ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

1994 yil 5-may kuni «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni ta’sis etildi


05.05.2018

Hozirgi kunda barchamizga mamlakatimizning davlat mukofotlari yaxshi tanish. Taqdirlangan vatandoshlarimiz haqida esa matbuotdagi xabarlarda o‘qiymiz, ular uchun xursand bo‘lamiz. Ammo, ko‘pchiligimiz ushbu mukofotlar qachon ta’sis etilgani, qanday yaratilgani, ularning ancha variantlari ko‘rib chiqilgani, bu yo‘nalishda qanday ulkan ishlar olib borilgani haqida hech ham o‘ylab ko‘rmaganmiz.

Birinchi bor davlatimiz mukofotlari haqidagi masalani 1992-yilning iyunida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ilgari surgan. O‘sha vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kunining bir yillik bayramiga bag‘ishlangan medalni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi.

Hukumatimiz tomonidan shunday vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida "Fonon" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etilib, unga rahbarlik qilishga akademik Muxsin Ashurovni tayinladi. Ushbu mukofotni yaratish va uning ustida ishlash jarayonlarida medalning ko‘pgina variantlari taklif qilingan va ko‘rib chiqilgan, deb eslaydi akademik. Islom Karimovga nafaqat mukofotni yaratish g‘oyasi tegishli bo‘lgan, balki u mukofotning umumiy konsepsiyasi va dizaynini shakllantirish borasidagi muhokamalarda bevosita ishtirok etgan.

G‘oyat aniq darajadagi ish natijasida eng maqbul variantlar topildi. Tasdiqlangan namunalar bo‘yicha 20 ming medallardan iborat birinchi partiya Italiyada ishlab chiqarilgandi, chunki "Fonon" ishlab chiqarish birlashmasi tashkil topish va shakllanish jarayonida edi. Keyinchalik bu korxona eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular kelajakda yaratilgan orden va medallarni ishlab chiqarishga imkon yaratdi.

O‘zbekistonning birinchi davlat mukofoti "Sog‘lom avlod uchun" ordeni bo‘lishi bejiz emas, u Birinchi Prezidentning tashabbusi bilan 1993-yilda ta’sis etilgan edi. Ona bilan bolaning tasviri tushirilgan mukofot ikkita darajaga ega. U bilan onalik va bolalikni muhofaza qilish, o‘sib kelayotgan avlodning salomatligini mustahkamlash, uni ma’nan, jismonan tarbiyalashda ko‘rsatilgan alohida xizmatlar hamda bolalarning manfaatlari yo‘lidagi xayriya ishlarini rivojlantirishdagi faol ishtirok uchun taqdirlanadilar. Bu O‘zbekistonning birinchi ordeni bo‘lib, o‘zining maqomiga ko‘ra dunyo amaliyotida unga o‘xshash muqobili yo‘q.

Bundan 24 yil oldin 1994-yilning 5-may sanasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni ta’sis etildi hamda u bilan taqdirlangan shaxslarga oliy mukofot belgisi - «Oltin Yulduz» medali va unga doir guvohnoma topshirilishi belgilandi. Shu bilan birga "Mustaqillik" va "Do‘stlik" ordenlari, "Jasorat" va "Shuhrat" medallari ta’sis etildi.

O‘zbekiston Qahramoni unvoni - davlatimizning oliy mukofotidir. Ushbu unvon O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga davlat va xalq oldidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi. O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan shaxsga “Oltin yulduz” medali tantanali ravishda topshiriladi.

Davlatimizning yuksak mukofotlaridan biri “Mustaqillik” nomi bilan atalishida ham katta ramziy ma’no bor. Ushbu orden bilan huquqiy davlatni barpo etish va uni mustahkamlashga, mamlakatimizda tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

“Do‘stlik” ordeni bilan O‘zbekistondagi barcha millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlashda katta yutuqlarga erishgan, xalqimizning boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do‘stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan fuqarolar mukofotlanadi. Ushbu mukofot sohiblari orasida yurtdoshlarimiz bilan birga boshqa mamlakatlar fuqarolari ham bor.

“Jasorat” medali bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizning milliy xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy yoki xizmat burchini ado etish vaqtida ko‘rsatgan jasoratlari uchun ko‘plab yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

“Shuhrat” medali bilan mamlakatimiz iqtisodiyoti, fani va madaniyatini rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik hamda milliy istiqlol va ijtimoiy taraqqiyot g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz taqdirlanmoqda.

Ushbu mukofotlarni yaratish jarayonida Islom Abdug‘aniyevich faol ishtirok etgan, shaxsan o‘zlari taklif etilgan eskizlar ishlab chiqishda, rang gammasiga, simvolikasiga, kompozitsion yechimlariga, orden tasmalari variantlariga tuzatishlar kiritgan.

O‘tgan yilning 5 may sanasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mukofotlar ta’sis etilgan kun munosabati bilan ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmada yurtimizdagi islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga katta hissa qo‘shgan, el-yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashda fidoyilik ko‘rsatgan, jamiyatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-ma’rifiy hayotida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimiz taqdirlangan mazkur Davlat mukofotlarining ta’sis etilishi tarixi, maqsadi bilan tanishtiruvchi kitoblar, risolalar, gazeta va fotosuratlar taqdim etilgan.

Davlatimizning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan halol va fidokorona mehnat qilayotgan, Vatan uchun yashash, el-yurt uchun xizmat qilishni – oliy saodat deb bilgan yurtdoshlarimiz, davlat va jamoat arboblari, fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot namoyandalari, sanoat va qishloq xo‘jaligi vakillari taqdirlash an’anasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan davom ettirilmoqda.

Jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan shaxslarni har tomonlama rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlatimiz rahbarining 2017 yil 10-iyuldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiyasi tashkil etildi. 2018 yil 11-aprelda esa «Davlat mukofotlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida hamda “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini joriy qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinib, shu asosda 50 dan ortiq davlat mukofoti, jumladan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, 34 faxriy unvon, 11 ta orden va 4 ta medal hamda O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i ta’sis etildi.

Yurtboshimiz tomonidan «Mard o‘g‘lon» va «Kelajak bunyodkori» davlat mukofotining ta’sis etilishi kelajagimiz egalari hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.

«Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi.

«Kelajak bunyodkori» medali bilan vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qo‘shayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, shuningdek o‘qishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar mukofotlanishi belgilab qo‘yildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Davlat mukofotlari mamlakatimizning fuqarolarini, ayniqsa, yoshlarni o‘z vataniga, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Sherzod Salimov
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy
Yodgorlik majmuasi tadqiqotchisi