Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida» 2017 yil 25-yanvardagi PQ-2744-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25-fevraldagi 133-f-sonli farmoyishiga ko‘ra, Birinchi Prezidentimizning xotirasi haftaligi doirasida «Birinchi Prezident va sport» ijodiy uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbir Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi, Islom Karimov nomidagi respublika xayriya jamoat fondi, jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning Olimpiya o‘yinlarini keng targ‘ib qilish va O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida qilgan xizmatlariga bag‘ishlangan mazkur uchrashuvda Olimpiya va Osiyo o‘yinlari g‘oliblari, jahon chempionlari va sport faxriylari, sportchi va murabbiylar ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova so‘zga chiqib, Islom Karimovning mamlakatimiz bo‘ylab Olimpiya harakati va sportini rivojlantirish borasidagi dastlabki qadamlari, Olimpiya shon-shuhrati muzeyini tashkil etish tarixi va Islom Abdug‘aniyevichga xalqaro Olimpiya qo‘mitasi ordenini Xuan Antonio Samaranch tomonidan topshirilishi haqida so‘zlab berdi.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyi 1996 yil 1-sentabrda Toshkentda ochilgan. Ochilish marosimida xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Xuan Antonio Samaranch ham ishtirok etgan.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlar uning yorqin xotiralari bilan o‘rtoqlashdilar.
Islom Abdug‘aniyevich sportchilarimizning nufuzli musobaqalardagi g‘alabalari bilan faxrlanib kelgan, biroq uning asosiy vazifasi har tomonlama barkamol avlodni yaxshi jismoniy chiniqtirish, O‘zbekistonning barcha hududlarida sport va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish edi. O‘z chiqishlarida u bir necha bor: «Barkamol avlodni tarbiyalash – eng katta orzum», deya ta’kidlagan edi. Aytishim kerakki, u sportni yaxshi ko‘rardi va hayotining oxirigacha yaxshi jismoniy holatda edi.
Islom Karimov tashabbusi bilan bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Ushbu jamg‘arma tufayli butun mamlakat bo‘ylab millionlab yoshlar zamonaviy sport zallarda va stadionlarda sevimli sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu «Sog‘lom avlod – yurt kelajagi garovi» konsepsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv bo‘ldi.
O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, shuningdek, boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan yutuqlari ana shu sa’y-harakatlarning samarasi bo‘ldi.
Temur Kurbonboyev olgan suratlar