“Mamlakatimiz istiqlolga erishgach, Аmir Temur
shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi.
Аmir Temur bizning shaʼn-shavkatimiz, gʼurur-iftixorimizdir.
Аmir Temur – xalqimiz dahosining timsoli, maʼnaviy qudratimiz ramzi”
Islom Karimov
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi eʼlon qilinishi nafaqat siyosiy erkinlik, balki milliy va maʼnaviy tiklanish uchun ham imkoniyat yaratdi. Mustaqillik sharofati ila milliy qadriyatlar qayta tiklandi, O‘rta Osiyo hududidan yetishib chiqqan, jahon ilm-fani taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshgan buyuk allomalarimizning ilmiy merosi oʼrganila boshlandi. O‘zbek davlatchiligi tarixida munosib oʼrin egallagan Jaloliddin Manguberdi, Аmir Temur, Mirzo Ulugʼbek, Bobur singari buyuk ajdodlarimiz faoliyatini keng oʼrganish, nomlarini abadiylashtirishga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, markazlashgan davlat asoschisi, buyuk sarkarda, ilm-maʼrifat homiysi Аmir Temur nomining qayta tiklanishi, yirik shaharlarda mahobatli haykallarining oʼrnatilishi, YuNESKO miqyosida yubiley sanalarining xalqaro darajada nishonlanishi, Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati keng tadqiq etilishi, bir soʼz bilan aytganda, oʼzligimizni anglash imkoniyati milliy mustaqillik bilan bogʼliq. Unitilayozgan tariximizning tiklanishi, xalqimizning faxri, gʼururiga aylangan, jaxon tarixida munosib oʼringa ega boʼlgan Аmir Temurdek ajdodlarimizning oʼz yurti, xalqi ravnaqi uchun olib borgan faoliyati yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir.
Maʼlumki, Movarounnahrda ilm-maʼrifat sohasidagi ijobiy anʼanalar qariyb bir yarim asr davomida, yaʼni moʼgʼullar hukmronligi davrida tanazzulga yuz tutdi. Аna shunday bir sharoitda tarix sahnasiga chiqqan Аmir Temur Movarounnahrni yana bir bor savdo-iqtisodiy, hunarmandchilik, ilmiy-adabiy muhit taraqqiy etgan markazga aylantirdi. Oʼzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov Аmir Temurni buyuk shaxs sifatida baholar ekan, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: “...Аmir Temur avvalo qudratli davlat qurgan. Davlat qudratli boʼlmasa, betakror maʼnaviy meros ham, obidalar ham, tarixiy yodgorliklar ham boʼlmas edi. Oʼzbekistonning bugungi ozodligini mustahkamlash davrida Аmir Temur biz uchun buyuk davlat asoschisi sifatida qadrlidir. U davlat poydevorini qurgan, davlatning huquqiy asosini barpo etgan. Uning davlatchilik borasidagi fikrlari nafaqat oʼz davri, balki kelgusi avlod uchun ham katta ahamiyat kasb etadi”.
Maʼlumki, sovetlar boshqaruvi davrida Аmir Temurning hayoti va faoliyatini oʼrganish u yoqda tursin, hatto uning nomini tilga olish ham mutlaqo taqiqlab qoʼyilgan edi. Bu mavzuda yaratilgan baʼzi bir ilmiy-badiiy asarlarda Аmir Temur siymosi tarixiy haqiqatga zid ravishda biryoqlama, asosan qoraboʼyoqlarda aks ettirilar edi. Istiqlolga erishganimizdan keyin bu masalada ham tarixiy adolat qaror topdi.
Muqaddas yurtimiz zaminida yashab oʼtgan koʼplab ulugʼ siymolar qatori Аmir Temurning nomi, shaʼnu shavkati va merosi ham qayta tiklanib, bu buyuk zot haqidagi asl haqiqat xolis va haqqoniy yoritilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda, kitoblar yozilmoqda. Zero, Аmir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Аmir Temurni anglash – oʼzligimizni anglash demakdir. Аmir Temurni ulugʼlash–tarix qaʼriga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir.
Аmir Temurning davlatchilik va diplomatiya, harbiy mahorat, bunyodkorlik salohiyati, ilmu fan, sanʼat va meʼmorchilikka oid qarashlari, hayotning maʼno-mazmuni, insonni ulugʼlaydigan ezgu ishlar haqida bildirgan fikrlari, dinu diyonat va adolatni joyiga qoʼyish, saltanat ishlarini kengash va tadbir asosida amalga oshirish, har bir masalada uzoqni koʼzlab, el manfaatini oʼylab ish tutish bilan bogʼliq ibratli fazilatlarini alohida taʼkidlash oʼrinlidir. U oʼzining Samarqanddagi saroyiga ilm-fanning turli sohalari boʼyicha iqtidorli olimu shoirlarni chaqirib oldi. Shu oʼrinda alohida taʼkidlash oʼrinliki, Аmir Temurning oʼzida ham ilmga ishtiyoq zoʼr boʼlganligi uchun u tarixni, fiqh va harbiy ilmni yaxshi oʼrgangan hamda meʼmorchilik, falsafa, tabobat, ayniqsa, yulduzshunoslikka qiziqar, shuningdek, sheʼriyat va musiqani yoqtirgan hamda oʼzi ham sheʼrlar yozgan. Аmir Temur oʼz ona tili – turk tilidan tashqari fors va arab tillarida bemalol soʼzlashgan, yoshligidan qurʼonni yod olgan, islom dini bilan bogʼliq ilmlarni puxta oʼzlashtirgan.
Oʼtgan yillar davomida Аmir Temur nomi bilan birga temuriylar davri meʼmoriy yodgorliklarini taʼmirlash, qayta tiklash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bugungi kunda Samarqand xuddi Аmir Temur davridagidek dunyoning madaniy markaziga aylandi, desak, xato boʼlmaydi. Bugungi kunga kelib. Samarqandda xalqaro darajadagi turli siyosiy, madaniy tadbirlar, anjumanlar oʼtayotgani fikrimizning dalilidir.
Shu maʼnoda, АQShlik olim, siyosat arbobi “Buyuk shaxmat taxtasi” kitobining muallifi Zbignev Bjezinskiy “Bu mamlakatning (Oʼzbekistonning) yangi siyosiy elitasi yangi davlatni sohibqiron Аmir Temur oʼrta asrlarda barpo etgan ulkan imperiyaning bevosita vorisi deb eʼlon qildi. Аmir Temur davlatining poytaxti Samarqand dini islom, ilmu nujum va sanʼatni oʼrganish bobida mashhur mintaqaviy markazga aylangan edi”, deb taʼkidlab oʼtgan.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov Аmir Temurning davlatchilik tajribasiga yuksak baho berib, “Buyuk strateg, mohir siyosatchi, eskirgan ijtimoiy munosabatlarning qatʼiy islohotchisi, savdo-sotiq, hunarmandchilik va madaniyatning homiysi boʼlgan Аmir Temur qonunlar va urf-odatlarga asoslangan davlatni barpo etdi” deb alohida taʼkidlagandi.
Аmir Temur nafaqat oʼzbek davlatchiligi, balki jahon xalqlari tarixidan ham munosib oʼrin egallagan yirik davlat arbobi, tengsiz sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi, bunyodkor shaxs sifatida insoniyat sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʼshgan.
Sohibqironning davlatchilik gʼoyalari, adolatga asoslangan kuchli boshqaruv tizimi, maʼrifatparvarlik siyosati qariyib yetti asrdan buyon oʼz ahamiyatni yoʼqotmay kelmoqda.
2026 yil 5 fevralda Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi Sohibqiron Аmir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida”gi Qarorni imzoladi. Ushbu Qarorda Аmir Temur tavalludini respublika boʼylab keng nishonlanishi, faqatgina tarixiy yubiley sifatida emas, balki milliy oʼzlikni anglash, boy maʼnaviy merosni chuqur oʼrganish va uni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan muhim jarayon sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, Qarorning asosiy maqsadi buyuk ajdodimiz asos solgan Ikkinchi Uygʼonish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi Oʼzbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan oʼrni va taʼsirini inobatga olib, ushbu yoʼnalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga koʼtarishdan iborat.
Shu bilan bir qatorda 2026 yildan boshlab, har yili aprelь oyi “Аmir Temur oyligi” deb eʼlon qilinib, taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari va maʼrifiy tadbirlar oʼtkazish belgilandi. Bu kabi tadbirlar, davra suhbatlari, ilmiy uchrashuvlar turli yosh toifasidagi respublika fuqarolarini Аmir Temur shaxsiga oid qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishtirish, uning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-maʼrifiy faoliyatini yaqindan anglash imkonini beradi.
Shu maʼnoda, Oʼzbekiston Prezidentining mazkur Qarori nafaqat tarixchilar, balki butun jamiyatimiz ziyolilari, xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi. Mazkur qaror va u bilan rejalashtirilgan tadbirlar sohibqiron Аmir Temur shaxsiyatiga boʼlgan chuqur ehtiromning yorqin ifodasidir.
Hamro Rahmonov,
Tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD),
katta ilmiy xodim