THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Vatanimiz taraqqiyot yoʼlining huquqiy kafolati


07.12.2020

Mamlakatimizning ham yaqin kelajak, ham strategik istiqboldagi taraqqiyoti uchun zarur huquqiy poydevor yaratgan Konstitutsiyaning qabul qilinishi siyosiy va iqtisodiy barqaror hamda osoyishta Oʼzbekiston davlatini bunyod etish yoʼlida muhim omillardan biri boʼldi.
Mamlakatimizda davlat mustaqilligi eʼlon qilingach, murakkab iqtisodiy, ichki siyosiy hamda xalqaro vaziyatga qaramay, tarixan qisqa fursatda mustaqil Oʼzbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish boʼyicha keng koʼlamli hamda mashaqqatli ishlar amalga oshirildi.
Yosh davlatning Аsosiy qonunini ishlab chiqish boʼyicha komissiyaga boshchilik qilgan Islom Karimov bu borada Oʼzbekistonni mustaqil, suveren va dunyoviy davlat sifatida namoyon etish asosiy mezon boʼlmogʼi lozim, deb hisoblar edi. Shu bilan birga, millati, eʼtiqodi va ijtimoiy maqomidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari taʼminlanishi Konstitutsiya asosini tashkil etishi bosh maqsad etib belgilandi.
Islom Karimov Konstitutsiya matnini yozish jarayonida АQSh, GFR, Yaponiya, Kanada, Frantsiya, Portugaliya, Italiya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniya, Hindiston, Pokiston, Misr kabi mamlakatlarning Аsosiy qonunlarini shaxsan oʼzi batafsil oʼrganib chiqdi. Birinchi Prezident mazkur maʼlumotlarni yurak va idrok chigʼirigʼidan oʼtkazib, mamlakatimiz uchun eng maqbullarini tanladi. Izlanishlar asnosida shakllangan konstitutsiyaviy tajriba esa Oʼzbekiston Respublikasi Аsosiy qonuni ustida ishlash jarayonida asqotdi.
Konstitutsiya komissiyasi aʼzosi Shavkat Oʼrazaev shunday xotirlagandi: “Islom Аbdugʼanievich loyihani ipidan ignasigacha bilib, unga oʼz qoʼli bilan tuzatish va oʼzgartirishlar kiritdi. Bu bilan esa u tirishqoqlik, zukkolik va donolik namunasini koʼrsatdi. Prezident oʼziga nisbatan gʼoyat talabchan edi. U juda zalvorli vazifani oʼz zimmasiga olib yarim tunga qadar ishlar edi”.
Konstitutsiya loyihasi uch oy davomida umumxalq muhokamasiga qoʼyildi. Muhokama davrida komissiya tomonidan 6000 dan ziyod taklif koʼrib chiqildi.
1992 yilning 8 dekabrida Oʼzbekiston Oliy Kengashi mazkur tarixiy hujjatni qabul qildi.

 

Matnni U.Аzizov tayyorladi

F.Kurbanbaev suratlari