THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Yodgorlik majmuasida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi


02.02.2018

2018 yil 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Mustaqillik, barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda Islom Karimovning tarixiy roli” mavzusida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, olim, mutaxassislar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘yib, Islom Karimovga hurmat bajo keltirishdi.

Tadbirda “Mustaqillik me’mori” nomli hujjatli film namoyish etildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasi, Respublika xayriya jamoat, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining vakillari, olim va mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov nomini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati, xususan yubiley tadbirlari doirasida o‘tkazilgan Samarqand shahrida Yodgorlik majmuasi va Qarshi shahrida Islom Karimovga haykalning tantanali ochilishi marosimlarining mazmun-mohiyati haqida, Birinchi Prezidentimiz istiqlol yillarida global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tatbiq etilgan tashabbuslari bilan bog‘liq tarixiy voqealar yorqin misollarida ochib berdilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “mustaqil O‘zbekistonning 25 yil ichida ichki va tashqi siyosatda o‘z yo‘lini tanlab, xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin va mavqega ega bo‘lishi, dunyo davlatlari bilan tinchlik-barqarorlik, tenglik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishida Birinchi Prezidentimizning puxta o‘ylangan qarorlari muhim ahamiyat kasb etdi”.

I.Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari “O‘zbekiston XX1 asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” deb nomlangan asarda ilgari surilgan g‘oyalarning ahamiyati bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Butun olamni jo qilgan yurak” badiiy ko‘rgazmasi bilan ham tanishdilar.