Hech kimga sir emaski, xozirgi vaqtda kosmosdan olingan suratlardan foydalanmayotgan biror-bir soha bo‘lmasa kerak, lekin bu natijalarga osonlikcha erishilgani yo‘q.
Landshaftning turli-tumanligi (tog‘lar, qirlar, cho‘llar) va iqlim sharoitining qulayligi (havo ochiq, bulutsiz) sababli birinchi vaqtlarda sobiq Ittifoqda yangi kosmik kemalarga o‘rnatilgan fotoapparatlarning sinov o‘tkazish davrida olingan suratlarining deyarli hammasida, sinovdan keyingilarining taxminan 70% da O‘rta Osiyo maydonlari tasviri aks etgandi. Shuning uchun Toshkentda 1977 yilda Moskva “Tabiat” Davlat markazining O‘zbekiston bo‘limi tashkil qilindi.
Bo‘limning zimmasiga kosmik kemalarga o‘rnatilishi rejalashtirilgan fotoapparatlarni samolyot variantida sinash, kosmosdan olingan suratlardan qanday ma’lumot olish mumkinligini aniqlash, turli sohalarga qaysi spektral diapazonda olingan suratlar ma’qulligini aniqlash, kosmonavtlar otryadi a’zolarini surat tushirishda nimalarga e’tibor berishni, samolyotda birga uchish davomida tushuntirish, olingan negativlardan suratlar chiqarib tegishli tashkilotlarga yuborish, fotosuratlardan har xil masshtabdagi fotosxemalar va fotoplanlar tayyorlash, shuningdek ushbu ma’lumotlardan respublika xalq xo‘jaligi mutaxasislarini foydalanishga o‘rgatish kabi vazifalar yuklangan edi.
Sobiq Ittifoqda yer yuzasini kosmosdan suratga tushirish 1972 yilda reja asosida olib boriladigan bo‘ldi. Bu suratlar geologiya, qishloq xo‘jalik, gidrometereologiya va boshqa sohalarda foydalana boshlandi. Olingan natijalar xalq xo‘jaligida yanada keng foydalanishni taqozo qildi. Shu vaqtlarda har xil sohalarda tuziladigan xaritalar bir vaqtda va bir xil masshtabda tuzilmaganligi sababli, ularni taqqoslash va respublika bo‘yicha rejalashtirishda noqulayliklar tug‘dirardi. Shu sababli respublikani tabiiy resurslarini o‘z ichiga olgan bir xil masshtabda, bir xil vaqtda, an’anaviy ma’lumotlar bilan birga kosmosdan olingan tasvirlardan foydalanib, bir xil asosga ega 25 turdagi xaritalar tuzish, shu soha mutaxassislari va tegishli vazirliklar, ilmiy-tadqiqot institutlar raxbarlari bilan kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi komunistik partiyasining Markaziy komitetining “Kosmosdan olingan suratlar asosida tabiiy resurslarni o‘rganishdagi kompleks xaritalash” (TRO‘KX) qarori bu ishlar boshlanishiga asos bo‘ldi. Bu respublikadagi tabiiy resurslarni har bir soha bo‘yicha xaritaga tushirish, ularni son va sifati bo‘yicha bog‘lash, ulardan ratsional foydalanish, ularni saqlash va ko‘paytirishga qaratilgan yangi nizom edi. Masshtabi bir xil 1:500000 bo‘lgan masofadan olingan suratlar asosida, qator mavzudagi o‘z ichiga olgan xaritalar tuzishni ko‘zda tutilgan edi. Bu ishni bajarishga Respublikaning 6 ta vazirlikdan, 1 ta Davlat qo‘mitasidan va turli sohalardan hamda O‘zbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasidan va turli sohalardan 5 ta institut va tashkilotlar xodimlari qatnashishi ko‘zda tutilgan edi.
O‘zbekistonda TRO‘KX 3 bosqichda olib borish ko‘zda tutilgan edi.
- “Tabiat” davlat markazini O‘zbekiston bo‘limi shu ishga jalb etilgan vazirlik, institutlar va tashkilotni 1981 yilda kosmik suratlar va fotomateriallar bilan ta’minlash. Shu bilan bir qatorda shu ishga jalb qilingan tashkilot xodimlari bilan birgalikda bir qancha xaritalarni tuzishda ishtirok etish.
- Ishga jalb qilingan vazirlik va tashkilot xodimlari kosmik suratlarning va ulardan olingan kosmofotosxemalarni sohalari bo‘yicha o‘rganib dala ishlarini bajarardilar, uning natijalarini shu sohaga tegishli an’anaviy yo‘llar bilan taqqoslab ilmiy kengashlarda tasdiqlangan shartli belgilardan foydalanib birlamchi xaritalar tuzardilar (1982-1984 yillar). Bundan tashqari tuzilgan xaritalarni bir-birlariga va varaqlari bo‘yicha moslashtirdi.
- Moslashtirilgan xaritalar muxarrir ko‘rigidan o‘tkazilib, ilmiy kengashlarda tasdiqlangandan so‘ng tushuntirish matni yozilib, tabiiy resurslardan ratsional foydalanish takliflari berildi.(1985 yil)
“Tabiat” markazining O‘zbekiston filiali tomonidan 1-bosqich ishlari amalga oshirilgani va qator xaritalarni (Neft va gaz, yerdan foydalanish, yer yuzidagi suvlar, o‘simliklar, o‘rmonlar, zilzila tektonikasi va zilzila tabiatni asrash) tuzishda faol qatnashganliklariga qaramasdan ish hamon jadallashmayotgan edi.
Boisi qatnashayotgan hamma vazirlik va idoralarning tayyorgarligi bir xil emas edi. Ayrim idoralar kosmik suratlardan ilgari hech foydalanmagan edi. Eng achinarlisi, ayrim vazirlik va idoralar bu ishga jiddiy kirishmayotgan edi. Shu vaqtda O‘zbekiston Kampartiyasi Markaziy qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston plan qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Islom Abdug‘aniyevich Karimovni “Kosmos” ishchi guruhining raisi qilib tayinlangani ishni jadal yurishib ketishiga sabab bo‘ldi.
Qaror chiqqandan keyin “Tabiat” markazi O‘zbekiston filiali direktori Abduazizov Abduvali Azizovich va shu markaz laboratoriya mudiri, ko‘tarilgan masalaning mas’ul ijrochisi men – Tashxo‘jayev Davron Odilovich Islom Abdug‘aniyevichni oldilariga bordik. Suhbat 1,5 - 2 soat davom etdi. Islom Abdug‘aniyevich oldiniga ishni chuqur o‘rganib chiqdilar. Kosmik suratlar bilan tanishdilar ayrim narsalarni hech tortinmay so‘radilar. Islom Abdug‘aniyevich mutaxassisligi tabiat fanlaridan ancha uzoq bo‘lishlariga qaramasdan, berayotgan savollari aniq mo‘ljallangan va bu ishlar bilan ancha vaqtdan burun shug‘ullangan inson ekanliklarini tasdiqlab turgandi. Bunda qo‘yilgan masalalarni mayda-chuydasigacha yoritishga to‘g‘ri kelardi. Shu bilan bir qatorda bizlardan ish talabini kuchaytirdilar. Bizga o‘z vazifamizni a’lo darajada bajarsak, boshqalardan ham ishni so‘rash huquqimiz bo‘lishini o‘rgatdilar. Shunday yo‘l boshqa vazirliklar va idoralarga nisbatan ham qo‘llanildi.
Yodimdan chiqmaydigan bir voqea.
“Kosmos” ishchi guruhining har chorakda bo‘ladigan majlisiga bir vazirlikdan kelishi lozim bo‘lgan vazir yoki o‘rinbosari emas, bo‘lim boshlig‘i kechikib keldi. Bu paytda men hisobot berayotgan edim. Islom Abdug‘aniyevich uni to‘xtatib, nimaga kelganini va vazirligi nomidan shu yerda biror qarorga kelishiga vakolati borligini so‘radilar. Undan rad javobini olgach esa, unga men vazirligingizni sening nomingdan majlisdan haydab chiqaraman, shu gapimni vaziringizga yetkazib qo‘yasiz, deya koyib berdilar.
Bu holat majlisda o‘tirganlarning barchasiga ham, ayniqsa menga mas’ul ijrochiga bir umrlik saboq bo‘lib qolgan va hayotim davomida har bir davlat topshirig‘iga o‘ta jiddiy yondashadigan bo‘ldim.
Har chorakda o‘tkaziladigan majlisga Moskvadan “Tabiat” Davlat markazidan bosh direktor Yu.P.Kiyenka taklif qilinar edi. Bu bizga kosmik suratlar negativlarini muntazam olib turishga yordam berar edi. Har bir inson xarakteri har xil bo‘lganidek, u kishi o‘zini ko‘rsatish uchun hamrohlar kurshovida yurishni yaxshi ko‘rar va ular orasida albatta kosmonavtlar bo‘lishini xohlar edi. Shuning uchun Respublikadan yuboriladigan taklifnomalarga ularni kiritilishini so‘rardi. Bu to‘g‘risida Islom Abdug‘aniyevichga ham gapirgan edi. Shunda Islom Abdug‘aniyevich o‘ziga xos kamtarlik bilan savolga savol bilan javob berib “Nima masala yechimsiz qolyapti, hammasi yaxshi ketayapti-ku, qo‘ying kosmonavtlarning ham ishlari ko‘p, ularni bezovta qilmay qo‘yaqolaylik” deb javob berdilar. Chunki Islom Abdug‘aniyevich tantanavozlikni, o‘z-o‘zini ko‘rsatishni yoqtirmas edilar.
1983 yilda Islom Abdug‘aniyevich Respublika Moliya vaziri bo‘lib taynlanganligi sababli “Kosmos” ishchi guruhi raisligidan ozod qilindi. Hozirgi kunda qilingan ishlarga nazar solsak, biz Islom Abdug‘aniyevich boshchiligida nihoyatda katta ishlar qilganimizga amin bo‘lamiz. Axir, bular chamalab ko‘rganimizda O‘zbekiston Davlat plan qo‘mitasi raisining o‘rinbosari o‘ziga topshirilgan juda katta ishlari qatorida shunday mas’uliyatli ishni bajarishga vaqt topib, unga o‘ta jiddiy berilib ishlaganlariga faqat tasanno aytsa bo‘ladi. Shu qisqa vaqt mobaynida ish yuzasidan bo‘lgan muloqot menga maktab vazifasini o‘tadi.
Hozirgi kunda kosmik ma’lumotlar yordamida topografik, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, o‘rmonchilik, yerdan foydalanish, geologiya, seysmologiya, muzliklarni o‘rganish, tabiatni asrash sohalarida xaritalar juda tez, sifatli va katta aniqlikda tuzilmoqda.
Bularning hammasi bundan 40 yil avval boshlangan ishlarning mahsulidir.