THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Sohibqiron Amir Temur buyuk merosi va Islom Karimovning ijtimoiy-siyosiy faoliyati: tajriba va saboqlar


09.04.2021

Sohibqiron Amir Temur buyuk merosi va Islom Karimovning ijtimoiy-siyosiy faoliyati: tajriba va saboqlar

 

Jahon davlatchiligi tarixidan yaxshi bilamizki,  bashariyatning kelgusi taraqqiyoti uchun yurtparvarlik, insonparvarlik siyosatini olib borib numuna bo‘lgan hukmdorlar sanoqli. XIV asrning eng yorqin siymosi – Amir Temur ana shunday ulug‘ va mo‘'tabar zotlardan biri hisoblanadi. Ammo oradan asrlar o‘tib, ulkan hududimiz mustamlakachilar qaramligiga o‘tganidan keyin sobiq sho‘ro tuzumi tufayli milliy tarix surbetlarcha soxtalashtirildi. Buyuk Sohibqiron Amir Temur shaxsi sho‘ro mafkurachilari tomonidan salbiylashtirib, tarix darsliklarida, ilmiy va badiiy adabiyotlarda “qora bo‘yoqlar”da berildi. Mustamlaka iskanjasida qolgan millat ulug‘ ajdodini qadrlash, uning mislsiz merosidan kuch-madad olish imkonidan mahrum bo‘ldi. O‘z vaqtida dunyoni titratgan benazir shaxs, yurtning shavkatli farzandi tariximiz sahifalaridan qariyb o‘chirilib, unutishga mahkum etildi. Mustamlakachilarning asl maqsadi xalqimizning milliy ongi va milliy g‘ururini yo‘qotish edi. Lekin o‘zbek xalqi buyuk ajdodlarini, qahramonlarini unutmadi, hamisha yuragida, qalbining to‘rida saqlab keldi.  O‘lkamizda Amir Temurning  ulug‘vor ruhi kezib yurdi.

         1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat rahbari, jasoratli yetakchi  Islom Abdug‘anievich Karimov bu ulug‘ zotning xotirasini astoydil tiklashga kirishdi. Millat o‘zligini anglay boshladi, tarixiy xotirasiz kelajak o‘ta tumanli ekani yurtning birinchi yo‘lboshchisi tomonidan isbotlab berildi. “Yuksak ma'naviyatni qaytarish — O‘zbekistonda ochiq, zamonaviy, demokratik jamiyatni barpo etishda g‘oyat muhimdir”, dedi davlatimiz rahbari. Yuksak ma'naviyat bu – Amir Temur va Temuriylar davrida bunyod etilgan, yaratilgan  muhtasham ma'naviy va moddiy boyliklar edi. Amir Temurning kuchli, markazlashgan davlatida amalga oshirilgan islohotlar, adolat g‘oyasi Turon hukmdorning nechog‘liq uzoqni ko‘ruvchi strateg bo‘lganini aniq ko‘rsatadi. Shuning uchun ham Islom Karimov mustaqil O‘zbekistonning yo‘lchi yulduzi sifatida buyuk Amir Temurni tanladi. Endigina mustaqillikka erishgan yosh davlatning kuch-qudratga ega bo‘lishida, ma'naviy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy yuksalishida Sohibqironning tarixiy merosi, shubhasiz,  katta rol' o‘ynadi. Zero, Amir Temur siymosi zamonaviy O‘zbekiston davlati uchun erk va mustaqillik ramziga aylandi. “Men Samarqandda tug‘ilganman, menga Amir Temur buyuk dahosini aks ettiruvchi, tarovati va muhtashamligini tavsiflashga so‘z ojizlik qiladigan obidalar yurtida yashab, voyaga yetish nasib etdi. Ilk bolalik kezlarimdan jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan tarixiy obidalar, betakror madaniyatning uzoq va jo‘shqin davri bunyodkorligi nafasidan bahra olib yashadim”, degan edi Islom Karimov “Amir Temur jahon tarixida” deb nomlangan kitobning so‘zboshisida. Darhaqiqat, mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti mardligi, shijoatida buyuk Sohibqironning ruhi mujassamlashgandek edi. Yurt va millat uchun eng og‘ir damlarda kuchli iroda va qat'iyat, Vataniga cheksiz muhabbati bo‘lmagan rahbar 90-yillarning taloto‘pidan mamlakatni omon-eson olib chiqolmas edi. Ilk yillarda Islom Karimov siymosida shavkatli ajdodimiz Amir Temurning qudrati tajassum etdi, desak yanglishmaymiz.

         Amir Temur yoshlik chog‘idan mard, dovyurak, g‘ururli, o‘tkir zehn va aqlu idrok egasi bo‘lib o‘sgan edi. U turli dunyoviy ilmlarni, harbiy san'atni egallagan, madrasada o‘qib, Qur'oni karimni yod olgan, hadis ilmini o‘rgangan edi. Ana shu iqtidori, tirishqoqligi tufayli iymon-e'tiqodli, halol-pok inson bo‘lib yetishdi. U yoshligidan boshlab o‘z oldiga Ona yurtini mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qilish maqsadini qo‘yish baravarida, yer yuzida buyuk saltanat sohibi sifatida ko‘plab elu davlatlarning boshini qovushtirdi. Mamlakat qudratini har sohada yuksaklikka ko‘tarib, dunyoga mashhur qildi. Og‘ir va mashaqatli yo‘lda qiyinchiliklarni yengib o‘tdi, bir dam bo‘lsa-da ortga chekinmadi. Amir Temurdagi ana shunday qat'iyat va kuchli iroda Amu bilan Sir o‘rtasidagi mo‘'jaz Movarounnahr davlatini ulkan imperiyaning markaziga aylantirdi. Milliy tariximizni chuqur bilgan, mard va olijanob ajdodlarimizning bunyodkorlik ishlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan Islom Karimov uchun Amir Temur va ul zotning faoliyati oliy namuna, andoza, taraqqiyot modeli  bo‘lib xizmat qildi. O‘zbekistonda Amir Temur g‘oyalari qanot yoyib, yurtni azaliy orzulari sari yetaklay boshladi. Demak, Islom Karimov ham yurtimizda tajavuzkor sho‘ro mafkurasining zararli ildizlarini quritdi, odamlar ongida qotib qolgan qaramlikni yo‘q qildi va istiqlol tuyg‘usini uyg‘otdi.

Рассом: Б.Айтмуратов асари. “Амир Темур жанг олдидан”

Рассом: Б.Айтмуратов асари. “Амир Темур жанг олдидан”

Рассом: З.Фахрутдинов асари  “Амир Темур кенгаши”

Amir Temurning davlat qurilishi, harbiy san'ati o‘z zamonasidan ancha ilgarilab ketgan edi. Shuning uchun Sohibqironning davlatchilik va harbiy san'at falsafasidan bugungi kunda ham Sharqu G‘arb davlatlari bahra olmoqda. Jahonda Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish tobora ortmoqda, yangi tadqiqotlar yaratilmoqda . Qolaversa, bu Amir Temurdek iste'dod sohibi, yirik davlat arbobini dunyoga keltirgan zaminga, mamlakatga beqiyos hurmat-ehtirom, sadoqat ramzi hamdir.

Islom Karimov hokimiyat tepasiga kelgan 1989 yildan boshlab yurt mustaqilligini mustahkamlash maqsadida, avvalo, davlat ustunlari bo‘lgan – armiya, davlat xavfsizligi, ichki ishlar, tashqi ishlar, adliya, sud, prokuratura va boshqa ijtimoiy-siyosiy davlat boshqaruv institutlari asoslari barpo etildi, milliy iqtisodiyot, pul-moliya tizimi ishlab chiqildi. “Mustaqillik – bu huquqdir”, degan edi Islom Karimov. Demak, o‘zining haq-huquqini bilgan davlat boshqa bir davlatning marhamatiga zor bo‘lmaydi. “Orqaga yo‘l yo‘q, ko‘priklar yonib kul bo‘lgan, biz faqat oldinga intilishimiz shart” – bu so‘zlar zamonaviy O‘zbekistonning birinchi rahbari faoliyatidagi muhim shior bo‘lib qolgandi.

Amir Temur jahonning qariyb yarmiga hukmronlik qilsa-da, u kuch-qudrat zo‘ravonlikda emas, adolatda ekanini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotladi. Zamonaviy O‘zbekiston davlatining Birinchi rahbari Islom Karimov ham Amir Temurga o‘xshab, adolatparvarlik va inson manfaatlari masalasini birinchi o‘ringa qo‘ydi. Xususan, har bir yilga maxsus nomlar berilib, shu asosda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy rejalar ishlab chiqildi, reja asosida maqsadli ishlar, jiddiy islohotlar amalga oshirildi.

Islom Karimovning kuchli siyosatchi sifatida e'tirof etilishi shunda ko‘rinadiki, ul zot mustaqillikning ilk kunlaridanoq dunyoning eng rivojlangan davlatlari bilan “tenglar ichra teng” tamoyiliga asoslangan ijtimoiy-siyosiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Bunga AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Kanada, XXR, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Eron va boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalarning yo‘lga qo‘yilgani yorqin misol bo‘la oladi.

Bugungi globallashuv sharoitida insoniyatga xavf soluvchi turli ofatlar yanada ko‘paydi. Davlat xavfsizligi, milliy xavfsizlik, ma'naviy xavfsizlik kabi masalalar kun tartibiga qo‘yilmoqda. Jamiyatda odamlarning birligini ta'minlash, ong va qalb sokinligini ta'minlash, sog‘lom aql, sog‘lom avlod o‘ta dolzarb masalaga aylandi. Og‘ir pallada  buyuk bobomiz Amir Temur g‘oyalari va ulardan ruhlangan Islom Karimovning sa'y-harakatlari, g‘oyalari, fikrlari xalqimizni yanada birlashtirish, jipslashtirish, iymon-oqibatli bo‘lish, qudratli kelajakni bunyod etish jarayoniga yangi kuch-quvvat bag‘ishlagani sir emas.

 

Миниатюра: “Зафарнома”дан “Тоғдаги қаъланинг олиниши”

   

«Siyosatda maslahat, mulohazakorlik, o‘ylab ish qilish qurol kuchidan ko‘ra o‘n baravar foydaliroqdir», degan edi Amir Temur “Temur tuzuklari” asarida. Bu so‘zlar hozirgi tilda nizoli masalalarni siyosiy muloqot, diplomatiya yo‘li bilan hal qilish zarurligini bildiradi. Barchaga ma'lumki, Islom Karimov mamlakat rahbarligiga kelganida, sho‘ro davlatining qudratiga putur yetgan, butun ittifoq respublikalarida turli radikal kuchlar bosh ko‘targan, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida islomni niqob qilib olgan xavfli “kuch”lar faoliyati kuchaygan edi. Lekin, Islom Karimov bunday qora niyatdagi “kuch”larning dag‘dag‘asidan cho‘chimasdan, mulohazakorlik bilan ish yuritdi, yurtimizda turli xil fitnalarning avj olishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidentining bunday og‘ir-bosiqlik bilan siyosiy muloqotlarni olib borishi ul zotning Amir Temur g‘oyalariga naqadar sodiq ekanini namoyon etadi. Islom Karimov nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda tinch-farovon hayotning garovi sifatida tarixda qoldi. Chunki, uning tarixiy xizmati, sa'y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari o‘sha og‘ir 90-yillarda ilk bor yagona jug‘rofiy-siyosiy makonda ekanliklarini his etishdi. O‘zaro ishonch, hamkorlik, umumiy murosaga kelish mumkinligi o‘sha murakkab va og‘ir davrning quvonch va azoblarida vujudga kelgan asosiy qadriyatlar edi. O‘sha kunlar xronikasi Islom Karimovning Amir Temur singari kuchli strateg, mohir siyosatchi ekanligini isbotladi. Aynan davlatimiz rahbari “Turkiston – yagona uyimiz” degan shiorni o‘rtaga tashlagan edi. Bu shior Markaziy Osiyoning bir tanu bir jon ekanini anglatadi.

Amir Temur o‘zidan oldin o‘tgan hukmdorlarning amaliyotini o‘qib-o‘rgangan, ularning qoldirgan merosini e'zozlagan va o‘zining davlatini barpo etishda ulardan poydevor sifatida foydalangan. U mo‘g‘ullar davrida buzilgan “Buyuk Ipak yo‘li”ni qayta  tikladi, qaerga borsa ham madrasa, masjid va maqbaralar qurdirdi, o‘lkada ilmu fan, adabiyot, san'at, me'morchilikni  rivoj toptirdi. Bunday bunyodkorlikni Islom Karimov ham davom etdirdi. O‘zbekistonda, mash'um sovet davrida ko‘plab madaniyat yodgorliklari buzilib, yer bilan yakson qilingan edi. Uning buyuk xizmatlaridan biri – ota-bobolarimizdan qolgan madaniy yodgorliklarni tiklash, qayta ta'mirlash ishlarini qat'iy ravishda yo‘lga qo‘ydi.

Buyuk shaxslar millat qaygusi va xalq dardiga darmon bo‘lishga intilgan zotlardir. Amir Temur yurtni mo‘g‘ul bosqinchisidan tozalab, millatning yuksalishiga sharoit yaratgan bo‘lsa, Islom Karimov mamlakatni o‘ta ayyor va mustabid mustamlakachidan ayirib oldi va mustaqillikka olib chiqdi. Naqadar o‘xshash taqdirlar... Demak, Islom Karimov ham xuddi Amir Temur  kabi umrining mazmunini ona yurtni ozod va obod qilishdek sharafli ishga bag‘ishlagan buyuk davlat arbobi sifatida mashhur bo‘ldi.

Milliy tariximizda Amir Temur xalqimizning sha'n-shavkati, g‘urur-iftixori, xalqimiz dahosining timsoli, ma'naviy qudratimiz ramzi bo‘lib qolgan.  Islom Karimov ham ulug‘ Amir Temur singari o‘z davrining ulug‘ farzandi, zamonaviy O‘zbekistonning buyuk bunyodkori,  ma'naviy qudratining ramziga aylandi.

Mustabid sho‘ro tuzumi Amir Temur nomini qanchalik toptashga urinmasin, dunyoning pok niyatli kishilari unga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatishni o‘zlariga sharaf deb bilganlar. Muborak istiqlol ulug‘ bobomizning nomini qaytib berdi, uning ruhini shod etdi. Aytish joizki, Amir Temurdek ulug‘ zotni dunyoga keltirgan va kamolga yetkizgan shu tabarruk zamin Islom Karimovni ham kamolga yetkazdi.  Shuning uchun ham yurt va millat tarixida, shu zaminda yashayotgan el-ulusning boshini qovushtirishda ushbu ikki zotning o‘rnini qiyoslashadi.

O‘zbek millatining kuch-qudrati, cheksiz imkoniyatlari, jahon svilizasiyasiga qo‘shgan hissasini idrok etar ekanmiz, Amir Temur siymosi darhol ko‘z oldimizga keladi. Shu bois Amir Temur ma'naviyati, shijoati, davlatchilikdagi adolatparvar siyosati yuksak ibrat namunasi bo‘lib qoldi. Ushbu sifatlar zamonaviy O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ham faoliyatida o‘z aksini topgan deyish mumkin. Adolatni to‘la tiklash borasida islohotlar shiddat bilan davom ettirildi.  Movarounnahrga Amir Temur bosh bo‘lgan yillarda siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalar yuksak darajada rivojlandi. Amir Temur saltanatining dovrug‘i butun jahonga yoyildi, qudratli hukmdor yuzlab xalqlarning taqdirida ijobiy o‘zgarishlar yasadi. Islom Karimov ham zamonaviy O‘zbekiston davlatining mustaqilligini mustahkamlab, xalqning hayotini yaxshilash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Jahon xaritasida mustaqil O‘zbekiston degan davlat mustahkam o‘rin oldi. Siyosiy falsafiy jihatdan olib qaraganda, Islom Karimov asrlar mobaynida milliy davlatchilik borasida uzilib qolgan vorisiylik zanjirini tikladi.

Xulosa shuki, buyuk sarkarda Amir Temur va siyosiy islohotchi Islom Karimovdek siymolar qoldirgan boy tajriba, meros, davlatchilik g‘oyalari bugungi murakkab davrda oldimizda turgan ko‘plab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy muammolarni yechishga zamin bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bois, ikki tarixiy zotning qoldirgan meroslarini ilmiy o‘rganish, tadqiq etish va keng targ‘ibot qilish o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ularning amalga oshirgan bunyodkorlik ishlarini avlodlar munosib baholaydi. Ona xalqi uchun jonini fido qilgan bunday zotlarning muborak nomlarini avlodlar hech qachon unutmaydi. Ularning fidokorona mehnatlari, islohotchilik qobiliyati, murakkab taqdirlariga bo‘lgan qiziqish yangi-yangi avlodlar e'tiborini o‘ziga jalb etaveradi.

 

Abror Qilichev,

2021 yil 6 aprel'