ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Erkin Xo‘jayev, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori


Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 27 martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizda bu ulug‘ inson hayoti va ijodini keng o‘rganish va targ‘ib etishga bag‘ishlangan adabiy-badiiy uchrashuvlar, xotira kechalari, madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ushbu jarayonlarni kuzata turib bundan 27 yil oldingi voqealar ko‘z oldimga keldi.

1990 yilda O‘zbekiston Oliy Sovetiga o‘tkazilgan saylovda Samarqand viloyatidan saylangan deputatlar orasida men ham bor edim. Yangi chaqiriq Kengashning ilk sessiyasi 24 martda Toshkentda ochilishi belgilangan. O‘sha davrdagi qoidalarga ko‘ra, sessiyadan oldin Oqsoqollar kengashining yig‘ilishi o‘tkazilib, sessiya kun tartibi, rahbar organlarni saylash yuzasidan kelishib olindi.

Mazkur yig‘ilishni O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi Islom Karimov olib bordi. Sessiya kun tartibi, Oliy Sovet Raisi va uning o‘rinbosarlari, doimiy komissiyalar haqida o‘z fikrlarini batafsil va ochiq bayon etdilar. Kengash a’zolari barcha masalalar yuzasidan ovoz berdi.

Islom Karimov zaldagilarga murojaat qilib, “Kun tartibiga qo‘shimchalar bormi?” dedi. Bunday nufuzli tadbirda ilk bor ishtirok etayotgan va Islom Abdug‘aniyevich bilan birinchi uchrashuvim uchun juda hayajonda bo‘lsam-da u kishining ochiq va samimiy munosabatlaridan ruhlanib, ayrim takliflarim borligini bildirdim.

Islom Karimov meni minbarga chiqishim va o‘zimni tanishtirishimni so‘radilar. Minbarga chiqib kimligimni aytgach, mulohazalarimni birma-bir bayon etdim. Uchta taklifni bildirib, to‘rtinchi – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining sobiq birinchi kotibi Sharof Rashidovich Rashidov davridagi respublika partiya tashkiloti faoliyatiga berilgan siyosiy bahoni qayta ko‘rib chiqish va shu bo‘yicha maxsus komissiya tuzish xaqidagi taklifni aytdim. Islom Karimov ko‘zoynaklarini olib, menga qaradilar-da “to‘rtinchi taklifni yana bir bor takrorlang” dedilar fikrimni ma’qullagan holda. Men Sh.Rashidov haqidagi fikrimni yana bir bor aytdim. So‘ngra davom etdim.

Takliflarimni aytib bo‘lganimdan so‘ng Islom aka menga qarab “Uka, o‘ziyam zo‘r taraddud ko‘rib kelganga o‘xshaysiz”, dedilar.

O‘sha tarixiy sessiyada yurtimiz mustaqilligi sari muhim qarorlar qabul qilinishi bilan birga Sharof Rashidov nomini oqlash bo‘yicha ham harakatlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay Birinchi Prezidentimizning amaliy sa’y-harakatlari bilan Sharof Rashidovning pok nomi oqlandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, Sharof Rashidovning 75 yilligi yurtimizda keng nishonlandi.

Vatanimiz mustaqilligining dastlabki yillarida muhtaram Islom Abdug‘aniyevichning e’tibor va ishonchlari tufayli mas’ul vazifalarda xizmat qildim. U kishidan ko‘p tajribalarni o‘rgandim. Prezidentimiz tashabbusi bilan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligini yurtimiz va xorijda keng nishonlash bo‘yicha tadbirlarda ishtirok etdim. Ushbu ulug‘vor ishlar Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xalqimiz tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimizga bo‘lgan mehru muhabbatini namoyon etdi.