THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Qadriyatlar qadr topgan yurt


21.01.2019

18-yanvar kuni Toshkentda tarixiy ahamiyatga molik voqea bo‘ldi.

  

O‘zbek milliy romanchiligining asoschisi, publitsist, hajv ustasi, tilshunos va tarjimon Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanining ingliz tilida nashr etilgan kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«O‘tkan kunlar» kitobini o‘qimagan, bilmagan, asar qahramonlari nomlarini eshitmaganlarni uchratish qiyindir bugun. Juda bo‘lmaganda, mutolaadan uzoq bo‘lganlar, roman asosida suratga olingan shu nomli filmni hayotida bir bora bo‘lsada tomosha qilgani haq gap.

  

Ma’rifatparvarlik, millat ozodligi va istiqlol g‘oyalari Abdulla Qodiriy asarlarining bosh leytmotividir. Yozuvchining so‘zlaridan keltirilgan quyidagi iqtibos fikrimizga tasdiq bo‘la oladi:

«Modomiki, biz yangi davrga oyoq qo‘ydik, bas, biz har bir yo‘sunda ham shu yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yangarishg‘a, xalqimizni shu zamonning «Tohir-Zuhra»lari, «Chor darvesh»lari, «Farhod-Shirin» va «Bahromgo‘r»lari bilan tanishdirishka o‘zimizda majburiyat his etamiz».

 

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan yurtimiz ziyolilari-taniqli adabiyotshunoslar, yozuvchi va shoirlar, rassom va sahna ustalari, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari nafaqat «O‘tkan kunlar» romani, balki yozuvchining serqirra ijodiga atroflicha to‘xtaldilar. Islom Karimov Fondi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, milliy madaniyatimizni targ‘ib qilishga qaratilgan bu kabi loyihalar yuksak baholandi.

Tadbirda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna ishtirok etdi. Taqdimot marosimida, loyihaga bosh-qosh bo‘lgan Lola Tillayeva-Karimovaning tabrigi tadbir qatnashchilari tomonidan katta mamnuniyat ila kutib olindi.

  

«O‘tkan kunlar» romani 30 dan ziyod badiiy asarlarni tarjima qilgan, xalqaro miqyosda taniqli sanalgan adabiyotshunos Kerol Yermakova tomonidan ingliz tiliga o‘girildi. Kitob mo‘yqalam ustasi Bobur Ismoilovning rasmlari bilan bezatilgan.

E’tiborga loyiq tomoni shundaki, taqdimot qatnashchilariga ingliz tilidagi nashrdan tashqari romanning lotin alifbosida chop etilgan, o‘zbek tilidagi nashri ham tarqatildi.

 

Endi dunyo O‘zbekistonni, o‘zbeklarni «O‘tkan kunlar» romani asosida qaytadan kashf etadi. Buyuk millatning tarixi, madaniyati, ma’naviy qudrati bilan Qodiriy tili yordamida yaqinroq tanishadi.

Mazkur loyihaning eng katta yutug‘i-endilikda farzandlarimiz, maktab yoshidagi o‘quvchilar benazir asarni istagan tillarida mutolaa qilishlari mumkin. Bugunga qadar Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» asarlari rus, nemis, italyan, arab, ozarbayjon, tojik, qozoq, uyg‘ur va tatar tillariga tarjima qilingan.

 

1991 yili O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilanoq O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov farmoniga ko‘ra Abdulla Qodiriyga Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1994 yili adib “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. Shu yili Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkent Madaniyat institutiga, Toshkentdagi madaniyat va istirohat bog‘iga, katta ko‘chalardan biriga, Xalq merosi nashriyotiga hamda ko‘plab madaniyat muassasalariga Abdulla Qodiriy nomi berilgan.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar