Mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasi qalbimizda mangu yashaydi
Bir yil bo‘layapti yurtimizni larzaga solgan o‘sha mash’um kunga, Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat arbobi, xalqimizning suyukli farzandi Islom Karimovdan judo bo‘lganimizga. Bu ulug‘ zotning butun hayot yo‘li, hatto u bilan vidolashuv kunlari ko‘rgan-kechirganlarimiz bizga hayot haqiqatlaridan o‘chmas saboq berdi, umr mazmuni haqidagi qarashlarimizni to‘zg‘itib yubordi...
Inson zoti borki, boshidan o‘tgan, biladi, yaqin kishisini yo‘qotish qanchalik og‘ir musibatligini. Bunday paytda «Yaratganning irodasi, bandalik», deymiz, sabr tilaymiz. So‘ng oy o‘tib, yil o‘tib, taqdirga tan beramiz, ko‘nikamiz...
Yurt egasidan, xalq otasidan judo bo‘lish musibatning musibati ekan, o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydigan judolik ekan. Hali-hamon bu judolik bilan kelisha olmaymiz, hali-hamon yuragimizni armon o‘rtaydi. Islom Karimov yodga olinsa, uning fazilatlari haqida gap ketsa, beixtiyor ko‘zimiz yoshga to‘ladi. O‘sha sarosimali, iztirobga to‘la kunlar, voqealar xuddi kechagidek ko‘z o‘ngimizdan o‘ta boshlaydi.
...Islom Karimov shifoxonada hushsiz yotganmish, degan sovuq xabardan odamlar karaxt bo‘lib qoldi. Uch kechayu uch kunduz tahlikali o‘tdi, Yaratgandan Yurtboshimizga omonlik tilab yolvordik.
Mustaqilligimizning yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Kattayu kichik bu tantanada Islom Karimovni ko‘rishni, chorak asr davomida erishgan yutuqlarimiz haqidagi quvonchga to‘la so‘zlarini, tabriklarini eshitishni hayajonlanib kutayotgandi. Yurtni qaramlikdan qutqazgan, ko‘ksini qalqon qilib, xalqni turli tahdidlardan himoya etgan, o‘t-olovlardan, balo-qazolardan eson-omon olib o‘tgan, O‘zbekistonni dunyoga tanitgan, o‘zbek xalqining obro‘sini joyiga qo‘ygan inson bu to‘yga o‘zi bosh bo‘lishi kerak edi...
Uzoq Braziliyada o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida matonat va jasorat ko‘rsatib, O‘zbekiston farzandlari kimligini dunyoga ko‘z-ko‘z qilib, xalqimiz va Prezidentimizni xursand etgan sportchilarimiz ham hayajon bilan bugun-erta Oqsaroyda bo‘ladigan uchrashuvni kutishayotgandi. Xalqimizning Yurtboshimiz bilan bog‘liq yana qancha-qancha orzulari bor edi...
Ming afsus... Aytishga hamon til bormaydi... Bunga ishonish qiyin edi. Odamlar «Nahotki...» deya bir-biridan qayta-qayta so‘rardi. Keyin, keyin hammaning qalbi qayg‘uga botdi...
O‘sha kuni ertalab xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovga qo‘ng‘iroq qildim, hamdardlik bildirmoqchi bo‘ldim, ovozim qaltirab ketdi...
— Osmon qulab tushdi... O‘zbekiston quyoshini yo‘qotdi... Ko‘zimdan yosh to‘xtamaydi, — dedi Abdulla aka.
U o‘ksib-o‘ksib, chuqur-chuqur nafas olib gapirardi: — Bu ulug‘ insonni xalqimiz baxtiga Xudo yuborgandi... U olov ichida yashadi, bir kun ham tinch uxlamadi. Bizni qo‘riqladi, bizni o‘yladi... Mehnatining rohatini ko‘rmadi, shu armon bo‘lib qoldi...
Bu o‘kinchli so‘zlarni ko‘pchilik aytdi. Lekin Islom Karimovning fe’li, prinsiplari boshqacha edi, o‘zigagina xos edi, dam olishga o‘rganmagandi. U kutilmagan noyob fikrlari, tashabbuslari, qarorlari bilan nafaqat bizni, balki boshqa ko‘plab davlatlar rahbarlarini, arboblarini ham hayratga solardi. Uning bu yorug‘ olamdan ketishi ham mutlaqo kutilmagan tarzda bo‘ldi, birdaniga ketdi, tik turib, kurashganicha ketdi, mardona ketdi.
«Ertalab uyda edim... avvaliga ishonmadim, — deydi bir hamkasbimiz. Keyin birdaniga ko‘nglim to‘lib ketdi... Bolalarimdan tortinib, boshqa xonaga o‘tib, yig‘lab-yig‘lab chiqsam, ayolim bilan o‘n ikki yashar nevaram ham yig‘layotgan ekan. Ularga qo‘shilib, yana yig‘ladim...»
«Bilmadim, tushuntirish qiyin, o‘sha kuni o‘zimni qo‘lga ololmadim, ishga bormadim, kun bo‘yi yig‘ladim», deydi Avazbek ismli iqtisodchi olim do‘stimiz.
Buxorolik Farhod degan quruvchi ukamiz aytadi: «Oyoq-qo‘lim bo‘shashib, nima qilarimni bilmay, gangib qoldim, to‘rtinchi sinfda o‘qiydigan qizcham «Dada, Prezidentimiz bizni yaxshi ko‘rardilar-ku, nega ketdilar?» dedi. Uning ko‘zlari yoshga to‘lib turganini ko‘rib, o‘zimni to‘xtatolmadim...»
Taniqli shoir Zikrilla Ne’mat o‘sha kunning ertasi tahririyatimizga «Siz mangu hayotsiz» sarlavhali she’rini olib kelgan edi. She’r shunday boshlanadi:
Bu kun tong otmadi, meni g‘am otdi,
Qayg‘u dengiziga g‘am-alam otdi.
O‘ttiz ikki million xokisor xalqim
Yuragiga motam xanjari botdi.
Ushbu tong yosh ko‘rdim olam ko‘zida,
Rafiqam ko‘zida, bolam ko‘zida.
Bir alam, bir qayg‘u, bir titroq ko‘rdim,
Har bir yurtdoshimning g‘amgin so‘zida...
Bunday iztirobli tuyg‘ular barchamizning dilimizda hukmron edi. O‘sha kunlari butun Respublikamizda tez tibbiy yordam markazlari tinim bilmadi. Bu judolik dardini ko‘tarish oson bo‘lmadi. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimizdan ko‘p ro‘shnoliklar ko‘rgan qariyalarimiz qaddi bukilib qoldi...
Bu judolik poytaxtimiz Toshkent ahli uchun boshqalardan ko‘ra og‘irroq kechdi. Ular ayriliqning tog‘dek yukini ko‘tarish bilan birga, yuraklari uzilgudek bo‘lib, qadrdon, aziz inson tobutini Samarqandga kuzatishdi. O‘sha iztirobli manzaralar hamon ko‘z o‘ngimizda turibdi. Tanish-notanish odamlar bir-birini bag‘riga bosib hamdardlik bildirardi...
Musibat xalqni birlashtiradi, jipslashtiradi, degan qadim hikmatni inkor etish qiyin, albatta. Ammo aslida birlashmagan xalq birdaniga birlashib ketarmikin, aslida mehr-oqibatsiz xalq birdaniga mehr-oqibatli bo‘lib qolarmikin?..
Ehtimol, musibat xalqning fe’li, madaniyati, aql-idrokini namoyon qilar? Yurt boshiga sinov tushganda, xalq qalbida osoyishta yotgan samimiy tuyg‘ular qalqib yuzaga chiqar?..
Birinchi Prezidentimiz tobuti aeroportga olib o‘tiladigan ko‘chalar cheti tun yarmidan boshlab Toshkent ahli bilan to‘lib toshdi. Hech kim bilmas edi: tobut qay soatda olib o‘tilishini. Ular qo‘llarida gul, ko‘zlarida yosh, yuraklarida cheksiz alam-iztirob bilan vidolashuv onlarini kutishdi... Ular Islom Karimovni oxirgi marta ko‘rib qolish uchun, xayrlashish uchun ertalab soat sakkizgacha oyoqda tik turishdi. Bu vidolashuv yurtning chinakam otasi bilan, sadoqatning, adolatning, jasoratning, vatanparvarlikning, ozodlikning timsoli bilan vidolashuv edi. «Onalarimiz, bobolarimiz va buvilarimizning umrini bersin, bolalarimizning baxtini bersin», deb bir umr kurashgan inson bilan vidolashuv edi. «Qaniydi, qulochim yetsa, barchangizni bag‘rimga bosardim», deya ko‘nglidagi mehrini hayajonlanib, takror va takror izhor etib kelgan aziz Yurtboshi bilan vidolashuv edi. Umrining so‘nggi damlarida «Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!», deya o‘z Vataniga cheksiz mehr-muhabbatini izhor etgan, bu muqaddas so‘zlarni, fikrni ongu shuurimizga singdirgan, ona yurtini, shu sodda, bag‘rikeng, mehnatkash xalqini jonidan aziz bilgan Yo‘lboshchi bilan vidolashuv edi.
Ming-minglab odamlar tobut yo‘liga gullar sochishdi, gullardan poyandoz yoyishdi, ko‘zda to‘la yosh, yurak to‘la iztirob bilan qayta-qayta ta’zim qilib, «Rahmat sizga, hammasi uchun rahmat», deya o‘z minnatdorchiliklarini izhor etishdi...
Millat xaloskori, tayanchi-suyanchi, faxr-iftixori bo‘lgan ulug‘ Yurtboshimizni o‘z bag‘riga olgan samolyot uvvos solib Toshkentdan ko‘tarildi... Go‘yo azim Toshkentning yuragini uzib, yerdan ko‘tarildi...
Tarixning ko‘p og‘ir sinovlariga bardosh bergan, taqdirning ko‘pdan-ko‘p dardu qismatlaridan sochi oqargan mo‘ysafid Samarqand bundan olti yuz yil ilgari bo‘lganidek zil-zambil qayg‘u bilan, osmoni falakni tutgan motam sukuti bilan o‘zining yana bir buyuk farzandi tobutini kutib oldi... Samarqand aeroportidan Registon maydonigacha yo‘lning ikki cheti odamlar bilan to‘lgan edi. Bu yo‘l ham gullarga ko‘mildi, bu yo‘ldan yurish juda og‘ir bo‘ldi.
Minglab odamlar ko‘zda yosh bilan mo‘ltirab turishardi. Azamat yigitlarning yelkasi titrab yig‘layotgani, munis qizlar, ayollar ko‘zidan shashqator yosh oqayotgani, mo‘ysafid kishilar bosh egib, unsiz yig‘layotganini ko‘rgan har qanday bag‘ritosh odamning ham dosh berishi qiyin edi.
Birinchi Prezidentimiz, Mustaqilligimizning asoschisi Islom Karimov Samarqandning muqaddas go‘shalaridan biri – Hazrati Xizr majmuasida dafn etildi. Qadim Samarqandda muqaddas ziyoratgohlar yana bittaga ko‘paydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 25 yanvarda «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Hazrati Xizr majmuasida Islom Karimov maqbarasini bunyod etishga kirishildi. Sanoqli kunlardan so‘ng bu ziyoratgohning ochilish marosimini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Boshimizga tushgan bu musibatli kunlarda ko‘rgan-bilganlarimiz har birimizni bir muhim savol ustida o‘ylashga da’vat etadi: Islom Karimov xalqimizning bunday cheksiz hurmati, mehr-muhabbatiga nimaning hisobidan sazovor bo‘ldi?
Bu aslida jo‘n savol emas, murakkab savol, zalvorli savol, chuqur o‘ylab, asoslashni talab etadigan savol. Uning javobi ham o‘nlab kitoblarga sig‘maydi. Shu bois javoblar ummoni tomon ishora qilish bilan cheklanishga to‘g‘ri keladi.
Islom Karimov 1989 yili xalqimiz qaramlikning jabri-zulmini tortib, huquqi, sha’ni oyoq-osti bo‘lib, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar qalashib yotgan og‘ir bir sharoitda O‘zbekistonga rahbar bo‘ldi. Buning ustiga, sobiq markaz topshirig‘i bilan «Paxta ishi», «O‘zbek ishi» degan tuhmatdan iborat ayblovlar bilan ming-minglab odamlar asossiz tergov qilinayotgan, qamoqqa tashlangan, sovet hukumatining shafqatsiz qatag‘on siyosati avj olgan edi. Ezilgan, xo‘rlangan xalq himoyaga, xaloskorga muhtoj edi.
Gazetalar taxlamlarini varaqlagan kishi Islom Karimov bu bedodlikka, haqsizlikka qarshi qanday qat’iyat va dovyuraklik bilan kurash olib borganiga guvohi bo‘ladi. U 1989 yil 23 iyunda respublikamiz rahbari etib saylangan bo‘lsa, ertasi kuni O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetida katta majlis o‘tkazib, ochiq va achchiq nutq so‘zladi. «Biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi», deb qat’iy aytdi. Bu so‘zlar uning katta maqsadi, ulug‘ niyatlari borligini bildirardi. Ertasi kuni Farg‘onaga yo‘l olib, tashqi kuchlar uyushtirgan qonli voqealar olovini o‘chirishga kirishdi. Xalqimizga qilinayotgan tuhmatlarga qarshi turdi. «O‘zbek xalqining vijdoni pok. Farg‘ona voqealari o‘zbek xalqining irodasi bilan sodir bo‘lmadi», deya millatimiz sha’nini himoya etdi, fikrini asosladi.
Keyin xalqimiz tinka-madorini quritgan paxta yakkahokimligiga qarshi kurash boshladi. Paxta yetishtirish plani 700 ming tonnaga kamaytirildi. 1989-1990 yillarda bir yarim milliondan ko‘proq oilaga qo‘shimcha yer ajratildi. 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Bu xavfli qaror edi, yil sayin paxta planini oshirishni, paxta maydonlarini ko‘paytirishni talab etib kelayotgan KPSS Markaziy Komiteti manfaatiga zid qaror edi. To‘g‘risi, o‘sha zamonda bunday harakatga kimdir jur’at etishi aqlga to‘g‘ri kelmasdi. Ikki-uch oila bir tor hovlida tiqilib yashab kelayotgan, tomorqa yoki uy qurish uchun bir parcha yer olish o‘limdan qiyin bo‘lgan bir davrda Islom Karimovning bu qarori xalqimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston aholisi o‘rta hisobda go‘sht va sut mahsulotlari, tuxumni sobiq ittifoq aholisiga nisbatan ikki baravar kam iste’mol qilishi, onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha birinchi o‘rinda turishini hisobga olib, xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bu qarorning ahamiyati yanada oshadi. Xalqimizning og‘ir mehnati evaziga yetishtirilib, suv tekinga sobiq markazga topshirilib kelingan paxtamizga munosib haq to‘lanishini ham Islom Karimov ochiq talab qilib chiqqan edi.
Qisqa vaqt ichida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi, Navro‘z xalqimizga qaytarildi, diniy bayramlar tiklandi, ulug‘ ajdodlarimiz nomlari oqlandi. Ularning bebaho merosi o‘rganishga kirishildi. Birinchi Prezidentimiz bir umr bizni ajdodlarimizdan faxrlanishga, g‘ururlanishga, ularga munosib bo‘lishga da’vat etib keldi. U qishloq odamlari turmushini farovonlashtirdi. Bizni kiyintirayotgan, boqayotgan qishloq mehnatkashlari munosib hayot kechirishi kerak, deya ko‘p qayg‘urdi.
U Toshkentga alohida e’tibor va mehr bilan qarardi. 1990 yil 20 iyun kuni Toshkent shahar faollari yig‘ilishida so‘zlagan nutqida «Toshkentni yuksak taraqqiyot va madaniyat shahriga aylantirishimiz kerak», degan vazifani qo‘ydi. Avvalo, shahar ko‘rkini buzadigan, ekologiyasiga zarar yetkazadigan sanoat korxonalari, omborxonalarni shahar tashqarisiga olib chiqish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Shaharni har tomonlama obod qilish dasturi ishlab chiqildi. Ayniqsa, Eski shaharning achinarli ahvoli, odamlar hayot ta’minotining eng oddiy sharoitidan ham benasibligini aytib, ahvolni zudlik bilan tuzatish kerakligini uqtirdi. Mustaqillik yillarida Toshkent butunlay yangi qiyofaga ega bo‘ldi. Har bir bino, yo‘l, ko‘prik loyihasi Birinchi Prezidentimizning shaxsan tashabbusi bilan yaratildi va shaxsan o‘zi bunyodkorlik ishlarini nazorat qildi, takliflar berdi. Nafaqat Toshkentda, balki mamlakatimizning barcha hududlarida tarixiy bunyodkorliklar amalga oshirildi...
Birinchi Prezidentimizning yana bir o‘ziga xos fazilati shunda ediki, ko‘zlari yonib turgan yoshlarimiz bilan uchrashganda, ularning yutuqlarini ko‘rganda, chin dildan quvonardi. Qaysi anjuman bo‘lmasin, albatta yoshlar haqida alohida to‘xtalib, ularga «Aziz farzandlarim, bo‘sh kelmanglar, marra bizniki!», derdi.«O‘zbekistonning barcha bolalari mening farzandlarim!» derdi to‘lqinlanib. O‘tgan yigirma besh yilda barkamol avlod tarbiyasi yo‘lida qilingan ezgu ishlarni sanab, adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
Xalqimiz Islom Karimovdek Prezidenti borligidan faxrlanardi, ertangi kundan, farzandlari taqdiridan ko‘ngli to‘q edi. Darvoqe, Islom Karimov oddiy Prezident emasdi. U o‘ta ziyrak, dono Prezident edi. Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyor qarab, ularning sabablarini chuqur o‘rganib, oqibatlarini oldindan anglardi. Shu bois u xalqimizni ko‘p bor o‘t-olovlardan, falokatlardan, muqarrar urushlardan asradi, qo‘ni-qo‘shnilarni ham asradi, mintaqamizdagi ming-minglab odamlar hayotini saqlab qoldi. Olamda tinchlikni asrashga munosib hissa qo‘shdi. Uning xalqaro terrorchilik harakatlariga qarshi hamjihatlikda kurashish haqidagi takliflarini kechikib bo‘lsa-da, dunyo tan oldi. Afg‘oniston masalasidagi uzoq yillik turli tortishuvlarni u yagona to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirdi. Afg‘oniston muammosini harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmasligi, jafokash afg‘on xalqining milliy qadriyatlarini hurmat qilish, bu yurtga ijtimoiy-iqtisodiy yordam ko‘rsatish zarurligini aytdi va bu masalada birinchi bo‘lib amaliy ishga kirishdi. Keyinchalik katta-katta davlatlar rahbarlari ham Islom Karimovga tan bera boshlashdi.
Vidolashuv marosimida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov chuqur iztirob bilan aytgan so‘zlarini eslaylik: «U o‘z mamlakatini juda qattiq sevardi, u juda buyuk qalb egasi edi, u haqiqiy inson va buyuk davlat arbobi edi... Biz uni juda yaxshi ko‘rardik...».
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Islom Karimov xotirasini yod etish uchun Samarqandga kelganida, Islom Karimov O‘zbekiston uchun, o‘z xalqining farovonligi uchun ulkan ishlar qilgani, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlaganini, bularning barchasi mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilganini ta’kidladi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Islom Karimov ulug‘ davlat arbobi, dunyo miqyosidagi lider bo‘lgani, xalqaro anjumanlarda u har doim hal qiluvchi o‘rin tutganini e’tirof etdi.
Dunyoning ko‘plab davlat rahbarlari, siyosat arboblari ham xalqimizga ta’ziya izhor etarkan, Birinchi Prezidentimizning iste’dodi, xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini qayta-qayta e’tirof etishdi.
Xorijiy ommaviy axborot vositalarida bildirilgan fikrlarning sanog‘iga yetish qiyin edi. Qirg‘iziston Respublikasi milliy fanlar akademiyasi Prezidenti Abdug‘ani Erkebayevning «Slovo Kirgizistana» gazetasida chop etilgan maqolasida yana bir haqiqat e’tirof etildi: «Qardosh o‘zbek xalqi bilan birgalikda biz ham ushbu buyuk davlat arbobi bilan vidolashmoqdamiz. U nafaqat o‘z mamlakati, balki biz, qirg‘izistonliklar uchun ham juda ko‘p ish qilgan. Islom Karimovning mamlakatimiz janubida qonli to‘qnashuvlar yuz bergan paytdagi buyuk xizmatlarini eslashning o‘zi kifoya. Buning uchun undan minnatdor bo‘lishimiz lozim».
Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta»sida ekspert Zurab Todua shunday fikr bildiradi: «Islom Karimov... ko‘plab muammolar girdobida qolgan O‘zbekistonni qabul qilib olib, uni izchil rivojlanayotgan, tinch va barqaror davlatga aylantirdi... Qiyinchiliklarni yengib o‘tish va muammolarni hal etishda shaxsiy tajribasi va bilimi, o‘tkir zakovati, vazminlik bilan ish tutishi, mardligi va mushkul paytlarda namoyon bo‘ladigan qat’iyati qo‘l keldi».
Hindistonning «Hindi» gazetasi: «Islom Karimov kuchli va mustaqil davlat barpo etishga muvaffaq bo‘ldi. Mamlakatda va umuman, mintaqada tinchlik hamda barqarorlik ta’minlanganligi O‘zbekiston Birinchi Prezidentining xizmatlaridandir».
Dunyoning ko‘plab davlatlari rahbarlari ham Islom Karimovni donishmand, mustaqil siyosat yo‘lidan borgan, o‘z xalqining haqiqiy Yo‘lboshchisi bo‘lganini e’tirof etishdi. Islom Karimov vafoti munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohi binosi yonidagi bayrog‘i, shuningdek, barcha a’zo davlatlar bayroqlari tushirildi. BMTning Jeneva va Rim shaharlarida joylashgan bo‘limlarida ham ana shunday tadbirlar o‘tkazildi. BMT Bosh Assambleyasining sentabr oyi oxirida o‘tgan 71-sessiyasi majlisi Islom Karimov xotirasini yodga olib, hurmat bajo keltirish bilan boshlandi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bunday munosabat uning dunyo miqyosida obro‘-e’tibori nihoyatda yuksak bo‘lganini bildiradi.
Islom Karimov bilan vidolashuv kezlarida dunyoning ko‘pgina siyosatchilari O‘zbekistonning bundan keyingi hayoti to‘g‘risida turli bashoratlarni bildira boshlashdi. Hatto nizolar chiqib, tartibsizliklar boshlanishini kutganlar ham bo‘ldi. Biroq ana shu og‘ir, murakkab kunlarda xalqimiz o‘zining asl fazilatlarini namoyon etdi. Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun Samarqandga kelgan Belorus Prezidenti Aleksandr Lukashenko aytgan gap ham buning isbotidir. «Islom Karimov vafotidan keyingi sinovli kunlarda O‘zbekiston xalqi donoligini, yuksak madaniyati hamda hamjihatligini yana bir bor namoyish etdi», dedi u.
Butun dunyo diqqat-e’tibori O‘zbekistonga qaratilib, endi nima bo‘larkin, O‘zbekiston qaysi yo‘ldan yurarkin, kimga yaqinlashib, kimdan uzoqlasharkin, deb turgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 8 sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma yig‘ilishida so‘zlagan nutqida shunday dedi: «Islom Abdug‘aniyevichga xos bo‘lgan bukilmas iroda, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoladi».
Aslida ana shu fikr barcha savollarga javob edi. Shavkat Mirziyoyev ichki va tashqi siyosatda ham, iqtisodiyotda ham, barcha-barcha sohada Birinchi Prezidentimiz olib borgan islohotlarni izchil davom ettirib, yangi bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifa bo‘lib qolishini alohida ta’kidladi.
Bugun oradan bir yil o‘tib, yurak-yurakdan tan olayapmiz: Islom Karimovning buyuk xizmatlaridan yana biri shundaki, O‘zbekiston degan ulug‘ yurt yukini yelkasiga dadil oladigan, imoni butun, sadoqatli shogirdlarni ham tarbiyalab ketgan ekan.
Yillar o‘tadi, asrlar o‘tadi, avlodlar almashadi. Biroq xalqimiz mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimizning jasoratli hayoti va faoliyatini, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lidagi tarixiy xizmatlarini, el-yurtga ko‘rsatgan beqiyos muhabbatini, hayotimiz shioriga aylangan vasiyatlarini hech qachon unutmaydi. Bugun ham, ertaga ham uning suratiga — samimiy boqib turgan siymosiga, o‘tkir nigohiga sog‘inch bilan qayta-qayta tikilamiz. U bizga hamon mehr bilan qarab turganini his etamiz, xuddiki, hol-ahvol so‘rayotgandek, hayotingizdan rozimisiz, deb so‘rayotgandek bo‘ladi. Bizning dilimizdan esa «Hayotimizdan rozimiz, Sizdan mingdan-ming rozimiz», degan so‘zlar o‘tadi.
Safar OSTONOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.