kunlaridan mamlakatda millatidan va dinidan qat’i nazar, odamlar O‘zbekistonni o‘z Vatani deb hisoblashlariga nafaqat da’vat etdi, balki ular uchun shart-sharoit yaratish qayg‘usi bilan yashadi.

Islom Karimov o‘zining sulhparvar siyosati tufayli millatlararo qarama-qarshilikka barham berdi, alanga olib ketishi mumkin bo‘lgan fuqarolar urushi yong‘inini o‘chirdi, yuz minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Turli millat va elatlar, ko‘p millionli aholi yashaydigan Respublikada va butun mintaqada tinchlik va osoyishtalikka, millatlar va dinlar o‘rtasida totuvlik va barqarorlikka erishishga muvaffaq bo‘ldi.

Islom Karimov sobiq Ittifoq Respublikalari rahbarlari orasida birinchi bo‘lib, millatchi va ekstremistik kayfiyatdagi kuchlarga qarshi kurash boshladi. O‘sha tahlikali yillarda tashqaridan turib qo‘zg‘atilgan birgina O‘shdagi dahshatli xunrezliklarni eslaylik. Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Asqar Akayev 1994 yil 5 noyabrda Rossiyadagi yetakchi nashrlardan biri “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida quyidagilarni gapirib o‘tgandi: “1990 yil iyun oyida, ikki kun ichida O‘shdagi millatlararo qirg‘inda yuzlab o‘zbeklar va qirg‘izlar behuda halok bo‘ldi. Ikki birodar xalq o‘rtasidagi voqealar ikkinchi Qorabog‘ urishiga aylanib ketishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bunda aynan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning qat’iy va aniq o‘ylangan pozitsiyasi yordam berdi”.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tug‘ilgan, asli tog‘li Qorabog‘ning arman qizi sifatida shuni aytishim mumkinki, haqiqatdan ham dunyoda tinchlik suv va havodek zarur. Ollohga ming bor shukurki, janatmakon yurtimiz aholisi urush nima ekanligini bilmaydi. Qorabog‘ga borib, u yerda sodir bo‘layotgan vaziyatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimda, men chin dildan Birinchi Prezidentimizga biz uchun yaratib bergan tinchlik va ertangi kunga bo‘lgan mustahkam ishonch uchun mingdan ming tashakkurlar aytdim. Aynan birgina mana shu tinchlik tufayli ham biz kundan kunga yuqori marralarni zabt etib, O‘zbekiston davlatini dunyoga tanitib kelmoqdamiz.

“O‘zbekiston - umumiy uyimiz”, deya ifodalangan va izchil amalga oshirilgan tamoyil mamlakatimizda tinchlik va millatlararo totuvlikni asrab-avaylashda muhim omil bo‘ldi. Yer yuzida tinchlik hukm surishi uchun millatlararo totuvlik suv bilan havodek zarur. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, yurtimizning eng katta boyligi bu - diyorimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillaridan iborat xalqimizdir. Mustaqilligimizning eng katta yutug‘i esa ular o‘rtasidagi totuvlikdir.

Birinchi Prezidentimiz aynan ozod va mustaqil O‘zbekiston davlatini barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash, tarixiy adolatni tiklash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun hamda bu borada matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun 1996 yilda “Mustaqillik” va 1998 yilda “Amir Temur” ordenlari bilan taqdirlandi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston 130 dan ortiq millat va elat vakillari uchun umumiy uy hisoblanadi. Mamlakatimizda ularning ma’naviy va madaniy taraqqiyoti uchun keng sharoitlar yaratilgan.

Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan millatlararo totuvlikni barqarorlashtirish maqsadida 1992 yilda “Respublika Baynalmilal madaniyat markazi” tashkil etilgan edi. Bugungi kunda unga biriktirilgan 140 dan ziyod markazlar hududlarda faoliyat yuritmoqda.

Bunday tenglik va xurlik imkoniyatlaridan arman millatiga mansub aholi ham bahramand bo‘lib kelmoqda. Biz uchun o‘z tilimizni, madaniyatimizni, urf-odatlarimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga o‘rgatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Madaniyat markazlari tomonidan har yili mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tadbirlar, yurtimizda yashayotgan turli millatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Men ham ularda faol ishtirok etib kelmoqdaman.

Men arman qiziman lekin O‘zbekiston farzandiman. Shu aziz tuproqda tug‘ilganman va uni o‘z Ona Vatanim, deb bilaman. Bunday go‘zal tabiatga boy, mehmondo‘st, tinch, o‘lkaning farzandi ekanligiimdan benihoyat faxrlanaman. Bugungi kunda mening Vatanimday tinch makonda yashash insoniyatning asriy orzusidir!

Men mustaqillik tengdoshiman. Shunday jannatmakon yurtim borligidan juda ham g‘ururlanaman. Vatanimga bo‘lgan muhabbatimni men she’rlarimda ham bayon qilaman:

Shoirga ilhom bergan Shirinning Yurtidanman,

Hofiz tilida qo‘shiq Azganush Yurtidanman.

Bo‘lsam-da, arman qizi Vatanim O‘zbekiston,

O‘zim qurboning bo‘lay beray bo‘lsam mingta jon.

Jannatmakon Yurtimda to‘rta fasl ham mujassam,

Go‘zal Yutim ta’rifin qancha bitsam, shuncha kam.

Qo‘yib ko‘ksimga qo‘lim, o‘zbekcha salom deyman,

Ta’zim qilib sizlarga, salom, Assalom deyman!

Meni Vatan kutmoqda, kelajak kutmoqda. Kelajagim ravnaqi uchun, buyuk davlat bo‘lishi uchun Birinchi Prezidentimiz saboqlarini yuragimga jo etgan holda, munosib farzand bo‘lishga harakat qilaman. Maqsadimiz yagona - mustaqilligimizni mustahkamlashdir. Islom Karimov olib borgan oqilona siyosati tufayli yurtimizda qaror topgan tinchlik, ijtimoiy totuvlik, o‘zaro hamkorlikning tobora mustahkamlanib borishi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.

Birinchi Prezidentimizning “Jahon keng, dunyoda mamlakat ko‘p, lekin bu olamda betakror ona yurtimiz O‘zbekistonimiz yakkayu-yagona. Bu go‘zal yurt, bu muqaddas zamin faqat bizga atalgan. Mana shu ulug‘ tuyg‘u har birimizni dilimizda bo‘lishi, hayotimiz mazmuniga aylanishini istardim...” degan gaplari shu Vatanda yashayotgan har bir fuqaro qalbida shubhasiz faxrlanish hissini uyg‘otadi.

Xulosa qilib, Mustaqil O‘zbekistonimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zbek xalqi, shu zaminda ming yillardan buyon istiqomat qilayotgan insonlar, ajdodlarining azaliy orzularini ro‘yobga chiqargan, el yurt taraqqiyoti, xalqimizning baxtiyor turmushi uchun butun umrini bag‘shida etib, qisqa davr mobaynida mamlakatimizni ulkan taraqqiyotga olib chiqqan ulkan siyosatchi, buyuk davlat arbobidir, deyishga xaqlimiz. U xalqimizning chin ma’nodagi milliy qahramonidir. Zero, Islom Karimov o‘z xalqini, mustaqil O‘zbekistonni eng og‘ir davrlardan haqiqiy yetakchi bo‘lib olib o‘tdi. Diyorimizda tinchlik, farovonlik, bunyodkorlik va yaratuvchanlikni ta’minladi. “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido O‘zbekistonim”, deya Vatanni dilda ham, tilda ham ulug‘ladi.

Birinchi Prezidentimiz yaratib bergan tinchlik uchun, har qancha tahsin va tashakkurlar aytsak arziydi. U insonga bo‘lgan cheksiz hurmatimni ularga atab yozgan quyidagi she’rimda namoyon qilmoqchiman:

INSON UMRI

I

Bir inson umrini daraxtga benzab,

Soyasida dam olish mumkin.

Bir inson umrini daryoga benzab,

Undan qonib-qonib suv ichish mumkin.

Daraxt - Siz,

Biz - nihol, beshak.

Daryo - Siz qoldirgan meros…

Undan suv ichmoqda,

Har o‘g‘il,

Har qiz.

Bugun har ko‘chalar go‘zal, betakror,

Unda sizni tuyaman shaksiz.

Qaysi bir go‘shaga yo‘limiz tushsa,

U yerda siz bosgan iz bo‘lar shaksiz.

Bir inson umrini daraxtga benzab,

Soyasida dam olish mumkin…

II

Yuragim to‘rida bir inson yashar,

Bir ajoyib inson: so‘zlari - purma’no, purziyo.

Dunyoga teran ko‘z bilan boqadi,

Vatan xizmatida oqargan sochi.

III

Shu tuproqda tug‘ildim,

Shunda mening makonim.

Shu yurtni Vatan bildim,

Shu yer bo‘lur mozorim.

Ota, deb suyanganim,

Ona kabi g‘amxo‘rim.

Har gapida quchdim, deb,

Bizlarga ishonganim.

Baxtga eltib bizni,

Bugun Siz lomakonsiz.

Har qalbda mangu chiroq,

Quyoshim, mayog‘imsiz!

 

Manushak ARUSHANOVA