ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Baxtli bolalikning bolajonlari


01.06.2018

Butun dunyo bo‘ylab qariyb 70 yildan buyon 1 iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida keng nishonlanadi. 

 

Urushdan so‘ng bolalar salomatligini va ularning huquqlarini ta’minlash dunyo hamjamiyati oldidagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylandi. 1949 yili Parij shahrida Xalqaro ayollar demokratik federatsiyasining kongressida bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashish dunyoning har bir aholisi oldida turgan birlamchi vazifalardan biri ekanligi ta’kidlanadi va yilning bir kunini aynan shu mavzuga bag‘ishlashga kelishib olindi. Shu tariqa 1 iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

Ikkinchi jahon urushi 61 mamlakatni, yer shari aholisining 80 foizini ya’ni 1,7 mlrd. insonni o‘z girdobiga tortdi. Eng ko‘p jabrlanuvchilar begunoh bolalar edi. Urushdan keyingi davrda ham ko‘plab mamlakatlarda bolalar ocharchilikdan, yuqumli kasalliklarning tarqalishidan, odam savdosi – qullikdan aziyat chekib kelayotgan edi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kunining mohiyati uning bayrog‘ida o‘z ifodasini topgan. Bayroqda yashil fonda yer shari, beshta turli rangdagi bolakay va ularning oyoqchalari hosil etgan yulduzcha tasvirlangan. Bunda yashil rang – tiriklik, taraqqiyot timsoli. Yer shari barchamizning umumiy uyimiz ekanini anglatadi. Uning ko‘k rangdaligi tinchlik ifodasidir. Turfa rangdagi bolakaylar besh qit’adagi barcha irqqa mansub millat va elatlarning tengligi ramzi bo‘lsa, ularning oyoqchalari hosil etgan yulduzcha bolalar baxt-saodati uchun yakdillikka da’vatdir. 

Mamlakatimizda bolalar kelajagimiz vorislari, millatimiz davomchilari sifatida e’zozlanadi. O‘zbek xalqi azaldan bolajon xalq. Xalqimiz qaysi din, qaysi millat farzandi bo‘lishidan qat’i nazar, mehr berib, boshini silaydi. Birgina misol: Ikkinchi jahon urushi yillarida uy-joyi vayron bo‘lib, ota-onasidan yetim qolgan, yaqinlaridan ajralgan ikki yuz mingdan ortiq bolalarni O‘zbekiston bag‘riga oldi. Vataniga, o‘zbek xonadonlarida o‘z uylariga ega bo‘ldi. Xalqimiz “Sen yetim emassan” deb, o‘zining bir burda nonini ham ana shu bolalar bilan baham ko‘rdi. O‘sha vaqtda 14 nafar yetim bolalarni tarbiyalab, avaylab voyaga yetkazgan Shomahmudovlar oilasi butun o‘zbek xalqining bag‘rikengligi va olijanobligi ramzidir. Unga qo‘yilgan haykal asrlar osha farzandlarimizni ana shu ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. O‘zbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta’minlanmoqda. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda. 

Ushbu qonunda mamlakatimizda bola huquqlarini himoya qilish borasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ular orasida bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish alohida o‘rin tutadi.

Bola huquqi uning tug‘ilishidan avval paydo bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda bolalarning, avvalo, sog‘lom tug‘ilishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chaqaloqlar dunyoga kelgan kundan boshlab tibbiy nazoratga olinmoqda. Ularni turli kasalliklardan, sog‘lom kamol topishiga xavf soladigan ta’sirlardan asrashga katta e’tibor berilmoqda. Shu bois mamlakatimizda go‘daklar o‘limi tobora kamaymoqda. Bu nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan ham qayd etilib kelinmoqda. 

BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o‘rganuvchi markazi — The World Happiness Report 20 mart Butunjahon Baxtiyorlik kuni oldidan “Baxt indeksi”ni e’lon qildi. Unda dunyoning 156 davlati aholisining hayotiga baho berilgan. Hisobotga ko‘ra, MDH mamlakatlari orasida o‘zbekistonliklar birinchi o‘rinda ekani ma’lum bo‘ldi. Yurtimiz jahondagi eng baxtli 50 mamlakatdan biri sifatida e’tirof etildi va 44-o‘rinni egalladi.

“Save the Shildren” xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Istiqlol yillarida ko‘plab zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan diagnostika, perinatal va skrining markazlari, yangi tug‘ruqxonalar barpo etildi.

1993 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining Farmoni bilan davlat mukofoti – I, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni ta’sis etildi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bolalar sportiga katta e’tibor qaratildi. “Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi”ning tashkil etilishi respublikamizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. O‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama kamol topishida jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyosdir. Shu bois, mamlakatimizda sport, xususan bolalar sportini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, ota-ona qaramog‘idan mahrum, yetim bolalarga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasida qayd etilganidek, “ijtimoiy yordam uni olish huquqiga ega bo‘lgan har bir bolaga tayinlanadi”. Xuddi shu moddada yetim bolalarga va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ta’lim berish hamda ularni ta’minlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘liq davlat ta’minoti asosida amalga oshirilishi qayd etilgan. 

Bunday insonparvarlik tamoyillarining hayotimizga keng joriy etilishida davlat organlari bilan birga jamoat tashkilotlari ham munosib hissa qo‘shmoqda. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “Sen yolg`iz emassan” respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi kabi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar e’tirof va e’tiborga sazovor. 

Mamlakatimiz har sohada jadal rivojlanib borar ekan, yangi-yangi talablar yuzaga kelishi tabiiy. Mana shu yangi talablarni bajara oladigan zamonaviy bilimlarga ega, matonatli avlod ulg‘ayib kelayotgani ko‘zimizni quvontiradi.

 

Bunyod Abdullayev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
Islom Karimov nomidagi  ilmiy-ma’rifiy Yodgorlik majmuasi
Yetakchi ilmiy xodimi