ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Inson qadri ulug‘, xotirasi muqaddas


08.05.2018

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag‘rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg‘ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.  O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Xotira va qadrlash deganda biz, avvalo, o‘zimizni inson sifatida anglashni, odamiylik fazilatlarini ulug‘lashni nazarda tutamiz”, – degan qimmatli so‘zlari zamirida ana shunday mohiyat yotibdi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1999 yildagi 9-mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida» gi farmoniga ko‘ra Qoraqolpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat markazlarida Xotira maydoni qad rostladi. Har bir viloyatda «Motamsaro ona» haykali o‘rnatilib, Vatan ozodligi va tinchligi uchun jon berganlar nomi abadiylashtirildi.

Xotira va qadrlash – inson aql-zakovatining be’takror ma’naviy ne’matlari, tiriklikning azaliy mezonlaridir. Homiylik, saxovat va himmat, mehr va muruvvat fazilatlari, xotira va qadr tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Zero, qalbi saxovatga, mehr-muhabbatga, shafqat va shafoatga to‘la insonlargina o‘z tarixini, ajdodlarini doimo xotirlaydi, fidoyi yurtdoshlari, yorug‘ kelajak yo‘lida mehnat qilayotgan kishilarning qadriga yetadi.

Janggohlarda jon bergan vatandoshlarimiz nomlari muhrlangan «Xotira kitobi» ning zarhal varaqlari Vatanning fidoyi o‘g‘lonlari qismatidan shahodat beradi. Motamsaro ona qiyofasida esa iztirob va umid namoyon. Beva-bechorayu yetim-esirlar, farzandi yo‘liga ko‘z tikkan onaizorning umidu nadomatlari mujassam shu birgina qiyofada.

Ushbu sanani Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlay boshlaganimizga mana 19 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida marhumlarni yod etish, keksalar, bemorlar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish nafaqat o‘zbeklar, balki yurtimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elat vakillari uchun odat tusiga kirdi. Binobarin o‘tganlar xotirasi oldida ta’zim bajo keltirish, insonni tiriklik chog‘ida qadrlashdek hayotiy qarashlar el-yurtimizning qon-qoniga singib borayotgani tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida» gi farmoni hamda «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora tadbirlari to‘g‘risida» gi qaroriga ko‘ra jangohlarda mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan barcha urush qatnashchilari va nogironlariga 5 million so‘m miqdorida bir yo‘la pul mukofoti berildi. Mazkur qarorga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining istaklari asosida ularning o‘zlari jang qilgan mamlakatlarga bir nafar kuzatuvchi bilan safarini tashkil etish, urush faxriylarining xohishlari asosida Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi «O‘zbekiston» hamda respublika hududidagi boshqa sanatoriylarga bepul yuborilishini tashkil etish mamlakat hukumatiga vazifa sifatida yuklatildi.

Shuningdek, joriy yilning birinchi mayidan 1941-1945 yillardagi urush faxriylarini va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga - har oyda bepul taqdim etish uchun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan asosiy turdagi oziq-ovqat hamda gigiyena mahsulotlari, zarur kiyim-kechak va poyabzallar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu oziq-ovqat, shuningdek, gigiyena mahsulotlari "Nuroniy" jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘limlari orqali yashash joyiga har oyning 15-sanasigacha, zarur kiyim-kechak va poyabzallar har yili 1 oktabrdan kechiktirilmay va to‘lov undirmasdan yetkazib berish nazarda tutilgan.

Mamlakatimiz rahbariyati 9 may sanasini keng nishonlashda uzoq va yaqin davlatlarga o‘rnak bo‘layotir. Hech shubhasiz, bunday tadbirlar xalqimiz tomonidan juda katta minnatdorlik bilan qabul qilinmoqda. Masalaning boshqa tomoni ham borki, uni esdan chiqarishga haqqimiz yo‘q. Ikkinchi jahon urushida faol qatnashib, fashizm balosini bartaraf etishda mislsiz qahramonliklar ko‘rsatgan ayrim mamlakatlardagi urush qatnashchilari bugunga kelib ba’zi siyosiy kuchlar, kaltabin davlat rahbarlarining siyosiy ojizligi tufayli kamsitilmoqda, tahqirlanmoqda, ularga «insoniyat dushmani» degan yorliq yopishtirilmoqda, g‘alabani qo‘lga kiritgan oddiy askarga o‘rnatilgan haykallar buzib tashlanmoqda.

Ana shunday sharoitda O‘zbekiston, o‘zbek xalqi an’anaviy tinchliksevar siyosatiga sodiq qolmoqda. Yana bir muhim jihat shuki, o‘ta og‘ir va mashaqqatli yillarda xalqimizning insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. El-yurtimiz mamlakatning urush bo‘layotgan g‘arbiy hududlaridan evakuatsiya qilingan turli millatga mansub bir millionga yaqin bolalar, ayollar va keksalarga boshpana berib, bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi.

Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish maqsadida Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga binoan, poytaxtimizda bir vaqtlar “Xalqlar do‘stligi” deb nomlangan metro bekati, san’at saroyi va keng maydonga shu atama, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga esa Shomahmudovlar nomi kaytarilishi, o‘zbek xalqining insonparvarlik va bag‘rikenglik fazilatlari yaqqol namoyon qilmoqda. Hozirgi kunda bu maydonda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Xotira va qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu a’mollar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrimizning turli tahdidlarga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari - navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.

Eng muhimi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam qaror topmoqda. Tarixdan saboq chiqarib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamay, milliy o‘zlikni anglagan holda, muzaffar ajdodlarning hech kimdan kam bo‘lmagan avlodi ekanimizni anglab yashayapmiz.

Shu nuqtai nazardan, bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, mo‘tabar keksalarimiz duosini olish, tinch hamda osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.

Sherzod Salimov,
Farxod Kurbanbayev (surat)
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy Yodgorlik majmuasi