ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Vyacheslav Avakov: “Islom Karimov juda baquvvat va sog‘lom inson edi”


15.01.2018

Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov tavalludining 80-yilligi arafasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Prezidentning shaxsiy shifokori, Toshkent tibbiyot akademiyasi anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi professori, Respublika shoshilinch tibbiy yordam o‘quv markazi direktori Vyacheslav Avakov bilan suhbatlashdi. 

– Yigirma besh yil davomida Islom Karimovday buyuk insonning yonida ishlash baxtiga muyassar bo‘lganimdan xursandman. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bilan 1991-yilning oxiri 1992-yilning boshlaridan tanish bo‘lganman. O‘shanda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan Prezidentning tibbiyot xizmatini tashkil etish maqsadida jalb etilgan edim. U paytlar bu xizmat mavjud bo‘lmagan. Hatto, Prezident shamollab qolganida ham atrofida unga qaraydigan mutaxassis yo‘q edi. Prezidentning bir daqiqa ham, bir soniya ham yonida tibbiyot xodimisiz bo‘lmasligini ta’minlashga harakat qilardim. Shunday xizmat tashkil etish zarur ediki, kunu tun, uyda ham, ishda ham, hatto yo‘lda ham Prezident va oilasi, uning yonidagi xodimlarning salomatligini nazorat qilish zarur edi. Shifokorlar Prezidentning rafiqasi Tatyana Akbarovna va boshqa oila a’zolari ishtirokida tanlab olinardi. Biz ana shunday tibbiyot xizmatini tashkil etdik. 

Albatta, Prezident tibbiyot xizmatiga ko‘p hollarda uning o‘zi emas, balki atrofdagilar murojaat qilardi. Chunki Islom Karimov juda baquvvat va sog‘lom inson edi. 

Prezidentimiz o‘ziga mas’uliyatni ko‘p olardi, tinimsiz xorijiy safarlarda bo‘lar va mamlakatimizni xalqaro hamjamiyatga tanishtirishga intilardi. Bu esa juda mashaqqatli ish bo‘lib, Islom Abdug‘aniyevich esa bu ishni yanada murakkablashtirar edi. Masalan, qaysidir xorijiy davlatga tashrifga doir protokolda bu tashrif uch kunga mo‘ljallangan bo‘lsa, Islom Karimov uni maksimal darajada qisqartirar, rasmiy uchrashuvlar orasidagi tanaffuslarni deyarli o‘chirib tashlar edi. U kishining dam olishi zarurligi haqidagi gaplarimizni keskin rad etardi. 

U kishi o‘zini ayamas edi. Chunki u paytlar davr murakkab edi. Mustaqil O‘zbekiston endi o‘zini tiklayotgan, dunyo miqyosida tan olinishiga harakat qilayotgan davlat edi. Xalqaro jamoatchilik Afg‘oniston, Pokistonni bilishini, lekin O‘zbekiston haqida eshitmaganini aytishar, Prezident esa O‘zbekiston – mustaqil, katta salohiyatga ega davlatligini ta’kidlashdan charchamasdi. Tez-tez xorijga safar uyushtirardi. 

Esimda, qaysidir yili adashmasam Gollandiyaga borgan edik. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvda Islom Karimov O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati haqida juda to‘lqinlanib gapirib, investorlarni jalb etishga harakat qildi. Uning nutqi barchada katta taassurot qoldirdi. O‘sha payt bir tadbirkor kelib, “Siz bilan uchrashishdan oldin xaritadan O‘zbekistonni uzoq qidirdim, lekin topolmadim” deganda, Prezidentimiz “O‘zbekistonni xaritada topish qiyin emas, chunki uning maydoni to‘rtta-beshta Gollandiyaning maydoni bilan barobardir” deya hazil mutoyiba bilan oqilona javob qilgan edi. Bugun O‘zbekistonni dunyo taniydi. Bularning barchasida Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati katta, deb bilaman. 

O‘tgan yillar davomida Islom Karimovni kuzatib, shuni angladimki, u juda yuqori ish qobiliyatiga ega inson edi. Sutkasiga yigirma olti soat ishlardi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki u ish grafigini juda tig‘iz qilib qo‘yar, hatto uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shu grafikka moslashishga harakat qilardik. Yilda bir martagina chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga arang ko‘ndirardik. Axir qirqdan oshgandan keyin har bir inson yilda kamida bir yo ikki marta tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Davlat rahbari esa inchunun. 

Biz uni tushunardik. Shu bois unga jismoniy yuklamalarni ko‘paytirishni boshladik. Prezident bilan katta tennis o‘ynardik, yugurardik. Islom Karimov qisqa fursat ichida tennis o‘ynashni shunchalar yaxshi o‘zlashtirdiki, bir necha oyda barchamizni, hatto, sparring sherigini ham ortda qoldirdi. Keyinchalik yosh o‘tgan sari ham tennis o‘ynashni kanda qilmadi. Bu uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga yetishish uchun barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishga qodirligidan dalolatdir. 

Hayotimning yigirma besh yili davomida u kishi bilan yonma-yon yurdim. Uning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga har doim tan berganman. Ayniqsa, qurilish va bunyodkorlik borasidagi ishlarga katta ahamiyat berardi. Bino qurilishida shamolning yo‘nalishini, quyoshning tushishini inobatga olardi. Xalqning farovonligini, yaxshi hayot kechirishini o‘ylardi. 

Har shanba Islom Abdug‘aniyevich bilan ko‘rishib, Do‘rmondagi bog‘ni sayr qilardik. Bu bog‘ qarovsiz yotgan o‘ttiz ikki gektar yerda u kishining tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Bilasizmi, hozir shu bog‘ Toshkent shahrining tom ma’noda aytganda “o‘pka”si hisoblanadi. Ya’ni shahar havosining toza bo‘lishida bu bog‘ning ahamiyati katta. 

U o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan o‘ta talabchan edi. Masalan, qaysidir jismoniy yuklamani bajarish chog‘ida, yoki ishdan tashqari oila davrasida o‘tirganda ham faqat ish haqida, xalq va davlat haqida qayg‘urardi. Biz uni chalg‘itishga harakat qilar, lekin barcha urinishlarimiz deyarli zoye ketardi. U doim “Men ishdan chalg‘iy olmayman!” deb ta’kidlardi. Islom Karimov borlig‘i bilan o‘zini ishga bag‘ishlagan inson edi. Ishonasizmi, yigirma besh yil davomida biron joyga, ya’ni xorijdagi nomi chiqqan dam olish maskanlariga borib hordiq chiqarganini eslay olmayman. Nari borsa, o‘zimizdagi Qaynarsoyga borib, shanba va yakshanba kunlari ikki-uch kun dam olardi, xolos. 

Tug‘ilgan kuni juda oddiy, faqat yaqinlarigina ishtirokida o‘tardi. Ortiqcha sarf-harajatga, san’atkorlarning kelib xizmat qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Yana bir jihatni tan olish kerak: u kishi qanchalik talabchan va qattiqqo‘l bo‘lsa, shunchalik mehribon va samimiy edi. Bu bir-biriga qarama-qarshi xususiyatlar doim yonma-yon edi. Har qanday muammoni aniq va qat’iy hal qilardi. Oilasida ayoliga, bolalariga, nevaralariga ba’zan qattiqqo‘llik qilar, lekin ko‘pincha mehribon edi. Islom Abdug‘aniyevichning oila a’zolari bilan qanday munosabat qilishiga havasimiz kelar va u kishiday bo‘lishga intilardik. 

U do‘stlikni qadrlardi. Do‘st bo‘lishga ahd qildimi, haqiqiy do‘st bo‘lardi. Shaxmat o‘ynayotgandami, hordiq chiqarayotgandami ba’zan bolalik, yoshlik xotiralarini eslashni, o‘sha paytlardagi do‘stlari haqida gapirib berishni yaxshi ko‘rardi. Qaysidir bayramdami, biron bir sana bilan bog‘liq yig‘indami Tatyana Akbarovna bilan birga Islom akaning bolalikdagi, yoshlikdagi do‘stlarini taklif qilardik. Islom Karimov bolaligi, yoshligi haqida maroq bilan gaplashgan do‘stlaridan minnatdor bo‘lar, aksincha, o‘zining muammolarini aytib, u kishidan foydalanib qolish payida bo‘lganlar bilan esa aloqani uzardi. Chunki Islom Karimovning muammolari oldida u kishiniki dengizdan tomchiday edi. Shunday paytlarda men Islom akaga “Siz o‘zingizni biz bilan solishtirmang. Axir siz bilan bizning oramizda osmon bilan yerchalik farq bor. Masalan, yomg‘ir yog‘sa men oddiy odam sifatida soyabon olib chiqish haqida o‘ylasam, siz esa odamlarning uyidan chakki o‘tmayaptimi, ekinlarga nima bo‘ladi, qish sovuq kelsa, nima qilamiz, deb butun xalqni, mamlakatni o‘ylaysiz” deb tasalli berardim. U kishi esa kulib qo‘ya qolardi. 

Islom Karimov biron narsa qilmoqchi bo‘lsa, sitqidildan qilardi. Bir kuni Islom aka to‘satdan: “Siznikiga mehmonga boramiz!” deb qoldi. Shoshib qoldim, darrov ayolimga qo‘ng‘iroq qilib, tayyorgarlik ko‘rib turishini aytdim-da, o‘zim yo‘lga tushdim. Uyga bordik, Islom aka, hamma joyni ko‘zdan kechirib chiqdi. Biroz gurung qilib o‘tirdi. Aslida kelishidan maqsad mening turmush sharoitim bilan tanishish, mening misolimda mamlakatda professorlar qanday hayot kechirayotganini bilish edi. 

Ha, u Vatanini, xalqini chin yurakdan yaxshi ko‘rardi. Shunchalik yaxshi ko‘rardiki, qiyosi yo‘q edi. Masalan, bir yili Braziliyaga bordik. Mehmonxonaga joylashdik. Islom Karimovning xonasining derazasidan okean, sohil, palmalar ko‘rinib turardi. Juda go‘zal manzara edi. Manzaraga qarab “Go‘zallikni qarang!” deb hayratimni bildirganimda, u kishi “Bizda bundan ham chiroyliroq joylar ko‘p!” degandi. Bu so‘zlar uning qalbidan chiqqan samimiy so‘zlar edi. 

Men chin ma’nodagi vatanparvarlikni Islom Karimovdan o‘rgandim. U farzandlarimning ancha yildan beri Amerikada yashashini bilar va doim “bir kunmas, bir kun sen ham ketasan” derdi. Men u kishiga “Nega ketar ekanman? Men shu yerda tug‘ilib o‘sdim, ta’lim oldim, ish topdim, oila qurdim. Men Vatanimga kerakman. U yoqda hech kimga kerak emasman” derdim. Bundan u kishi mamnun bo‘lardi. Men va’damga sodiq qolishga harakat qilaman. 

So‘nggi o‘n yilda biz nafaqat Prezident va shifokor sifatida, balki do‘st, aka-uka sifatida muloqot qilardik. Ba’zan xalqning hayoti, yashash tarzi, ahvoli, kayfiyati haqida so‘rar, men u kishiga “Bir marta do‘konlarimizni borib ko‘ring, hamma narsa bor. Shahar va qishloqlarimizni ko‘ring” derdim. 

Bir safar “Islom Abdug‘aniyevich, nega bizda konvertatsiya yo‘q? Axir boshqa davlatlarda bor-ku!” deb savol berdim. U shunday oddiy va aniq javob berdi-ki, lol qoldim. O‘shanda “Bilasanmi, bir kun kelib konvertatsiya ham bo‘ladi. Hozir bizning iqtisodiyotimizda muammolar ko‘p. Zavod-fabrikalar qurishimiz kerak. Uning uchun eng zamonaviy uskunalar kerak. Uskunalar esa chetdan valyutada keltiriladi. Agar konvertatsiyani yo‘lga qo‘ysak, biz valyutani maishiy, mayda-chuyda narsalarga ishlatib yuboramiz. Biz valyutani zavod va fabrikalarga sarflashimiz va iqtisodiyotimizni ko‘tarib olishimiz kerak” degandi. 

Islom Karimov oqilona va uzoqni o‘ylab ish yuritadigan buyuk inson edi. Mamlakatimizni eng og‘ir damlarda ham oyoqqa turib olishida, iqtisodiyotimizning rivojlanishida, xalqning tinch-osoyishta va farovon hayot kechirishida Birinchi Prezidentimizning hissasi katta. 

Yuqorida aytib o‘tganimday, u kishi baquvvat va sog‘lom edi, sog‘ligidan shikoyat qilmasdi. 26-avgust kuni hammamiz Tatyana Akbarovnaning tug‘ilgan kunini nishonladik. Islom Abdug‘aniyevich soat to‘qqizlarda ishdan keldi, hammamiz bir oila a’zolaridek chiroyli dasturxon atrofida hazil-huzul qilib o‘tirdik. Islom akaning ham kayfiyati a’lo edi. Ertasiga esa u kishining sog‘ligi keskin yomonlashgani haqida eshitdik. Zudlik bilan yetib borib, Islom Abdug‘aniyevichni shifoxonaga olib bordik. Mening xayolimda esa bir savol aylanaverardi: qanday qilib shunday sog‘lom odam birdan yiqilishi mumkin?! 

Mening aka-ukalarim yo‘q edi, bittagina opam bor edi. Birinchi Prezidentimiz vafot etganlarida o‘zimning tug‘ishgan akamni yo‘qotganday bo‘lganman. 

Mendan ko‘pincha “baxtiyormisan?” deb so‘rashadi. Men “Albatta” deyman. Chunki Islom Karimovday buyuk insonning yonida o‘tgan yigirma besh yil men uchun katta hayotiy maktab bo‘ldi. Islom Karimovdan Vatanni, xalqni sevishni, yurtning, tabiatning go‘zalligidan bahra olishni o‘rgandim. 

 

O‘zA muxbiri Bayram Aytmurodov yozib oldi