THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud kunini nishonlash haftaligining ochilishi


27.01.2020

2020 yil 27-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasida Islom Karimov tavallud kunini nishonlash haftaligi oʼz ishini boshladi. Haftalikni “Oʼzbekiston mustaqillikka erishish ostonasida: Prezidentlik instituti tashkil etilganining 30 yilligi” mavzusidagi davra suhbati ochib berdi.

             

Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari, professor T.Sh.Shirinov tadbirni kirish soʼzi bilan ochar ekan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʼgʼrisida”gi 2017 yil 25-yanvardagi PQ-2744-sonli qaroriga koʼra, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning tugʼilgan kuni keng nishonlanishi, oʼtkazilayotgan davra suhbati ushbu sanaga bagʼishlangan haftalikning debochasi ekanligini taʼkidladi.

     

Mazkur tadbirda Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovning mustaqillikka erishishdagi ulkan tarixiy xizmatlari, davlatni qurish va uni mahorat bilan boshqarishdagi yuksak salohiyati xususida soʼz bordi. Shuningdek, Islom Аbdugʼanievich Karimovning Prezidentlik institutini tashkil etishda olib borgan ishlari, shoʼro mafkurasi hukmron boʼlgan bir paytda u kishining shaxsiy jasorati, kuchli irodasi va qatʼiyati bilan Oʼzbekiston xalqi turli xil “siyosiy oʼyin”lardan saqlab qolingani va buning tarixiy ahamiyati haqida ham atroflicha fikrlar bildirildi.

 

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatьyana Karimova tabrik soʼzi bilan chiqdi. U oʼz maruzasida Islom Karimovning mamlakat oʼta ogʼir bir davrni boshidan kechirayotgan paytda davlat rahbari boʼlganini, ijtimoiy-siyosiy qiyinchiliklarga qaramay davlat iqtisodiyotini oyoqqa turgʼazganini, tarixan qisqa davrda Oʼzbekistonni jadal va barqaror surʼatlar bilan rivojlanayotgan mamlakat darajasiga olib chiqqani haqida soʼz yuritdi. Islom Karimovning Oʼzbekistonda Prezidentlik instituti tashkil etishdagi ishlari xususida ham soʼzlab, mazkur institut Oʼzbekistonda zamonaviy demokratik davlat qurishda muhim ahamiyat kasb etganini taʼkidladi.

 

Ushbu davra suhbatida respublikaning yetuk olimlari, jamoat arboblari – Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi rahbari, professor T.Sh.Shirinov, Yodgorlik majmuasi yetakchi ilmiy xodimi G.А.Kraynov, “Oʼzbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri S.Ostonov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʼyicha qoʼmita masʼul xodimi B.R.Karimov, tarix fanlari doktori, professor M.А.Rahimov, tarix fanlari nomzodi Sh.E.Ergashev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʼrinbosari M.Quronov, professor J.Shermuhamedova, Islom Karimov nomidagi stipendiya sovrindori N.Neʼmatova, shuningdek “Nuroniy” jamgʼarmasi vakillari va boshqalar ishtirok etdilar.

 

Tadbir ishtirokchilari maʼruzalarida mustaqil Oʼzbekiston davlatining asoschisi, oʼzbek xalqining ulugʼ farzandi – Islom Karimovning serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari, donishmand davlat rahbari sifatida Vatanimizning koʼp asrlik tarixida oʼchmas iz qoldirgani, nafaqat Oʼzbekistonni, balki, butun mintaqani xavfsiz hududga aylantirish, odamlarning tinch va osuda hayot kechirishi uchun ulkan jasorat koʼrsatgan kuchli siyosatchi boʼlganini taʼkidladilar.

 

Tadbir doirasida anjuman ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qoʼydi.

 

 

Farxod Qurbonboyev olgan suratlar