THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

VATANGA NAF TEKKAN KUNING - UMRDIR


25.12.2021

Shoxalil Shoyoqubov O'zbekiston amaliy san'ati yo'nalishidagi bir qator ilmiy va ilmiy-ommabop asarlarning muallifi. Bir qarashda, davrimizning orif shaxslari qatoridan joy olgan oddiy bir inson va bu kabilar ko'pchilikni tashkil etadi. Biroq uning hayoti va faoliyati hayratomuz voqeliklarga boy, bosib o'tgan umr yo'li esa yuksak parvozlar va keskin qarama-qarshiliklar xazinasidir.  Moskva Aviasozlik institutining talabasi Shoyoqubov O'zbekistonlik birinchi kosmonavt bo'lishiga bir bah'ya qolgan. Kosmonavtlar otryadiga nomzodi tasdiqlanganidan keyin, ota-onasining qarshiligi tufayligina uyiga qaytishga majbur bo'lgan.

   

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

  Institutni qizil diplom bilan tugatgach, aspiranturaga yo'llanmani unga SSSRning madaniyat vaziri Fursevaning shaxsan o'zi topshirgan.

     “Krokodil” nomli jurnalda o‘zi xaqida feleton chop etilishga tayyorligini eshitgan Shoxalil Moskvaga jo'naydi va to'g'ridan-to'g'ri jurnal Bosh muharririga uchrashib, beaybligini isbotlovchi dalillarni topshiradi. Bir soatga qolmasdan pora olib maqola tayyorlagan jurnalist ishdan haydaladi. Taqdiri bilan bog‘liq masala ba'zida shu qadar yuqori darajada, Sobiq Ittifoq markazida ko'rib chiqilgani bugun Shoxalil aka uchun erish tuyuladi.  

     Sharof Rashidov uni vatanparvarligi, milliy madaniyat va san'atga alohida mehri, bu borada xaqgo'yligi, qat'iyatliligi uchun hurmat qilgan. Uning oyog'iga bolta urmoqchi bo‘lgan mansabdorlar ham kam emasdi. “Turli qing'ir o'yinlar meni asosiy ishdan chalg‘itgani alam qilardi”, deya xotirlaydi Shoxalil aka.

 

           

      Uning maqsadi esa – milliy madaniy merosni tiklash, ko'p asrlik amaliy san'at sirlaridan voqif bo'lgan usta hunarmand sulolalarinining bardavomligini ta'minlash, mazkur yo'nalishdagi mutaxassislarni birlashtirish, bir so'z bilan aytganda benazir ma'naviy merosimizning qadrini ko‘tarish va ulug'lash edi.  

   Uning O'zbekistonning zamonaviy miniatyurasiga bag'ishlangan kitobi antiqa nashr sifatida ingliz tilida Quvaytda chop etilgan. Qirqdan ziyod xorijiy davlatlarga safar qilgan Shoyoqubovning sa’yi-harakatlari bilan xalqaro ko'rgazmalarda O'zbekiston ekspozitsiyasi eng yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan. 1978-85 yillarda Shoyoqubov O'zbekiston rassomlar uyushmasi qoshidagi “Usto” birlashmasiga rahbarlik qilgan. O‘sha yillari ish yuzasidan Davlat rejalashtirish qo‘mitasining raisi Islom Karimov bilan bevosita tanishish baxtiga muyassar bo‘lgan. Islom Karimov uchun o'z yurtining tarixi, milliy o‘zlikni anglash ma’naviy-madaniy merosni tiklash masalalari hamisha ustuvor bo'lgan. Shu sabab Shoyoqubovning faoliyatini qo‘llab quvvatlab, professional qobiliyatini yuqori baholardi. Uning fikr-mulohazalari va takliflarini e’tiborsiz qoldirmasdi. 

    Shoxalil Shoyoqubov “O‘zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. 

  Islom Abdug'anievich bilan navbatdagi uchrashuvi 1993 yilda yuz berdi. Shunda Shoxalil aka O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga uning byustini aynan o'ziga qarab yaratish taklifini bildirdi. Ta'kidlash joiz, Islom Abdug'anievichning davlat rahbari sifatida obrazini bironta rassom bevosita uning qiyofasiga qarab yaratmagan. Mo'yqalam ustalarining asarlari fotosuratlarga qarab chizilgan. Shoyoqubovning taklifiga esa rozi bo'ldi. O'sha paytda Leningrad shahrida yashab ijod qilgan xaykaltarosh Ravshan Karataev Shoxalil akaning iltimosiga ko'ra Toshkentga kelib, uch-to'rt kun davomida Islom Karimovga qarab, uning kabinetida eskizlarni chizadi va biroz vaqt o'tgach gipsdan yasalgan byust ham tayyor bo'ladi. Shu yilning dekabr oyida, Yangi yil arafasida Shoxalil Shoyoqubov Islom Abdug'anievichning xotirasiga chuqur hurmat ifodasi sifatida Tatyana Karimovaga ana shu byustni sovg'a qildi. Kelgusida mazkur san'at asari Islom Karimov nomidagi muzey ekspozitsiyasi qatoridan munosib o'rin egallaydi.