ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

BUYUK MEROS VA ZAMONAVIY TAFAKKUR UYG‘UNLIGI: AMIR TEMUR SIYMOSI XALQARO ILMIY MAYDONDA


20.04.2026

                               “Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizning “Adolat har bir ishda

hamrohimiz va dasturimiz bo‘lsin!” degan chuqur ma’noli so‘zlari

har birimiz uchun hayotiy e’tiqodga aylanishi zarur”.

Shavkat Mirziyoev

Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida bo‘lib o‘tgan “Amir Temurning jahon harbiy san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya nafaqat tarixiy xotirani yodga olish, balki uni zamonaviy tafakkur prizmasida qayta anglashga xizmat qilgan muhim ilmiy maydonga aylandi. Buyuk sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan ushbu nufuzli anjuman turli mamlakatlardan tashrif buyurgan temurshunos olimlar, tadqiqotchilar, harbiy mutaxassislar va diplomatik korpus vakillarini birlashtirdi.

Qutlov so‘zlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Ulug‘bek Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik  Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Xasanov va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakili Bilyana Miloshevich, Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen, Germaniyalik harbiy attashe Frank Giesen kabi nufuzli mehmonlar chiqish qilib, Amir Temur merosining bugungi kundagi ahamiyati, uning jahon harbiy san’ati va davlatchilik tarixidagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdilar.

Konferensiyada ilgari surilgan masalalar doirasi keng va ko‘p qirrali bo‘lib, unda Amir Temurning harbiy strategiyasi, diplomatik aloqalari, davlat boshqaruvi va iqtisodiy islohotlari chuqur ilmiy tahlil qilindi. Ayniqsa, “Amir Temur merosi – milliy armiyaning ma’naviy tayanchi” mavzusi bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini yana bir bor isbotladi. Zero, Sohibqiron merosi faqat tarixiy fenomen emas, balki zamonaviy harbiy tafakkur uchun ham muhim nazariy asosdir.

Anjumanda kamina ham “Amir Temur haykallariga – uch ijodiy munosabat” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdim. Unda haykaltarosh Ilhom Jabborov tomonidan yaratilgan Amir Temur siymosining badiiy talqini tahlil etildi. Ma’ruzada uch bosqichli yondashuv – tarixiy haqiqat, badiiy talqin va ijtimoiy ongga ta’sir mexanizmi orqali haykalning murakkab semantik tuzilishi ochib berildi.

Xususan, Toshkent shahridagi Amir Temur haykali misolida buyuklik siymosining kompozision echimi alohida e’tirof etildi. Ot ustidagi sarkarda obrazi - bu faqatgina tarixiy siymo emas, balki kuch, iroda va adolat timsoli sifatida talqin etiladi. Bu borada Islom Karimov tomonidan 1993 yil 31 avgust haykal ochilish marosimida: “Mamlakatimizning markazida, qadimiy va go‘zal poytaxtimiz–jonajon Toshkentimiz o‘rtasida qad ko‘targan ulug‘ bobomiz siymosi xalqimizga faxr va g‘urur baxsh etmog‘i muqarrar! Bu siymo mard, tanti, halol va g‘ayratli xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, imon–oqibatli bo‘lishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi–yangi kuch quvvat va shijoat bag‘ishlaydi” deya aytgan gaplari mazkur haykalning g‘oyaviy markazini belgilab berdi. Qo‘lini oldinga cho‘zgan Sohibqiron timsoli esa omonlik va hamjihatlikka chorlov sifatida talqin qilinadi.

Shuningdek, Shahrisabzdagi haykal misolida ham mustaqillik davri haykaltaroshligiga xos ulug‘vorlik va ramziylik tamoyillari namoyon bo‘ladi. Oqsaroy qarshisida qad rostlagan mazkur haykal tarix va makon o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifoda etadi. Bu nafaqat estetik makon, balki milliy o‘zlikni anglash va tarixiy xotirani mustahkamlash vositasidir.

Temuriylar merosini o‘rganish yo‘lida Birinchi Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilgan ilmiy tashabbuslar ham alohida e’tiborga loyiq. Jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyining tashkil etilishi va keyingi yillarda amalga oshirilgan fundamental tadqiqotlar Sohibqiron davriga oid yozma manbalarni tizimli o‘rganishga xizmat qildi. Bu esa Amir Temur shaxsini global tarix kontekstida yanada chuqurroq anglash imkonini bermoqda.

Tadbir doirasida namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari esa ilmiy muhokamalarga badiiy ruh bag‘ishladi. Harbiy sahnalarda Sohibqironning mardlik, qat’iyat va vatanparvarlik fazilatlari jonli ifoda topdi. Bu chiqishlar nafaqat o‘tmish sabog‘i, balki bugungi burch va mas’uliyat timsolidir.

Joriy yil yurtimiz bo‘ylab Amir Temur tavalludining 690 yilligi har yilgidan ham ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda. 9 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavakat Mirziyoev Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib,  Sohibqiron haykali poyiga gulchambar qo‘yishi chuqur ramziy ma’noga ega bo‘lgan voqea sifatida baholanadi. Bu ehtirom nafaqat buyuk sarkarda va davlat arbobining tarixiy merosiga hurmat ifodasi, balki bugungi taraqqiyot yo‘limiz bilan uzviy bog‘liq ma’naviy g‘oyalarni ham aks ettiradi.

Yаngi O‘zbekiston sharoitida boshqa sohalar singari tarixiy ajdodlarimiz merosini ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, keng targ‘ib qilish Uchinchi Rennesans poydevori yaratilayotgan bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etadi.    

Amir Temur asos solgan Temuriylar davri - ya’ni Ikkinchi Uyg‘onish davri - ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlikning yuksak bosqichi bo‘lgan. Bugungi kunda esa mamlakatimizda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi aynan ana shu buyuk tarixiy ildizlarga tayanadi. Shu ma’noda, Prezidentimizning ushbu tashrifi tarixiy xotirani e’zozlash orqali kelajakni barpo etish, ya’ni yangi uyg‘onish davrini shakllantirish yo‘lidagi izchil siyosatning yorqin ifodasidir.

Manushak Arushanova,

san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)