THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Iqtisodiyot. 2016 yil


15 yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Prezident Islom Karimov ma’ruza qildi. Ushbu nutq «Bosh maqsadimiz – mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, olib borilayotgan islohotlarni, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni izchil davom ettirish, xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka yanada keng yo‘l ochib berish hisobidan oldinga yurishdir» sarlavhasi bilan matbuotda chop etildi.

20 yanvar. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

20 yanvar. Prezident Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

12 aprel. Prezident Islom Karimov «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi.

13 aprel. Prezident Islom Karimov «Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini tasdiqladi.

30 iyun – 1 iyul. Prezident Islom Karimov joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘ldi.

Islom Karimov Surxondaryoga safarini Termiz shahrida milliy va zamonaviy me’morlik uslublari asosida barpo etilgan Xotira maydoni bilan tanishishdan boshladi.

Davlatimiz rahbari mazkur maydonning halqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati to‘g‘risida to‘xtaldi.

Yurtboshimiz Termiz tumanidagi «Yangi-ariq paxtakori» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, viloyat faollari va fermerlari bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish, istiqbolli navlarni ekib, hosildorlikni yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Islom Karimov Termiz shahridagi Hakim at-Termiziy majmuasini ziyorat qildi va ushbu majmuani ta’mirlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. Bunda vohaning o‘ziga xos an’analari, zamonaviy me’morlik usullaridan foydalanish zarurligini qayd etdi.

Yurtboshimiz kunning ikkinchi yarmida Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Kapital ta’mirlanib, zamonaviy qiyofa kasb etgan Qarshi temir yo‘l vokzaliga tashrif buyurdi. Prezidentimiz vokzal binosini ko‘zdan kechirar ekan, uni yanada ko‘rkamlashtirish, bino peshtoqini Qashqadaryo tarixiga oid naqshlar bilan bezatish, yo‘lovchilarga zamonaviy qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Davlatimiz rahbari «Nasaf» markaziy stadionini borib ko‘rdi. Stadionni rekonstruksiya qilish, sportchilar va tomoshabinlar uchun qulayliklarni kengaytirish, xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

Prezidentimiz Qarshi shahrining Mustaqillik va O‘zbekiston ko‘chalari chorrahasida bunyod etilgan kurantni ko‘zdan kechirdi. Qariyb 30 metrlik kurant oq marmar bilan qoplangan, milliy kolorit bilan bezatilgan.

Davlatimiz rahbari Mustaqillik ko‘chasi buyidagi xiyobonga tashrif buyurdi. Shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun yaratilgan qulayliklarni tabora oshirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

Islom Karimov 2015 yili Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida Amir Temur tarixiy ko‘prigini ta’mirlash, daryo atrofini dam olish maskaniga aylantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan edi.

O‘tgan vaqt davomida bu yerda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Amir Temur ko‘prigi zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilindi.

Prezidentimiz ushbu ko‘prik va xiyobon bilan tanishdi.

Sobiq tuzum davrida Qashqadaryo viloyati qoloq hududlardan edi. Odamlar har tomonlama ezilgan, hayotdan norozi bo‘lib yashardi. O‘sha paytda viloyat rahbari sifatida ularning dardini ko‘p eshitganman, «qachon bu zamon o‘zgaradi, qachon ko‘ksimizga shamol tegadi», deb kuyunganlarni ko‘p ko‘rganman. Mana, o‘sha orzu qilingan kunlar keldi. Mustaqillik sharofati, halqimizning fidokorona mehnati tufayli mamlakatimiz har tomonlama obod bo‘lib bormoqda, odamlar hayotidan rozi bo‘lib yashamoqda. Bugungi zamonaviy sharoitlar biz hech kimdan kam emasmiz, hech kimdan kam bo‘lmaymiz degan ezgu maqsadimizning amaliy ifodasidir, - dedi Yurtboshimiz.

Davlatimiz rahbari qurilish va obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash, aholining dam olishi uchun bundanda ko‘proq qulayliklar yaratish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

Prezidentimiz shu kuni Qarshi tumanidagi «Shukrona» fermer xo‘jaligi dalasiga tashrif buyurdi. - Fermer va dehqonlarimiz uchun mas’uliyatli bo‘lgan shunday kunlarda sizlarning yoningizga kelib, dildan suhbatlashish, hol-ahvol so‘rash, hormang, deyish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, - dedi Yurtboshimiz.

Shahrisabzda ham keng ko‘lamli qurilish- obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Oqsaroy majmuasi atrofidagi maydon kengaytirilib, Chorsu bozori, Ko‘kgumbaz, Dorut- tilovat, Dorus-saodat obidalarini bog‘lovchi so‘lim xiyobon barpo etildi.

– Qarshi va Shahrisabz shaharlarini har tomonlama obod qilish uchun katta mablag‘ va resurslar ajratilgan, - dedi Islom Karimov.- Shaharlar qiyofasi, infratuzilmasi shunga mos bo‘lishi kerak. Madsadimiz – aholimiz uchun barcha zamonaviy sharoitlarni yaratish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuksaltirishdir. Shu bilan birga, bugun amalga oshirayotgan ishlarimiz kelajak avlodlarimizga ham xizmat qilsin.

Prezidentimiz Islom Karimovning Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga safari davomidagi uchrashuv va muloqotlar, ularda bildirilgan fikrlar amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak samaralar berayotganini, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini muttasil yuksaltirishga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.