THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

SAMARQAND: UCH MING YILLIK MЕROS


06.11.2025

Ma’lumki, shu kunlarda dunyoning nigohi ko‘hna va boqiy shahrimiz, dunyo gavharlari ichra nodir mo‘jiza bo‘lmish Samarqandga qaratilgan. Bu yerda YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur sessiya so‘nggi 40 yil ichida ilk bor Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida va birinchi marta Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi. 190 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ziyod vakil, jumladan 70 ga yaqin yuqori darajali shaxs ishtirok etayotgan bu forum mintaqaning eng nufuzli xalqaro anjumanlaridan biriga aylandi.

Anjuman insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida ham chuqur ramziy ma’no bor. Anjumanning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, “Bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan bo‘lgan. Birgina misol. Ulug‘ hukmdor va alloma Mirzo Ulug‘bek barpo etgan rasadxona gumbazlari ostida noyob yulduzlar jadvali yaratilgan. Bu jadval keyinchalik Kopernik va Kepler kabi mashhur olimlarning ilmiy kashfiyotlari ochilishiga xizmat qilgani tarixdan yaxshi ma’lum”.

Uch ming yillik shonli o‘tmishga ega, Buyuk ipak yo‘lining durdonasi bo‘lgan, millat va elatlarning tinchlik va do‘stlik makoni – muazzam Samarqand bugun talay xalqaro voqeliklarga guvoh bo‘layotir: ko‘plab oliy darajadagi uchrashuvlar, xalqaro konferensiyalar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xalqaro mashvarat doirasida kuzatilgan xuddi shunday anjumanlardan biri – 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan “Samarqand: 3000 yillik meros” xalqaro konferensiyasidir.

O‘nlab xalqaro miqyosda tanilgan tarixchi olimlar va jamoat arboblari, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi direktori va keng jamoatchilik qatnashgan mazkur anjumanda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov ham ishtirok etdi va ma’ruza qildi.

Mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan qadimshunos tarixchilardan biri bo‘lgan olimning mazkur anjumandagi ishtiroki bejiz emas. Chunki u o‘z davrida Samarqanddagi Arxeologiya muzeyining rahbari o‘laroq, bir qator ko‘zga ko‘ringan olimlar va sohaning yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda Birinchi Prezident va keng jamoatchilikka ko‘hna shaharning tarixi sovet olimlari talqin qilganidek, 2 yarim ming yillikka emas, balki ancha olisroq, balki uch ming yillarga borib taqalishini ilmiy jihatdan asoslab bergan edi.

Olim “Samarqandga – 3000 yil. Sharqdan nur: Afrosiyob – abadiylik chorrahasi” deb nomlangan ma’ruzasida ko‘hna kentning Ipak yo‘li markazi sifatidagi o‘rni, shuningdek, miloddan avvalgi II ming yillikdan buyon fan, madaniyat va shaharsozlik taraqqiyotining uzviy markazi sifatidagi ahamiyati to‘g‘risida ilmiy dalillar bilan so‘z yuritdi.

Anjumanda shuningdek, “Zarafshon vodiysida shaharsozlik madaniyatining shakllanish xususiyatlari”, “Ko‘ktepa va Afrosiyob: qadimgi yozma manbalardagi o‘zaro bog‘liqlik”, “Qadimgi So‘g‘dda dehqonchilik, shahar va davlatchilikning paydo bo‘lishi” kabi va boshqa mavzularda ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

YUNЕSKO Bosh konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani esa tashkilotga a’zo davlatlarning Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilayotgan Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, samarali islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasidir.

Alisher Isroilov fotosuratlari