THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

O‘zbekistonda muzeylar ishining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari masalasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi


23.05.2018

2018 yil 22 may kuni Islom Karimov nomidagi Ilmiy - ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan davra suhbati O‘zbekistonda muzeylar ishining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari masalasiga bag‘ishlandi.

Tadbir Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan tashkil etildi. 1977 yilda Xalqaro muzeylar kengashi (IKOM) qarori bilan 18 may - Xalqaro muzeylar kuni deb e’lon qilingan.
Xalqaro muzeylar kuni 1978 yildan boshlab dunyoning 150 dan ziyod mamlakatlarida nishonlandi.

IKOM (International Council of Muzeums, ingl. ICOM) – nodavlat kasbiy xalqaro tashkilot 1946 yilda Parijda (Fransiya) tashkil topgan. IKOM tashkiloti YuNESKO va BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashida “A” kategoriyasidagi oliy maslahat mavqega ega. IKOM – moddiy va nomoddiy merosni asrab avaylash bilan shug‘ullanuvchi muzeylar va muzey xodimlarining xalqaro tashkiloti hisoblanadi.

Davra suhbatida O‘zbekiston muzeylari assotsiatsiyasini tashkil etish xususida so‘z bordi. Tarixiy, madaniy, ilmiy-ma’rifiy merosimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bu bebaho boyligimizni munosib tarzda saqlash, namoyish qilish, muzey fondlarini to‘ldirib borish va ilmiy izlanishlarni nazariy va amaliy jihatdan zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rildi.

Muzeyshunoslikda ilg‘or tajribaga ega davlatlar bilan hamkorlik, IKOM doirasida o‘tkaziladigan ilmiy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, sohaga oid yangiliklardan xabardor bo‘lish zamon talabi ekanligi qayd qilindi.

Muzeylar ishida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Davra suhbati qatnashchilari “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Tadbirda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Dendev Badrach, poytaxtimizdagi qator muzeylarning rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, OAV vakillari ishtirok etdi.