THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

G‘URUR VA IFTIXOR RAMZI


18.11.2024

“Atrofdagilar tashqaridan meni qattiqqo‘l inson deyishadi. Lekin o‘zim Birlashgan Millatlar tashkiloti binosi oldida hilpirab turgan milliy bayrog‘imizni har gal ko‘rganda, ko‘zimga yosh keladi. O‘zini o‘zbek degan odam borki, Vatanimiz, muqaddas zaminimiz uchun g‘ururlanishi tabiiy. Shaxsan men uchun eng chiroyli bayroq bu – O‘zbekiston bayrog‘i”.

Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘lqinlanib aytgan bu so‘zlarini ko‘p bor eshitgansiz. Uni 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining milliy bayrog‘i qabul qilingan kuni qayta yodga olishimiz ham bejiz emas. Chunki Mustaqillik, qolaversa, milliy iftixor ramzlari bo‘lmish – bayroq, gerb, madhiya kabi tushunchalar – mustaqillik asoschisi nomi bilan uyg‘unlashib ketgan.

...O‘ylab ko‘ring, nima uchun bayroq doimo baland turadi. Bosh uzra hilpiraydi? Negaki, u o‘z poyida millionlarni birlashtiradi. U insonga kuch va qudrat baxsh etadi. Maqsadni tarbiyalaydi, irodani toblaydi. Og‘ir jang holatlarida u yiqilganni turg‘azadi, qo‘rquvni jasoratga, zaifni matonatli insonga aylantira oladi. O‘z navbatida g‘urur bilan bayroqni ko‘targan inson minglab qalblarga bayroq tika oladi.

Harbiy xizmatchilarning Vatan bayrog‘i poyida tiz cho‘kib, muqaddas Ona tuprog‘ini matonat va sadoqat bilan himoya qilishga qasamyod qilishi bejiz emas. Bayroq jasorat, g‘urur, fidoyilik, or-nomus maktabidir.

Bayroq oldida qasamyod, bayroq oldida tiz cho‘kib uni o‘pmoq, bu – Vatanga e’zoz, bu Shiroq, To‘maris, Mahmud Torobiy, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, sarkarda Alimqul kabi vatanparvar va yengilmas ajdodlar ruhiga e’zozdir!..

Bugun Vatanimiz bayrog‘i ozod yurt uzra hilpirab turibdi. Aynan 1991 yil 18 noyabrda esa mamlakat Oliy Kengashining VIII sessiyasida Islom Karimov imzosi bilan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. O‘sha qonunda qat’iy qilib bitib qo‘yilganidek, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”.

Shu kundan buyon, mana, 33 yilki, u biz uchun g‘urur va iftixor ramzi bo‘lib kelmoqda. O‘zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, moviy, yashil, oq va qizil ranglar uyg‘unlashib, hilol va yulduzlar jilolanib turgan, butun O‘zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g‘ayratu shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlik, ajdodlar yodi hamda millat g‘ururini mujassam etgan bayrog‘imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovor.

Bugun u davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog‘imiz Vatan sha’ni, xalqimiz g‘ururini aks ettirmoqda.

F.Qurbonboyev fotolari