ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

El g‘amini o‘ylagan unutilmaydi


07.12.2017

Yaxshi xislatli, ezgu amalli kishilar haqida yozish hamisha maroqli. Agar bu inson o‘z xalqi va go‘zal Vatani uchun qayg‘urgan, jonajon yurtdoshlari muhabbatiga sazovor ekan, ular xotirasini eslash chandon yoqimli. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ana shunday el ardog‘idagi inson edi... 

Barcha yurtdoshlarimiz ko‘tarinki ruhda Konstitutsiyamizning 25-yilligini tantana qilayotgan shu kunlarda haqli ravishda buyuk davlat arbobi, muhtaram Islom Karimovning bu boradagi beqiyos xizmatlari ko‘z oldimizdan o‘tadi. U kishining Bosh qomusimiz yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishidagi nihoyatda sermazmun xizmati, unutilmas qudratli jasorati bor. 

Gap shu xususda ketar ekan, avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yillik tantanali marosimidagi ma’ruzasida ta’kidlagan quyidagi e’tirofini yana bir bor eslash o‘rinli. 

“Xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning konseptual ahamiyatga ega, teran fikrlari mustahkam zamin bo‘ldi. 

...Haqiqatan ham, 90-yillardagi o‘ta og‘ir davrda Asosiy qonunimiz loyihasini ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichdek keng miqyosda, strategik fikrlaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan buyuk siyosiy arbobning bu ishga rahbarlik qilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. 

Aynan Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati" degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi. 

...Bir so‘z bilan aytganda, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e’tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz". 

Nihoyatda samimiy bu e’tirofdan ruhlanib, O‘zbekiston tarixi muzeyiga yo‘l oldim. Moziy va bugungi kunimiz solnomasi makonining 4-qavati. Bu yerda mustaqil O‘zbekiston davlatining tashkil topish tarixi aks etgan noyob eksponatlar bilan tanishib, qalbingizda g‘urur tuyasiz. 

Muzey bo‘limlari ichida eng hayajonlisi Konstitutsiyamiz qabul qilinish tarixi namoyishidir. Eksponatlar bilan tanishar ekanman, diqqatimni Konstitutsiya loyihasi tahriri tortdi. Bu yerda Islom Karimov qora siyohli ruchkada Bosh qomusimiz loyihasiga kiritgan tuzatishlar saqlanmoqda. Qog‘ozda aks etgan bu tarixiy hujjatni ko‘rgan kishining xayolidan Bosh qomusimiz qabul qilinishida Islom Karimovning beqiyos mehnati borligi o‘tishi tabiiy. 

Barchamiz Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni ekanini yaxshi bilamiz. Shu ma’noda, bunday muhim hujjatning yaratilishida Islom Karimov o‘zining huquqiy bilim va salohiyati, bu boradagi jahon tajribasini yaxshi bilishini namoyon eta oldi. Eng asosiysi, Bosh qomusimizda umuminsoniy jihatlar bilan birga, xalqimizgagina xos milliy qadriyatlar va tafakkur tarzi inobatga olingan. Bu jihatlar Konstitutsiyamizda voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida ekanida, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli etib belgilanganida, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligida hamda eng muhim jihat, bu voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanligida o‘z aksini topadi. 

Alohida faxr bilan aytish joizki, bu kabi xalqimizgagina xos qadriyat boshqa biron bir davlat Konstitutsiyasida bizdagidek huquqiy mukammal mustahkamlanmagan. Ayniqsa, unda mamlakatimizda yuzdan ortiq millat va elatlar istiqomat qilishini inobatga olgan holda, bag‘rikenglik prinsipiga alohida e’tibor qaratilgan. 

Zero, qaysiki davlatda diniy, siyosiy, irqiy va milliy bag‘rikenglik siyosati olib borilsa, bu zaminda turli nizolarning yuzaga kelmasligi kafolatlanadi. Ammo hayotning bu oddiy haqiqatini ro‘yobga chiqarishda, birinchidan, shu siyosatni amalga oshirish uchun yetarli huquqiy asoslar yaratilishi, ikkinchidan, shu davlatda istiqomat qiluvchi tub milliy aholining ushbu siyosat mohiyatini anglab yetishi muhim ahamiyatga ega. 

Islom Karimov Konstitutsiyamiz qabul qilinishiga bag‘ishlangan rasmiy yig‘ilishda ta’kidlaganidek, Bosh qomusimizda inson, uning hayoti, ozodligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalib, ular davlat tomonidan kafolatlanadi. 

Tinch va farovon hayotimizda biz erishayotgan barcha yutuqlarimizning mustahkam asosi – Konstitutsiyamiz. Shu qutlug‘ kunlarda xalqimiz peshonasiga bitgan ulug‘ insonlarni yodga olish, bugungi xalqchil islohotlarimizga hamnafas yashash har birimizning burchimiz va biz mana shu to‘kislikka munosib bo‘lmog‘imiz shart. 

Umid Xo‘jamqulov,
Toshkent moliya instituti o‘qituvchisi,
filologiya fanlari nomzodi.