ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ruhiyatning qudrati


13.01.2018

Tibbiyot fanlari doktori, professor Akbar Imomov badiiy ijod bilan ham shug‘ullanadi. U yaqinda "Ruhiyat qudrati" nomli kitobini yozib tugatdi. Asar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning serqirra va ibratli rahbarlik faoliyatining psixologik sifatlari va mezonlariga bag‘ishlangan. Quyida ijodkorning ushbu kitobidan parcha o‘qiysiz.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, buyuk davlat arbobi va dono siyosatchi Islom Karimov kundalik faoliyati mobaynida minglab kishilar bilan muloqotga kirishgan va ular orasida oddiy fuqarodan tortib yirik davlat boshliqlarigacha bo‘lgan. Ushbu shaxslararo munosabatlar jarayonida Yurtboshimiz har bir inson dardini, muammosini diqqat bilan tinglagan, yuragidan o‘tkazgan, hamdardligini namoyon etgan va yechimi haqida ishonchli fikr bildirishi orqali ularda ijobiy ruhiy kayfiyat shakllantirgan. Kasb faoliyatim taqozosiga ko‘ra, ushbu kitobimda yuksak aql-idrok va teran tafakkur sohibi Islom Karimovning ehtirosli psixologik qiyofasi, ma’naviy qudratiga baholi qudrat ta’rif-tavsif berishga harakat qildim.

Islom Karimov suhbatdoshiga hamisha ijobiy ta’sir o‘tkazgan. Natijada muloqot mobaynida ishtirokchilarning yuzlari, ko‘zlari ifodasida namoyon bo‘ladigan ko‘tarinki ruhiy kayfiyat shaxslararo munosabatlarning umumiy ijobiy ko‘rinish olishini ta’minlagan. Bunday ijobiy psixologik holat yurt rahbarida ommaning ruhiy kayfiyatiga ta’sir qilish darajasi yuqoriligini bildiradi. Fikrimiz isboti sifatida Islom Karimov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarni misol keltirish o‘rinli. Aholi bilan uchrashuvlar hamma vaqt o‘ta samimiy, shu bilan birga, nihoyatda hayajonli kechar, har bir suhbatdoshining qalbiga yo‘l topa olar edilar. Natijada muloqot chog‘ida Prezident bilan ishtirokchilar o‘rtasida shunday ruhiy yaqinlik paydo bo‘lar ediki, hamma gapirgisi, o‘z fikrini tortinmay ifoda etgisi kelardi. Ular bir muddat yonlarida Prezident turganligini ham unutib qo‘yishardi. Bu shaxslararo munosabatlarda psixologik muvozanat hosil bo‘lganligi belgisidir. 

Buyuk komil inson sifatida mamlakatimiz rahbari o‘zining malakasi, bilimi va tajribasi yuksak darajada ekanligi bilan muloqot ishtirokchilaridan ustun turar edi. Masalan, Islom Karimov soha vakili bilan suhbat qilganida shu sohaga tegishli bo‘lgan noyob ma’lumotlarni keltirardilarki, bu har qanday kasb egasini shoshirib qo‘yardi va tengma-teng suhbat olib borardi. Bola bilan bolalarcha soddalik, samimiylik bilan muloqotda bo‘lardi. Natijada bolalar ro‘parasida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov emas, balki mehribon otalari turganday his etishib, ruhan bir-biriga singib ketishardi. Demoqchimanki, mehribon Yurtboshimiz Islom Karimov shaxslararo muloqotlarda suhbatdoshining psixologik kechinmalarini ichki tuyg‘usi orqali aniq idrok etardi. Natijada suhbatdoshi "Men aytmasam ham u kishi mening aytmoqchi bo‘lgan dardimni oldindan bildilar-a", deb qoyil qolardi. 

Buyuk Yo‘lboshchimizning sehrlovchi so‘zlari tinglovchilarning qalbida ezgulikka bo‘lgan intilishini uyg‘otib, faollikka chorlagan va har bir shaxsning oldiga zamon, millat tomonidan qo‘yilgan yuksak vazifani bajarishida dadillik, o‘ziga ishonch tuyg‘usini bag‘ishlagan. 

Islom Karimov o‘zining mukammal rivojlangan individual psixologik xususiyatlari bilan boshqa rahbarlardan ajralib turgan. Serqirra, sermahsul va namunali rahbarlik faoliyatining psixologik sifatlari, fikrimizcha, quyidagilardan iborat:

– tartib-intizomga to‘liq rioya qilish, ishxonasida saranjom-sarishtalik, ish qurollari, hujjatlari joy-joyida bo‘lishi;

– o‘z faoliyati mobaynida nazariy bilimlaridan va orttirilgan amaliyot tajribalaridan unumli foydalanishi;

– mustaqil ravishda qaror qabul qilishi va uning ijrosini nazorat qilishi;

– o‘zi qabul qilgan qarorlar, farmoyishlar uchun yuksak javobgarlik hisining borligi va ularda xatoga, noaniqliklarga yo‘l qo‘ymasligi;

– qarorlar qabul qilishda subyektiv fikrlar va xulosalarga asoslanmasligi. Aksincha, hayotiy tajribalar, ko‘nikmalar va bilimlarga tayangan holda ish tutganligi;

– doimiy ravishda boshqaruv mahoratini oshirib borishi, ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanishi, zamon, davr talablaridan kelib chiqqan holda informatsion texnologiyalardan xabardor bo‘lishi va foydalana bilishi;

– faoliyati davomida qonunlar, tavsiyalarga to‘liq amal qilishi va muqobil dasturlarni chuqur o‘rganishi;

– yuqori martabali rahbar sifatida yakuniy xulosa chiqarishidan va qaror qabul qilishidan oldin dastur, reja, qaror loyihasi yuzasidan shu sohaga tegishli bo‘lgan malakali mutaxassislar va ekspertlar muhokomasidan o‘tkazganligi.

Islom Karimovning yana bir muhim psixologik sifat belgisi haqida aytish lozim: bu – zimmasidagi funksional vazifalarini bajarishida ijrochilik intizomiga doimiy ravishda amal qilishlik va belgilangan muddatda, to‘liq, sifatli bajarishga odatlanish. I.Karimov kundalik ish faoliyati mobaynida qilingan ishlarini tahlil qilish, muammolar haqida doimiy o‘ylash va u yoki bu masalada to‘g‘ri qaror qabul qilganligiga ishonch tuyg‘usini o‘zida shakllantirganligi bilan ajralib turgan. Shu bilan birga, analitik fikrlashi orqali to‘g‘ri yo‘ldan borayotganligiga doimiy ravishda aniqlik kiritib borgan. 

Buyuk Yo‘lboshchimiz hamma vaqt ham ichki psixologik kechinmalarini to‘g‘ri tasavvur qilgan va o‘ziga ishongan holda ikkilanishga yo‘l qo‘ymagan. Shu bilan birga, o‘rinbosarlarning, maslahatchilarning fikrlariga quloq solgan. Lekin muhim qarorlar qabul qilishda mustaqil bo‘lgan. Chunki, maslahat berish oson, ammo qaror qabul qilish va uni ijro etish juda qiyin. Shu sababli Islom Karimov murakkab muammoning yechimini topishda, to‘g‘ri va obyektiv qaror qabul qilishda o‘zining ichki psixologik imkoniyatlariga asoslangan. 

Islom Karimovda rahbarlik mezonlari xalqaro standartlarga to‘liq mos kelgan. Buni ruhiy rivojlanishining yuqoriligi va tug‘ma boshqaruv iqtidorining borligi tasdiqlaydi. Ushbu noyob psixologik sifatlar to‘liq shakllanganligini Prezidentlik faoliyati mobaynida O‘zbekiston erishgan iqtisodiy, ijtimoiy yutuqlar, xalqimiz turmush darajasi uzluksiz oshib borganligi va xalqaro maydonda "O‘zbek modeli" sifatida tan olinganligimiz isbotlab turibdi.

Birinchi Prezidentimizning xalqlararo va davlatlararo serqirra faoliyati ham tahsinga loyiq. Munozarali masalalarni doim tinch yo‘l bilan yechishga erishgan. Shu sababli yurtimizda 100 dan ortiq millat va elat yashashiga qaramasdan, hozirgacha ular o‘rtasida biror marta ham nizo chiqqan emas. Hammasi bir xalqday, bir millatday hamjihatlikda ishlab va yashab kelishmoqda. Bu ham halqparvar va mehribon Yurtboshimiz Islom Karimov ijtimoiy faol siyosatining va xalqining dardi bilan yashaganligining mahsulidir.

Islom Karimov dadil, dovyurak, islohotchi, amaliyotchi, bashoratchi edilar. Buyuk Yo‘lboshchimizning bu yuksak xislatlarini davlat byudjetini shakllantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning istiqboli uchun mo‘ljallangan dasturlarni tuzishdagi o‘ta aniq hisob-kitoblari orqali bilish qiyinmas. Islom Karimovda abstrakt tafakkur yuksak darajada rivojlanganligi sababli respublikamizda va jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalarni o‘tkir idrok etganlar va tezkorlik bilan xulosa qilish qobiliyatiga ega edilar. Fikrimiz isboti sifatida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning yurtimizga rasmiy tashrifi vaqtida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovga bergan bahosini keltirish o‘rinlidir: "Siz, janobi oliylari, dono va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarsiz. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston yuqori ko‘rsatkichlarda rivojlanib bormoqda. Men Sizdan, janobi oliylari, rahbarlik sirlarini o‘rganishim kerak ekan". Bunday haqqoniy, yuksak va odilona berilgan bahoga hamma davlat rahbarlari loyiq ko‘rilavermaydi. 

Siyosiy munozaralarda ham buyuk Yurtboshimiz qat’iyatlik, dadillik bilan millatning, davlatning manfaatlarini himoya qilganlar. Ayrim siyosiy o‘yinlarda, mantiqqa tayangan holda, faktlarga asoslangan fikr va xulosalari yakuniy yutuqqa olib kelgan. Shunday qilib, puxta o‘ylash, asoslash, ratsional fikrlash, xulosa qilish, Vatan imkoniyatlariga mos keladigan rejalar tuzish, bajarilishi aniq bo‘lgan qarorlar qabul qilish va jamiyat fikriga tayanish kabi noyob ruhiy xislatlar buyuk davlat arbobi va dono siyosatchi Islom Karimovga xos edi.