THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Sadoqatni oliy saodat deb bilgan inson


29.01.2018

Buxoroda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

Buyuk Yo‘lboshchimizning yubileyi munosabati bilan chop etilgan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)”, “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” hamda "Prezidentga maktublar” asarlarining taqdimotiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirda oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Ta’kidlandiki, Birinchi Prezidentimizning 1989-2016- yillar davomidagi faoliyati xronikasi aks etgan “Solnoma”ni o‘qir ekansiz, ko‘z o‘ngingizda O‘zbekiston milliy davlatchiligi asoschisining serqirra hayoti misolida Vatanimizning istiqlolga erishishi tarixi, mustaqil taraqqiyot yo‘li, qo‘lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarimiz butun murakkabligi, barcha sinov va mashaqqatlari bilan namoyon bo‘ladi. 

Darhaqiqat, tarixan qisqa vaqtda Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston sho‘rolar davrida asosan xom ashyo bazasiga aylantirilgan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan va paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan tez va barqaror sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallagan qudratli davlatga aylandi. 

Tadbirda Birinchi Prezidentimiz kelajagimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan navqiron avlodni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash, ularni yot g‘oya va illatlardan asrash, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, o‘z iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga doimiy e’tibor qaratgani ta’kidlandi. Shu ma’noda, «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asari qayta chop etilgani ayni muddao bo‘ldi. 

Xalqimizning Birinchi Prezidentimizga mehr-muhabbati, kelajagi buyuk O‘zbekiston davlatini barpo etish borasidagi yo‘liga ishonchi katta edi. Bu «Prezidentga maktublar» asarida ham o‘z ifodasini topgan. 

Islom Karimovning Buxoroda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini obod etish, ular qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va keng targ‘ib etish, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, “Ko‘hna va boqiy Buxoro” monumenti, viloyat musiqali drama teatri hamda amfiteatrdan iborat yaxlit “Buxoro madaniy markazi”ni barpo etish kabi bunyodkorlik ishlariga bevosita rahnamolik qilgani alohida qayd etildi. 

– Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng ko‘p o‘tmay Buxoro neftni qayta ishlash zavodi qurilishi ham bevosita Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liq, – deydi ushbu korxona bosh texnologi o‘rinbosari Xurshid Latipov. – O‘ndan ziyod neft mahsulotlari ishlab chiqarayotgan bu korxona bugun mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotida alohida o‘ringa ega. Biz bundan faxrlanamiz. 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi O‘.Barnoyev so‘zga chiqdi. 

 

Erkin Yodgorov, O‘zA