Islom Abdug‘aniyevich Samarqandda tug‘ilgan. U oiladagi sakkiz nafar farzandning yettinchisi edi. Otalari, buvam Abdug‘ani bobo oddiy xizmatchi, onalari, buvim Sanobar aya uy bekasi edi. Amakilarim, ayniqsa ammam Mehriniso opani yaxshi eslayman.
Amakilarimning hammasi oliy ma’lumotli, maktabni oltin medal bilan tugatganlari ham bor. Islom akadan tashqari yana ikkita amakim fan nomzodi bo‘lgan. O‘sha vaqtlar uchun bu oddiy hol emas edi. Mehriniso ammamning aytishicha, Islom amakimning zukkoligi onalaridan o‘tgan ekan.
Sanobar ayaning otalari o‘qimishli o‘z davrining orif insonlaridan bo‘lgan ekan. Ularni hurmat bilan mulla-sharif deb chaqirishardi. U kishi qizlariga ism berishda ham, ijodiy yondoshib, o‘sha davrlarda uncha rasm bo‘lmagan o‘ziga xos nomlarni topib qo‘yganlar: Sanora, Sanobar, Sevar.
Kuchli iroda va qattiqqo‘llik Islom Abdug‘aniyevichga otalaridan o‘tgan bo‘lsa kerak. Abdug‘ani bobom cho‘rtkesar, bir so‘zli, o‘ziga va boshqalarga nisbatan birdek talabchan odam edi.
Sanobar buvim ko‘chaga kam chiqardilar. Qo‘shni ayollarning bekorchi, mayda-chuyda gaplariga qo‘shilmasdilar. Doim uy ishlari, oila tashvishlari bilan band bo‘lganlar. Xotiralari juda o‘tkir edi. Politbyuro a’zolarini nomma-nom bilardilar. Atrofdagi voqealar, dunyodagi yangiliklar bilan juda qiziqardilar.
Islom Abdug‘aniyevich kelganlarida savollarga ko‘mib tashlardilar. U kishiga bunday suhbatlar erish tuyulib, kulimsirab javob qaytarardilar. Onalarini juda e’zozlardilar. Buvim Islom amakim haqida g‘ururlanib gapirardilar. Iymonli ayol edilar. O‘sha paytlarda hayiqmasdan besh vaqt namoz o‘qib ibodat qilardilar. Men mana shunday ahil oilada ulg‘ayganimdan faxrlanaman, Allohga shukrlar bo‘lsin, deyman.
Oilamizda tanish-bilishchilik degan tushuncha bo‘lmagan. Islom amakim imkoniyatlari bo‘lsada, har kim o‘z kuchiga, bilimiga tayanib yashashi kerak derdilar. Faqat bir marotaba meni yangi lavozimga tayinlashayotganlarida tavsiyanoma yozib berganlar. Shuning o‘zi ham men uchun juda katta yordam bo‘lgan. Boshqa biron marta ishim yoki hayotimga aralashmaganlar.
Hamma o‘z aravasini o‘zi tortgan. O‘zlari ham hech kimdan yordam kutmasdan, muammolarni o‘zlari hal qilardilar. Lekin bordi-keldi, qarindoshchilik hech qachon uzilmagan.
Xotiralari hamisha yuragimda saqlanib qoladi.
Azim Karimov
Islom Karimovning jiyani
***
1938 yil Birinchi Prezidentimiz tug‘ilgan yil. Mafkuraviy kurash avjiga chiqqan bir paytda yangi tug‘ilgan chaqaloqqa Islom deb nom qo‘yish jasoratga teng qaror bo‘lgan. Qatag‘onlar davom etayotgan tahlikali kunlarda islomiy nomlar bilan bolalarni atash tugul diniy mavzuda so‘z yuritishning o‘zi xavfli bo‘lgan.
Rasmiy hisobotlarga ko‘ra o‘sha yili Samarkand oblastida 1694 nafar bola tug‘ilgan. Faqat bittasigagina Islom deb nom berilgan ekan.
Bu albatta, sakkiz nafar bolani voyaga yetkazib, tarbiyalab, hayotda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan Abdug‘ani ota bilan Sanobar ayaning qat’iyatliligi, faqat vijdon amriga bo‘ysinib yashashganligidan dalolatdir.
Orzu Rahmatov
«Dahbediy» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi
***
Islom Abdug‘aniyevich bilan 1970 yili Samarqandda, akasi Ibod G‘aniyevichning uyida tanishganmiz. Uning rafiqasi Xayriniso Sultonovna mening ammavachcham edi. Men Samarqandda muhandislik-texnologiya fakultetida tahsil olib, talabalar yotoqxonasida istiqomat qilar, darsdan keyin ularnikiga tez-tez mehmonga borib turar edim. Ibod G‘aniyevich oqko‘ngil, aqlli va odamshavanda inson, boz ustiga, yaxshi suhbatdosh ham edi.
Yangi yil eshik qoqib turgan kunlarning birida opamnikida o‘tgan navbatdagi mehmondorchilikdan so‘ng endigina ketishga taraddud ko‘rib turganimda bir yigit kelib qoldi. Uni menga Ibod G‘aniyevichning ukasi deb tanishtirishdi. Bu Islom Abdug‘aniyevich edi. Birinchi uchrashuvimizda deyarli gaplashmadik. Qizlik idrokimda nedir kuchli taassurot qoldirganini eslolmayman. Men uchun u paytda Islom Abdug‘aniyevich oq-qorani tanigan jiddiy bir odam, egachimning qaynisi edi.
Oradan bir necha oy o‘tib, fevral oylarida biz yana Toshkentda ko‘rishdik. Men Farg‘onaga ta’tilga ketayotgan edim. Quvasoydagi qarindoshlarni yo‘qlashga otlangan Xayriniso Sultonovna menga hamroh bo‘ldi. Islom Abdug‘aniyevich chipta olishda yordam berdi. Poytaxtda birrovga to‘xtab o‘tdik. Bu gal ham suhbatimiz uzoq davom etmadi.
Kechagidek yodimda, martning yettinchi kuni, ayni bayram arafasi edi. Ko‘klamning xush iforga to‘la iliq havosi. Shig‘alab yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan keyin atrof-borliq toza, musaffo va go‘zal bo‘lib ketgan. Ko‘lmaklarda osmon parchasi aks etar, ko‘ngillar yorishib, farahbaxsh hislarga limmolim to‘lgan edi. Men talabalar yotoqxonasida edim. Ittifoqo meni bir yigit so‘rab kelganini xabar qilishdi. U kim ekani yetti uxlab tushimga ham kirmagani rost. O‘zimcha otam yo‘llagan (ehtimol biror narsa berib yuborgandir) yoki oilamiz, xonadonimizga daxldor birovdir-da deb o‘yladim.
Chiqib ko‘rdimki, meni yo‘qlab kelgan odam Islom Abdug‘aniyevich ekan.
Meni sayr va suhbatga taklif qildi. Biz ilk bor yolg‘iz o‘zimiz ko‘rishib turgan edik. Tabiat, ob-havo, o‘qish haqida suhbatlashdik. Odatiy suhbat. Lekin sayr asnosida Islom Abdug‘aniyevich to‘xtab, hech kutilmaganda «Menga turmushga chiqasizmi?» deb so‘radi. Men, albatta, hayratdan qotib qolgan edim. Qanday izohlashni ham bilmayman, men shunday holga tushgan edim: aql vaziyatni hali to‘liq anglab, baholab bo‘lmasdan, qalb va yurak «ha» deya javob berib bo‘lgan edi. Ko‘ngil shubhayu gumondan xoli kezlarda shunday bo‘ladi. Men bu insonning kuchi, samimiyati, jozibasi, qat’iyati va nedir bir ohanrabosini sezgan bo‘lsam kerak... Men «ha» deya javob berdim. Bari ana shunday kechgan edi. Bor-yo‘g‘i bir necha qisqa uchrashuv...
Tatyana Karimova
Islom Karimovning rafiqasi