THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Tashqi siyosat. 1990 yil


10 yanvar. SSSR xalq deputati Islom Karimov KPSS Markaziy Komiteti plenumi qatnashchilaridan bir guruhi tarkibida Litva SSRning poytaxti Vilnyusga keldi. Bu yerda vujudga kelgan muammolarni bartaraf etishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Majlisda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov nutq so‘zladi.

20 mart. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari Islom Karimov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Sovet Ittifoqidagi favqulodda va muxtor elchisi D.F.Metlokni qabul qildi.

17 aprel. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Indoneziya Respublikasining kooperatsiya ishlari ministri B. Arifin boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi.

12 iyun. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston SSR Tashqi savdo va xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar davlat komitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

15 iyun. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Qozog‘iston SSR Prezidenti Nursulton Nazarboyevni qabul qildi. Unda ikki respublika o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

20 iyun. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Samarkand oblast Nurota rayonidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan «Qizilcha» davlat naslchilik zavodining direktori Mirzan Nurboyevga «SSSRda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» nishonini topshirdi.

21 iyun. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston SSR delegatsiyasi O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalari rahbarlarining uchrashuvida qatnashish uchun Olmaota shahriga jo‘nab ketdi.

23 iyun. Olmaotada O‘rta Osiyo respublikalari va Qozog‘iston rahbarlarining qo‘shma bayonoti imzolandi. Bu hujjatni O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov imzoladi.

25 iyul. O‘zbekiston SSR Prezidenta Islom Karimov Hindiston Respublikasining Bosh ministri Vishvanatx Pratap Singxni qabul qildi.

27 sentabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov GFR Bundestagi a’zosi, Iqtisodiy aloqalar komissiyasining raisi X. Shvars va Chet mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uyushmasining rahbari B. Bishop (AQSh) bilan uchrashdi.

20 oktabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Koreya Respublikasining SSSRdagi elchisi Gon Ro Myanni qabul qildi.

23 oktabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov O‘zbekistonga tashrif buyurgan Vetnam Sotsialistik Respublikasining SSSRdagi favqulodda va muxtor elchisi Nguyen Man Kamni qabul qildi.

23 oktabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Hindiston Respublikasining Toshkentdagi Bosh konsuli A.K.Mukerjini ushbu lavozimda faoliyat boshlashi munosabati bilan qabul qildi.

Shu kuni O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasining Toshkentdagi Bosh konsuli B.Budani ham qabul qildi.

27 oktabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Toshkentda o‘tkazilayotgan sovet-afg‘on uchrashuvida qatnashayotgan Afg‘onistan, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari a’zolarini qabul qildi.

1 noyabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Vetnam Sotsialistik Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosari Chan Dik Liong boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.

11 noyabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov amerikalik taniqli iqtisodchilar — AQSh Senati byudjet komiteti apparatining direktori D.Xilli va shu komitet apparati direktorining o‘rinbosari D.Olinni qabul qildi.

22 noyabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov mehr-muruvvat maqsadida Sovet Ittifoqiga kelgan Quddus (Isroil)dagi mustaqil Ioann ordenining vakili Jan Per Tersuni qabul qildi.

24 noyabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Shinjong — Uyg‘ur muxtor rayoni xalq hukumatining raisi T. Davomat boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Suhbat chog‘ida har ikki tomon do‘stlik va o‘zaro manfaatdorlik negizida qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga intilayotganini ta’kidladi.

27 noyabr. O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov Ispaniya savdo-sanoat doiralarining Sovet Ittifoqiga kelgan delegatsiyasi vakillari — «Porko» firmasining prezidenti janob Xorxe Soto Rodriges, «Sirekaks» firmasining direktori Ramon Lopes Lake hamda delegatsiyaning boshqa a’zolarini qabul qildi.