ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali qarshisidagi o‘ylar


09.01.2018

Ishonchim komil, Islom Abdug‘aniyevichning haykali qad ko‘targan mana shu tabarruk maskan xalqimiz uchun,

yurtimizga keladigan ming-minglab aziz mehmonlar uchun muqaddas ziyoratgohga aylanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

 

Ko‘hna kentning yuragi deya e’tirof etiluvchi Registon majmuasi old maydonidan o‘tayotib, dilimni ajib bir sarxushlik egalladi. Quvonchdan qalbim entikib ketgandek bo‘ldi go‘yo. Bu qutlug‘ joylarga ko‘p bor kelganman. Bu yo‘laklardan ham birinchi marta o‘tayotganim yo‘q. Har safar Registon qarshisida hayrat og‘ushida qolganim rost. Lekin bu galgisi oldingilaridan boshqacha kechdi. Atrof shunchalik jozibali va maftunkor ediki, suqlanib boqqaning sayin sehrlangandek sezasan o‘zingni.

Hayrat

Sherdorga tutash maydon orqali sekin Registon yonidagi xiyobon tomon odimlayman. Xiyobonga yaqin kelishingiz bilan bog‘ o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning salobatli haykaliga ko‘zingiz tushadi. Ohistalik bilan ziyoratchilar oralab ulug‘ inson siymosiga yaqin kelaman. Dilimni hayajon chulg‘aydi. Birinchi Prezident xayolimda hayot bo‘lib jonlanadi. Beixtiyor ta’zimga bosh egib, ko‘ngil mamnunligini, minnatdorlik tuyg‘ularimni unsiz izhor etaman. Otaxon mamnun qiyofada haykalga boqqanicha qo‘llarini ochib, duo qilyapti. Pichirlashini eshitmadim, biroq bilamanki, otaxon bugungi farovon kunlarimizga shukrona aytib, shukuhli hayotimizga zamin yaratib ketgan tabarruk insonning oxirati obod bo‘lishini Allohdan tilamoqda. Mehr va sadoqat, oqibat va hurmat, qadrlash va xotirlashning oddiy va samimiysi shu emasmi?! 

Yodgorlikning o‘ng va so‘l tomonlarini aylanaman. Bog‘dagi barcha yumushlar did bilan bajarilganidan yanayam hayratim oshadi. Yam-yashil archalar, za’faron tus barglarini to‘kib ulgurmagan kashtan daraxtlari bir-biriga uyg‘un va mos ravishda yanada chiroy, maftunkorlik kasb etgan.

Xiyobondan chiqqing kelmaydi, qandaydir bir ilohiy kuch qo‘lingdan tortib turgandek, uzoq qolib ketganingni bilmay qolasan. Atrof manzarasidan sarxush bo‘lganing bir tomon, ikkinchi muhim jihat shundaki, bu joylarning har qarichi tabarruk va muqaddas. Bu zaminning har bir qadamida ilohiyat, behisob sir-sinoat bor. Ne-ne buyuklar, allomalarning, mard va jasur ajdodlarimizning qadam izlari qolgan. Shu bois bu zaminni qanchalik tavof qilsang-da baribir kam. Birinchi Prezidentimizning bolalik yillari ham aynan shu qutlug‘ joylarda o‘tgan. Registon minoralari, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim, Shohi Zinda majmuasi obidalari I.Karimovga juda kichiklik paytidan yaxshi tanish, go‘dakligidayoq yuragiga singib ketgan. U o‘qigan maktab ham Registonga yaqin, Bibixonim tarixiy obidasining yonginasida.

Ustozga ta’zim

Islom Karimovning siymosiga boqib, uning bolalik, o‘quvchilik davri haqida ustozining dil so‘zlarini eshitganim yodimga tushdi. 1999 yilning 22 dekabrida viloyat hokimiyatining majlislar zalida Prezidentlik saylovi munosabati bilan I.A.Karimov samarqandlik saylovchilar vakillari bilan uchrashuvga tashrif buyurgan. Uchrashuv juda samimiy ruhda boshlandi. So‘zga chiqqanlar Prezidentlikka nomzod Islom Abdug‘aniyevich haqida, u kishining ibratli ishlari xususida to‘lib-toshib gapirdilar. (Ushbu uchrashuv yozilgan videokassetani hanuz ehtiyot qilib saqlayapman). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Xosiyat Bobomurodova Shahrisabzda tavallud topgan Amir Temur bobomizning qadimiy Samarqandni poytaxt qilib, obod va go‘zal shaharga aylantirgani va yillar o‘tib, Samarqand farzandi I.Karimov Qashqadaryoga birinchi rahbar bo‘lib borgani va keyinchalik respublika Prezidenti sifatida Qashqadaryoni gullab-yashnatganini lirika ila lutf qildi. Ayniqsa, Samarqand shahridagi 21-maktabning sobiq direktori Halim ota Abdurahmonovning so‘zlari hammani junbushga keltirdi: "87 yoshim, oq sochim, aziz boshimni egib, sizga salom bergani keldim. Islom Abdug‘aniyevich, Xudoyi taolo Sizga nazar qilgan ekan, 10 yillik oltin medallik attestatni men Sizga 1953/54 o‘quv yilini tamomlashda o‘z qo‘lim bilan topshirdim. 

Islomjon, mening 63 yillik o‘qituvchilik stajim bor. Siz maktabni bitirgan yildan ushbu surat yodgorlik qolgan ekan. Oradan 45 yil o‘tgandan so‘ng mana shu suratning asl nusxasini Sizga topshiraman. Bundan yor-birodarlaringizni, muallimlaringizni yodga olasiz. Islomjon, mening yoshim to‘qsonga yaqinlashdi. Xudodan tilagim, menga yana 90 yil umr bersin, shu umrni men Sizga bag‘ishlayman!" 

Keksa muallim gapirayotgan pallada zaldagilarning butun vujudi quloqqa aylangan, hayajon ummoni ichra g‘arq edi. Nutqning bir necha bor olqishlar bilan bo‘lingani boisi ham shunda edi. Shu damda hammaning nigohi Islom Karimovda edi. U muallimi xotiralarini nihoyatda diqqat bilan, berilib tingladi. O‘qituvchisi so‘zini yakunlashi bilan prezidiumdan tushib, minbarga yaqin keldi. Tarixiy suratni olib, ustozini mehr bilan bag‘riga bosdi va minnatdorchilik bildirdi. Bu ustozni e’zozlash, unga hurmat ko‘rsatishning ibratli namunasi edi.

Darhaqiqat, shu kuni aytilgan barcha gaplar yuraklarning tag-tubidan sizib chiqdi. Har bir suxan mehr bilan izhor etildi. Shu bois chehralarda samimiyat balqdi, yuraklarda sevinch jo‘sh urdi. Butun zalni qamragan quvonch va hayajon Islom Abdug‘aniyevichni ham og‘ushiga olgan edi. O‘sha paytda mamlakatning birinchi rahbari ko‘p gapirmadi. Hayajon bunga izn bermadi deb o‘yladik biz. Yuraklar to‘lib-toshganda shunday bo‘lishi tabiiy bir hol. Bunday paytlarda unsiz qarashlarda, mamnun nigohlarda ko‘p narsa aks etib turardi. Islom Abdug‘aniyevich qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, hamyurtlariga, samarqandliklar vakillariga qayta-qayta ta’zim bajo keltirdi. Zalni gulduros va davomli qarsaklar tutib ketdi.

Mustaqillik farzandlari

Xiyobonga tutash Toshkent ko‘chasi boshlanishidagi o‘rindiqlardan birida o‘tirib yana kuzatishda davom etaman. Haykal atrofi odamlar bilan gavjum. Kimdir diqqat bilan ulug‘ inson siymosiga boqib turibdi. Yana kimdir suratga tushyapti. Odamlarning yoshi ham turlicha. Nuroniylar, tabarruk otaxon va onaxonlar, yoshlarning vakillari ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Yanglishmasam, yarim soat vaqt ichida 20 nafardan ziyod kelin-kuyovlar, ularning yor-birodarlari, dugonalari ziyoratga kelishdi, gullar qo‘yishdi, esdalik uchun suratlarga tushishdi.

Darhaqiqat, bu kelin-kuyovlar mustaqillik farzandlari – istiqlolning ilk yillarida tavallud topgan baxtli bolalarimiz. Ularning ehtirom ila bu yerga qadam ranjida qilishlarida ham ma’no bor. Hayotlaridagi eng quvonchli lahzalarda, bir umrga unutilmas bo‘lib qolayotgan damlarda ziyoratga kelib, mustaqilligimiz asoschisi, farovon kunlarimiz tamal toshini qo‘ygan hazrati inson haykali poyiga gullar qo‘yishayotgani ular qalbidagi cheksiz mehr-muhabbat izhorining ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida "Ishonchim komil, Islom Abdug‘aniyevichning haykali qad ko‘targan mana shu tabarruk maskan xalqimiz uchun, yurtimizga keladigan ming-minglab aziz mehmonlar uchun muqaddas ziyoratgohga aylanadi", deganida naqadar haq ekanligini bugungi kun ro‘y-rost ko‘rsatib turibdi. Qalb da’vati, ehtirom tuyg‘usi ila bu yerga kelayotganlar oqimi bir zum bo‘lsa-da, to‘xtamaydi.

Ana 25-30 chog‘lik bir guruh o‘quvchilar kelishyapti. Yonlarida o‘qituvchisi ham bor. Ular murabbiy boshchiligida avval haykal poyiga gullar qo‘yishdi, so‘ngra birgalikda ta’zim bajo keltirdilar. O‘qituvchisi ularning qurshovida nigohlarini haykalga qarata nimalarnidir gapirib berdi. Bari birgalikda esdalik uchun suratga tushdilar.

Ha, bular ham mustaqilligimiz farzandlari – kelajagimiz egalari. Islom Karimov yoshlarimiz hech kimdan kam bo‘lmasligi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Bu yoshlar davlat rahbarining ana shunday mehriga yo‘g‘rilgan siyosati og‘ushida ulg‘aymoqda, kamolga yetmoqda. Ularning beg‘ubor qarashlarida, harakatlarida mo‘tabar insonga nisbatan behad minnatdorlik hislarini anglash qiyin emas edi.

Abadiy shahar

Islom Karimov siymosida, uning nigohlarida xuddi hayotlik paytidagidek Samarqandga mehr aks etib turganini anglagandek bo‘ldim. Qaddi Registon tarafga yuzlangan. Nigohlari buyuk sohibqiron Amir Temur haykali tarafga qarab turibdi. Bunda ham qandaydir ramziy ma’no bordek go‘yo. Buyuklar siymosidagi boqishlarda ezgulik, xayrli ishlarga, baxt-saodatga undash ifodasini topadi. Darvoqe, Registondan uncha uzoq bo‘lmagan Universitet xiyoboniga o‘rnatilgan Amir Temur yodgorligi ham Islom Karimovning tashabbusi bilan bunyod etilgan edi. 

Bu benazir inson tashabbusi va rahbarligi bilan Samarqandda amalga oshirilgan ishlarning ko‘lami nihoyatda ulkan. 1994 yilda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, 1996 yilda sohibqiron Amir Temurning 660 yilligi, 1998 yilda buyuk muhaddis olim Imom Buxoriyning 1225 yilligi nishonlandi. Payariq tumanida Imom Buxoriy majmuasi barpo qilindi. 

Muqaddas qadamjolarda keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari olib borilgani, Shohi Zinda, Registon majmualari, Ruhobod maqbarasi kengaytirilgani va obodonlashtirilgani ham I.A.Karimov qalbida Samarqandga bo‘lgan mehr cheksizligi ifodasidir.

Ushbu satrlarni qog‘ozga tushirish asnosida I.A.Karimovning Samarqand va samarqandliklar haqida aytgan ta’riflari bilan qiziqdim. 

"Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona ruhi va qiyofasi, boy tarixi, bu yerda saqlanib qolgan noyob, har qanday odamni hayratga soladigan obidalari bilan sayyoramizning turli o‘lkalarida afsonaviy shahar sifatida ma’lumu mashhurdir. Moviy gumbazlari millionlab sayyohlarni o‘ziga maftun etadigan Samarqandning Rim qatorida "abadiy shahar" degan nom bilan butun dunyoda shuhrat qozongani bejiz emas, albatta". 

Xalqimga ta’zim

2007 yilda Samarqandning 2750 yilligi keng nishonlandi. Bayram munosabati bilan shahar yanada obodonlashib, bir chiroyiga o‘n chiroy qo‘shildi. Yubileyga tayyorgarlik va uning o‘tkazilishiga I.A.Karimovning o‘zi rahnamo bo‘ldi. 

"Muhtaram Samarqand ahli,

qadrdonlarim!

Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan tabriklar ekanman, shu qadrdon zaminda – ona shahrimda turib, oqko‘ngil, mehridaryo Samarqand eliga, butun xalqimizga bosh egib ta’zim qilaman".

Haqiqatan ham Birinchi Prezidentimizning doimiy e’tibori va sa’y-harakatlari natijasida Samarqand dunyodagi mashhur shaharlar safidan munosib joy oldi. Endilikda Samarqand nomi haqli ravishda jahonning eng katta minbarlarida tilga olinmoqda, nufuzli xorijiy delegatsiyalar, davlat rahbarlari tashrif buyuradigan, katta xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan maskanga aylanmoqda. 

Islom Abdug‘aniyevichning Samarqandga bo‘lgan mehri shu zamin taqdiri uchun kuyunchaklik bilan qorishiq edi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyalarini talabchanlik ruhida, qat’iyat bilan o‘tkazganlari, achchiq tanqidiy fikrlar bildirganlariga ham guvoh bo‘lganmiz. Aslini olganda ana shu tanbehlar, dashnomlar ortida ham Samarqand va samarqandliklarga bo‘lgan cheksiz mehr yotardi, desak hecham mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, davlat rahbari Samarqand viloyatini, qolaversa, O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishini chin dilidan istab, butun hayotini shunga bag‘ishlaganini barchamiz yaxshi bilamiz. 

Haykal ro‘parasida o‘tirib, Birinchi Prezident bilan bog‘liq yana bir shirin xotira yodimga tushdi. 2002 yil 15 oktabr kuni Islom Karimov amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida viloyatga tashrif buyurdi.

Tashrifni yorituvchi telejurnalistlar safida men ham bor edim. Prezident avval Jomboy tumanida, so‘ngra Payariq tumanidagi Alisher Navoiy nomli shirkat xo‘jaligida dehqonchilik ishlarining ahvoli bilan tanishdi, paxta dalalarini borib ko‘rdi, soha vakillari bilan suhbatlashdi. Shu muloqotlar mobaynida hosildorlikni oshirish, sifatini yaxshilash, paxta navlariga e’tiborni qaratish haqida gapirdilar. Ayniqsa, aholining turmush farovonligini oshirish, obodonchilik borasidagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha qimmatli maslahatlarini berib, rahbarlar oldidagi vazifalarni belgilab berdi.

Landshaft arxitekturasi nima?

Davlat rahbari keyin Samarqand shahridagi yangi qurilgan "Sug‘diyona" istirohat bog‘iga ham tashrif buyurdi. Ulug‘ mehmon bog‘ning o‘rtasidagi yo‘lakdan avval o‘ng tomonga diqqat bilan razm soldi. Bu yerdagi akvapark u kishida qiziqish uyg‘otdi. So‘ngra ko‘l suvining doimiy yangilanib turishi haqida fikr bildirdilar. O‘ng tomondagi manzaralar ham Islom Karimovga ma’qul keldi. "Yaxshi joy bo‘libdi, kelgusida odamlar bu yerda miriqib dam olishadi", dedi va biz jurnalistlarga yuzlandilar. "Mana siz ham samarqandliksiz", dedilar hamkasblarimizdan biriga qarab. "Dunyo tajribasida landshaft arxitekturasi degan gap bor. Qani ayting-chi, bu nima degani?". Prezident javobni kutib turmay o‘zi landshaft me’morchiligi, rivojlangan mamlakatlarda, katta shaharlarda bunga alohida e’tibor qaratilishini tushuntirib berdilar va buni albatta, hisobga olish lozimligini ta’kidladilar.

Hozirgi paytda men shu istirohat bog‘iga yaqin hududda istiqomat qilaman. Kuniga yoki kun ora erta tongda istirohat bog‘iga boraman. Doimiy sheriklarim bor. Biri ko‘p yillar shifokorlik qilgan Baxtiyor aka, ikkinchisi uzoq yillar qishloq xo‘jalik institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Raimqul aka. Bu yerda biz singarilar ko‘pchilik. Ular orasida yigit-qizlardan tortib, o‘rta yosh va keksalar ham bor. Bog‘ni kamida ikki davra aylanamiz. Havosi toza, yoqimli, ayniqsa, erta tongda tamoman o‘zgacha bo‘ladi. Ba’zi daraxtlar, gullardan taralayotgan bo‘y kishiga yanada yoqimli tuyuladi, dimog‘larni qitiqlaydi. Rang-barang gullar, turfa daraxtlar, bolalar uchun qurilgan attraksionlar ko‘zingizni quvontiradi. Birinchi Prezident aytgan landshaft me’morchiligining amaldagi namunasi shu bo‘lsa kerak. 

Bugun eslaganlarimiz, xotiramizdan o‘tkazganlarimiz ulkan ummondan bir tomchi, xolos. Xiyobondan qaytayotib ruhimda bir yengillik, faxr ila ul zot siymosiga nazar tashlayman. Nazarimda u O‘zbekiston xalqining yarim asrlik jasorati va matonatiga, shu xalqni bunyodkorlikka chorlagan fidoyi inson muhabbatiga qo‘yilgan haykalga o‘xshaydi.

Amrillo AHMEDOV, 
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.